Murodulla mirzaev


Mavzuni mustahkamlash uchun savollar


Download 1.97 Mb.
bet69/95
Sana05.01.2022
Hajmi1.97 Mb.
#220417
1   ...   65   66   67   68   69   70   71   72   ...   95
Bog'liq
O'quv qo'llanma-3

Mavzuni mustahkamlash uchun savollar

1. Sulton Sulaymonning qonuniy deb atalish sababi nimada?

2. Usmoniylar davlati boshqaruv tizimi qanday bo'lgan?

3. Usmoniylar davlat boshqaruvida sulton xaramining o'rni va roli haqida nimalar bilasiz?

4. “Sayohatnoma” asarida asosan nimalar ta'riflangan?


IX Mavzu. XIX ASR IKKINChI YARMI –

XX ASR BOShLARIDA USMONIYLAR DAVLATI
XIX asrning 70-yillarida O'rta yer dengizi havzasi va Yaqin Sharq G'arb mamlakatlari hukmron doiralarining bosqinchilik rejalarida alohida o'rin tutgan. Buyuk Britaniya bu yerlarni XYIII asr ikkinchi yarmidan boshlab o'zlashtira boshlagan va Yaqin Sharq hamda Shimoliy Afrika mamlakatlari allaqachon inglizlar hukmronligidagi bozorga aylanib bo'lgan edi. Angliyaning Gibraltar va Malьtadagi yirik harbiy-dengiz bazalari asosiy savdo yo'llarini nazorat qilish imkoniyatini bergan. Ayniqsa, 1869-yilda Suvaysh kanali ochilgandan keyin Hindiston va Uzoq Sharqqa qulay dengiz yo'li paydo bo'lgan edi.

Mavjud holatning o'ziga xos tomoni shunda ediki, bu mintaqaning aksariyat davlatlari Usmoniylar imperiyasi tarkibiga bo'lgan. Buyuk Britaniyaning Usmoniylar hukumatiga nisbatan monopol ta'siri bu davlatlarda ham o'z mavqeini mustahkamlash imkoniyatini bergan.

XIX asrning 40-50 – yillarida Istanbuldagi ingliz elchisi Usmoniylar sultoniga kuchli ta'sir o'tkazgan edi. Bu Usmoniylarning iqtisodiy va siyosiy qaramligini kuchaytirgan. 1838-yilda imzolangan shartnomaga ko'ra imperiya bozori inglizlar tovarlari uchun ochiq edi. 1884-1885 – yillarda Buyuk Britaniya va Usmoniylar imperiyasi savdo aylanmasi 308 mln., Frantsiya bilan - 158, Rossiya bilan - 40 mln. frankni tashkil etgan. Bu raqamlar qolgan davlatlarga nisbatan Angliya savdo salohiyatining qanchalik yuqori bo'lganligini ko'rsatadi.

Chet davlatlar, ayniqsa Buyuk Britaniya Usmoniylar imperiyasida hukmron mavqeni saqlashga uringan. Ular turli shartnomalar tuzish, bojxona to'lovlarini kamaytirish va boshqa imtiyozlar uchun qattiq kurash olib borgan va bunga ko'p jihatdan erishgan ham. Sulton hukumatining Yevropa banklaridan olgan qarzlari o'sib borgan. 1870-yilda qarzdorlik 200 mln frankni tashkil etgan bo'lib, mamlakat moliyaviy bankrot holatiga kelib qolgan. Shu tariqa Usmoniylar imperiyasi yirik davlatlarga yarim mustamlaka holida qaram bo'la boshlagan.

Bunday qaramlikni mamlakat ichidagi siyosiy tanglik kuchaytirgan. Xalq noroziligi avj olgan. G'alayonlar boshlangan. Sulton hokimiyati chuqur siyosiy va iqtisodiy inqirozga yuz tuta boshlagan. Saltanatning parchalanishi muqarrar tus ola boshlagan. Buni ingliz va boshqa davlatlar diplomatiyasi avvaldan bilgan, shu sabab tashvishga tusha boshlagan. Chunki, qaram mamlakatning parchalanishi boshqa davlatlar ta'sir doirasining oshishiga, hududlarning qo'ldan ketishiga olib kelishi mumkin edi.

Angliyaning bu masaladagi raqiblari Rossiya va Frantsiya hisoblangan. Aynan “rus” xavfi Angliyaning bu borada faol harakat qilishiga turtki bo'lgan. Rossiyaning Suvaysh kanali, Tigr va Yevfrat daryolari vodiysi, hatto Hindistonni bosib olishi mumkinligi vasvasasi inglizlar tomonidan o'ylab topilgan bo'lib, ularga “otni qamchilash” uchun bir bahona edi. Frantsiyaga kelganda, haqiqatan ham bu davlat mazkur mintaqada, ayniqsa O'rta yer dengizi havzasida kuchli harbiy-dengiz eskadrasiga ega bo'lib, iqtisodiy mavqei ham mustahkam edi.

Usmoniylar imperiyasining parchalanishi bilan raqib davlatlar ta'sirining kuchayishi ehtimolidan kelib chiqib, Angliya bunday targ'ibotga yo'l bermagan va “saltanat yaxlitligi” siyosatini olib borgan. Hatto, sulton hukumati bilan birgalikda mamlakat birligiga rahna soluvchi ichki ozodlik g'alayonlarini bostirishda ko'mak ham bergan. Ta'kidlash joizki, Angliya hukumati bir tomondan, demokratiya va qadriyatlar xaloskori sifatida namoyon bo'lsa, ikkinchi tomondan, allaqachon chirib bo'lgan sulton hokimiyatini saqlab qolishda, unga qarshi ko'tarilgan har qanday qo'zg'olonni shafqatsiz bostirishda ishtirok etgan. Muhimi, inglizlar hukumati rahbari Dizraeli xristianlarni turklar istibdodidan ozod qilish haqidagi chaqiriqlarga ham e'tibor bermagan. Angliyaning yagona qo'rquvi - Usmoniylar imperiyasida boshlangan ozodlik harakatining Buyuk Britaniya imperiyasiga yoyilib ketmasligi edi.

Qat'i nazar, Usmoniylar imperiyasi parchalanishi muqarrar tus olgan bo'lib, endi 1875-yildan boshlab yirik davlatlar hukmron doiralari uni o'zaro taqsimlash ustida bosh qotira boshlagan. Xususan, Kipr va Misrni bosib olish rejasi ishlab chiqilgan. Buning yana bir sababi 1875-1878 – yillarda yuz bergan “Sharq inqirozi” edi. Bosniya va Gertsegovinada ko'tarilgan g'alayonlar, butun Bolqonni qamrab olgan ozodlik harakatlari, uning orqasidan boshlangan Rossiya-Turkiya urushi yana bir bor “Evropaning kasal odami”ga (Usmoniylar imperiyasini Yevropada shunday deb atagan) e'tibor qaratishga majbur qilgan. Rossiya-Turkiya urushining sababchilaridan biri ham Angliya bo'lgan. Uning turklarni qo'llab, tinimsiz ravishda ruslarga qarshi gij-gijlashi urushni boshlanishini tezlashtirgan.

1876-yilda Germaniya, Avstro-Vengriya va Rossiya Usmoniylar mamlakati ichida avj olib borayotgan norozilik urushlarini bostirish uchun qo'zg'olonchilar bilan kelishish va ichki islohotlar o'tkazish haqidagi Berlin memorandumini imzolagan, Angliya uni imzolamagan. Inglizlarning fikricha, bunday qadam Usmoniylar obro'siga putur yetkazar edi. Shu yil yozda Usmoniylar tomonidan Bolgariyadagi tartibsizliklar qonli ravishda bostirilganda Angliya hukumati uni “eshitmagani”, “xabari yo'qligi”ni bildirgan. Aksincha, Usmoniylarga qurol sotgan va, hatto, ingliz ofitserlari turklar qo'shinida xizmat ham qilgan.

1877-yilda Rossiya-Turkiya urushi boshlangan. Angliya Usmoniylarga xayrixoh bo'lgani holda, qo'shilmaslik siyosatini olib borgan. 1877-yil 6-mayda Angliya Tashqi ishlar vaziri lord Derbi Rossiyaga nota yuborib, Suvaysh kanalini qamal qilmaslikni, Misrni va Istanbulni bosib olmaslikni, Fors ko'rfaziga qarab yurmaslikni so'rab, ogohlantirgan. Shu tariqa Angliya o'z ta'sir doiralari xaritasini chizib bergan. Bunga javoban Rossiya Tashqi ishlar vaziri Gorchakov Rossiyaning bunday rejalari yo'qligini va bunday maqsad qo'ymaganligini ma'lum qilgan.

Angliyaning o'z manfaatini amalga oshirish va saltanatni qo'ldan chiqarmaslik maqsadida Usmoniylar imperiyasini urushda qo'llab-quvvatlaganini quyidagi faktlardan bilib olsa ham bo'ladi. Rossiya-Turkiya urushi davomida turklarni qo'llash uchun bir marta - 2,5 mln frank, yana bir marta – 6 mln frank miqdorida harbiy mablag' ajratgan. Bunday xatti-harakatlar Rossiyani qo'rqitish va Usmoniylar imperiyasini g'alabaga ruhlantirish, pirovardda, o'z ta'sir doirasini saqlab qolish maqsadida qilingan edi.

Usmoniylar imperiyasi urushda mag'lub bo'lgach, 1878-yilda San-Stefano (Istanbulning Bakirko'y tumanidagi Yeshilko'y degan joyi) da bitim imzolangan. Unga ko'ra Usmoniylar imperiyasini yirik davlatlar orasida taqsimlash rejasi amalga oshirilgan edi. Buni Angliyaning Kiprni bosib olishidan bilsa ham bo'ladi. Qizig'i shundaki, Kipr Angliya tomonidan bosib olingan bo'lishiga qaramasdan, Usmoniylarga avvaldan to'lab kelgan “o'lpon” o'z kuchida qoldirilgan. To'g'ri, bu to'lovlarni Usmoniylar olmagan, ular davlat qarzlarining foizini yopish uchun sarflangan. Shu tariqa inglizlarning Kiprni “Sharq jannati”ga aylantirish haqidagi va'dalari, ingliz amaldorlarining bu o'lkani talon-taroj qilish siyosati bilan almashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, XIX asr oxirida Usmoniylarning chet davlatlarga qaramligi kuchaygan. Angliya va Frantsiyaning bu imperiyaga qarshi bosqinchilik kurashiga Germaniya ham tortilgan. Shuningdek, podsho Rossiyasi ham chetda qolmagan. Bularning barchasi Turkiyaning mustamlaka holiga tushishini tezlashtirgan. Bunga qarshilik ko'rsatish uchun imperiya kuchi qolmagan edi.

Mamlakatning ichki ahvoli o'ta og'ir bo'lib, qishloq xo'jaligi chuqur tushkun holatda, hosildorlik tamoman past edi. Bularning barchasi Usmoniylarning nafaqat tashqi dushmanlarga qarshi kurashini, balki davlat va millat sifatida mavjud bo'lish masalasini ko'ndalang qilib qo'ygan edi.

Qator davlatlarda sodir bo'layotgan inqiloblar Usmoniylar davlatida ham yetilayotgan edi. 1905-yilda boshlangan rus inqilobi Usmoniylar inqirozini yanada chuqurlashtirgan. Har qancha qilib bo'lsa ham inqilobchilarning “Potyomkin” brone tashuvchisini bo'g'ozlarga o'tkazmaslik kerak edi. Rus gazetalarini sotish, turk gazetalarida “rus” atamasini ishlatish taqiqlangan. Biroq rus inqilobi Usmoniylar hayotiga ta'sirini o'tkazmasdan qolmagan. Mamlakatda “yosh turklar” oyoqqa turgan. Turk inqilobchilari xalqni Eron va Rossiyadagi inqiloblar singari harakatga chorlagan. Natijada, 1906-yilda Erzurumda g'alayon ko'tarilgan, sulton hukumati uni bostira olmagan. Albaniya janubida milliy inqilobiy qo'mitalar tuzilgan. 1906-1907 – yillarda qurollangan alban qo'zg'olonchilari harakatlari yanada kengaygan. 1903-yilda Makedoniyada g'alayon ko'tarilgan. Hukumat qo'shini g'alayonni shafqatsizlik bilan bostirgan bo'lsa-da, vaziyat keskinligicha qolgan.

Makedoniya va Usmoniylarga tegishli boshqa viloyatlardagi bu inqilobiy ko'tarilish chekka o'lkalarning qo'ldan ketishi bilan birga, mamlakat ichidagi inqilobiy vaziyatning yetilib borayotganini bildirar edi.

Birinchi jahon urushi arafasida Usmoniylar davlati xalqaro ahvoli og'irlashgan. 1911-1912 – yillarda Italiya bilan bo'lib o'tgan urush natijasida ichki ahvol yana keskinlashgan. 1913-yil yanvarda Anvar poshsho rahbarligidagi oftserlardan iborat “Yosh turklar” davlat to'ntarishi sodir etib, hokimiyatni qo'lga kiritgan. Lozanna tinchlik shartnomasiga ko'ra g'alabaga erishgan Italiya Liviyani qo'lga kiritgan.

Italiya bilan bo'layotgan urush tugab ulgurmasdan, o'sha kuni Birinchi Bolqon urushi boshlangan. Bolgariya, Serbiya, Gretsiya va Chernogoriyadan iborat Bolqon mamlakatlari Ittifoqi bir yarim oy davom etgan bu urushda to'liq g'alaba qozongan. Usmoniylar butun Yevropa yerlaridan ajragan. Vaziyat o'ta og'irligidan Sulton hukumati yirik davlatlarga murojaat qilishga majbur bo'lgan.

1913-yil 30-mayda Londonda Bolqon mamlakatlari ittifoqi bilan imzolangan tinchlik shartnomasiga ko'ra Usmoniylar Istanbul va uning atrofidagi hududlardan tashqari, Yevropadagi barcha yerlaridan ajragan. Ikkinchi Bolqon urushi natijasida Usmoniylar Adrianopolь (Edirne) va uning atrofini qaytarib olishga muvaffaq bo'lgan.

Bolqon urushlari “Yosh turklar”ning milliy siyosati barbod bo'lganini bildirar edi. Yevropadagi turk bo'lmagan xalqlarning o'zini “usmonli” deb hisoblamasligini ham urush ko'rsatib bergan. Ular qanday qilib bo'lsa ham Usmoniylar qaramligidan xalos bo'lish payida bo'lgan. Usmoniylarga nisbatan bunday munosabat saltanatning Osiyo qismiga ham xos edi.

Bularning barchasi Usmoniylarning Birinchi jahon urushiga zaif bir ahvolda kirishiga olib kelgan. Bu ichki va tashqi omillar tufayli yuzaga kelgan. Avvalo, “Yosh turklar”ning ba'zan shovinistik siyosati, demokratiyaga qarshi qattiqqo'lligi, qolaversa, dushman davlatlarning doimiy tazyiqi sabab zaiflikka yuz tutgan.

1913-yilda turklar qo'shini ustidan nazorat qilish vakolati bilan Turkiyaga nemis qurollangan missiyasi kelgan. U juda katta vakolatlarga ega bo'lib, turklar qo'shini ustidan deyarli to'liq nazoratni qo'lga olgan. Birinchi jahon urushi yo Usmonlilarning Antanta davlatlari orasida taqsim bo'lishini, yoki Germaniyaga mustamlaka bo'lishini hal qilib berishi kerak edi. 1914-yil iyulь oyida ro'y bergan inqiroz tufayli urushda ishtirok etuvchi Antanta yoki Uchlar Ittifoqidan qaysi biri turklarning inson hamda tabiiy resurslarini, qulay strategik joylashuvini ustalik bilan ishlata oladi, degan masala turar edi. Bundan ayniqsa Germaniya manfaatdor bo'lgan. Ular shu yo'l bilan Usmoniylarni to'liqligicha o'ziga qaram qilish, urushda uni o'z tomonida turib urushtirish niyatida edi. Antanta davlatlari o'z navbatida Usmoniylarning Germaniya tarafida turib urushishlariga qarshi harakat qilgan. Turklarning urushda xolis pozitsiyani egallashi esa Antanta manfaatiga xizmat qilgan bo'lar edi.

1914-yil 2-avgustda Germaniya bilan Usmoniylar o'rtasida ittifoq haqidagi maxfiy bitim imzolangan. Unga ko'ra agar Avstriya-Serbiya ziddiyatiga Rossiya aralashadigan va agar Germaniya Avstriya-Vengriya tomonida turib urushadigan bo'lsa, Turkiya Rossiyaga qarshi urush e'lon qilishi kerak edi. 1914-yil 29-oktyabrda nemis admirali Vilьgelьm Anton Sushon rahbarligidagi turk-nemis kemalari Sevastopolь va boshqa rus portlariga hujum qilgan.


Download 1.97 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   65   66   67   68   69   70   71   72   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling