U bir kishidan mol va boshqasidan ish o‘laroq foydaga sheriklik shartnomasidir.
Endi “Muxtasari Viqoya”da kelgan matnlarni sharh qilishga o‘taylik
U, avval vadiy’a qo‘yish va ish paytida esa, vakil qilishdir.
Ya’ni, muzorabaning avvalida moli bor shaxs sherigiga uni topshirib qo‘yadi. Sherik molni ishlatishga kirishganda xuddi vakildek holga o‘tadi.
U, foyda ko‘rilsa, shirkatdir. Agar xilof qilinsa, g‘asbdir.
Ya’ni, muzoraba omonat bilan yo‘lga qo‘yilib, ikki taraf foyda ko‘rsa, shirkat bo‘ladi. Agar sherik xilof qilib, foydani bermay yeb ketsa, g‘asb (birovning molini tortib olish) bo‘ladi.
U, agar barcha foyda mol egasiga shart qilinsa, bizo‘adir.
«Bizo‘a» ishchining tekinga ishlab berishidir.
Agar foydaning hammasi ishchiga deb shart qilinsa, qarz bo‘lib qoladi.
Agar fosid bo‘lsa, fosid ijaraga o‘xshab qoladi. Unga foyda bo‘lmaydi. Ish foyda berdimi, yo‘qmi, baribir, unga ishining ajri beriladi.
Fosid ijarada ish haqi berilgani kabi.
Muhammadga xilof o‘laroq, uning ish haqi foydadan shart qilingan miqdordan oshmaydi.
Ya’ni, muzoraba shartnomasida ish bajaruvchiga ma’lum miqdordagi ulush kelishilgan edi. Ammo muzoraba fosid bo‘lgani uchun unga ulush emas, ish haqi beriladigan bo‘ldi. O‘sha ish haqi belgilangan ulush miqdoridan ziyoda bo‘lmasligi lozim. Bu imom Muhammadning gapiga xilofdir. U kishi, ish bajaruvchi ajri mislni oladi, deganlar.
U, fosid muzorabada ham, xuddi sahixdagi kabi, zomin bo‘lmaydi
Ya’ni, muzorabadagi ish bajaruvchi taraf, mabodo, kasodga uchrab zarar tortiladigan bo‘lsa, to‘lab bermaydi yoki to‘lashga sherik ham bo‘lmaydi. Bu Abu Hanifa rahmatullohi alayhining aytganlari.
Imom Abu Yusuf va Muhammad: U ham zararga sherik bo‘ladi, deganlar. Hindoviy, barchalari fosid muzorabada zararni to‘lamaydi, deganlarini keltirgan.
Demak, muzoraba shartnomasini tuzayotganlar kimning fatvosiga amal qilishlarini oldindan kelishib olishlari kerak: Abu Hanifaning gapiga amal qilinadimi yoki boshqalarnikiga.
Muzoraba shirkatga yaraydigan mol bilangina sahih bo‘ladi.
Chunki, muzoraba ham foydadagi sheriklikdir. Avval ham o‘tganidek, shirkat faqat ikki naqd (tillo va kumush), keng tarqalgan pul yoki xom tillo va kumush bilan, agar ikkisi odamlarning taomilida bo‘lsa, to‘g‘ri bo‘ladi.
Shuningdek, muzoraba faqatgina molni ish bajaruvchiga taslim qilish va foyda ikkovlari orasida tarqalishi bilan sahih bo‘ladi.
Cheklanmagan muzorabada ish bajaruvchi naqd va nasiyaga sotishi (odatdan tashqari muddatga sotish bundan mustasno), sotib olishi, sotish va olishga vakil qilishi, safar qilishi va mol egasi va boshqalardan yordam olishi mumkin. Bu bilan (mol egasidan yordam olish bilan), vadiy’aga va garovga qo‘yish, boy yoki kambag‘alga havola qilish bilan muzoraba buzilmaydi.
Ushbu ishlarning barchasini tijoratchilar qilib kelgan. Bularsiz ish yurishmaydi. Shuning uchun, muzorabada ish olib borayotgan kishi ham bularga muhtoj bo‘ladi.
Mol egasining ruxsatisiz qarz bermaydi va olmaydi.
Bu ikki ish savdoga kirmaydi. Balki birovning molini boshqaga berish yoki birovning nomidan boshqaning molini olishdir.
Muzoraba qilmaydi va uning moliga muzorabaning molini aralashtirmaydi. Illo, mol egasining izni yoki «o‘zing bilib qilaver» deyishi bundan mustasno.
Agar o‘shani aytilsa (o‘zing bilib qilaver deyilsa), va u o‘z molidan kiyim (bichtirsa) yoki yuk ko‘tartirsa, xolis xizmat qilgan bo‘ladi. Qizil ranga bo‘yasa xolis xizmat bo‘lmaydi.
Ish bajaruvchi kiyim bichtirganda yoki yuk ko‘tartirganda birovning pulini qarzga ishlatgan bo‘ladi. Uning bunga xaqqi yo‘q. Kiyimni bo‘yatganda esa, matoga o‘z pulidan ziyoda kiritgan bo‘ladi. Agar o‘sha kiyim sotilsa, bo‘yoqning puli ish bajaruvchiga va oq matoning puli muzorabaga bo‘ladi.
Muzorabachi mol egasi tayin qilgan yurt, mato, vaqt va shaxsdan boshqaga o‘ta olmaydi. Agar o‘tadigan bo‘lsa, zomin bo‘ladi va foydani u oladi.
O‘z yurtida ishlayotgan muzorabachining nafaqasi o‘z molidan bo‘ladi. Safarda esa, uning yemoq-ichmog‘i, kiyimi, xodimining ish haqi, kiyimini yuvdirishi, ijaraga olgan yoki sotib olgan markabi va uning yemi o‘rtacha tarzda, muzorabaning molidan bo‘ladi. Ortiqcha harajat qilsa, to‘laydi.
Ertalab ketib, yotgani ahlining huzuriga qaytib kela olmaydigan joyga borish ham safar hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |