O‘yin turlari
Tanishuv o‘yinlari
Har bir guruh bilan olib boriladigan mashg‘ulot qanday maqsadda o‘tkazilishidan qat’iy nazar “tanishish” o‘yini bilan boshlanadi, chunki guruh a’zolari bir-birlarini yaxshiroq bilib olishlari lozim. Ayniqsa, birinchi o‘yindayoq ishtirokchilar faqat ismlarinigina aytish bilan kifoyalanib qolmasdan, o‘zining holati, kayfiyati va hatto harakterini ham ifodalay olsa, bu juda yaxshi samara beradi. Guruh a’zolari bir-birlari bilan muloqotga kirishishlari oson bo‘lishi uchun bir-birlarining ismlarini eslab qolishga yordam beruvchi o‘yin o‘tkazish lozim. “Tanishuv” o‘yini - guruhning barcha a’zolari o‘zlarini har jihatdan qulay, dadil tutishlari, shuningdek, o‘zaro ishonch hosil qilishlari uchun birinchi va eng muhim qadamdir.
Ishchanlik muhitini yaratish bo‘yicha o‘yinlar
Bu xildagi o‘yinlar guruh ishtirokchilariga ma’lum bir muhitda o‘zini qulay his qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga imkon beradi. Bu o‘yinlarda ishtirokchilar bino (xona, maydoncha) bo‘ylab yurishlari, hatto yugurishlari, sakrashlari mumkin. Bundan ko‘zlangan maqsad - ularga o‘yin o‘tkazilayotgan joyning har bir burchagida o‘zini dadil, ishonchli sezishi uchun sharoit yaratib berishdir.
“Kuzatish va eshitish” o‘yinlari
Bu xil o‘yinlar ishtirokchilardan boshqa ishtirokchilarning ko‘rinishi, ularning nimalarni gapirayotgani, nimani his qilayotganligiga (masalan, qayerda yashashi, qachon tug‘ilganligi kabilarga) e’tibor berish talab qilinadi. Ya’ni bu o‘yinlarning qatnashchilari norasmiy sharoitda, norasmiy holatda bir-birlari haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ladilar.
“Ishonchga asoslangan” o‘yinlar
Bunday o‘yinlarning asosiy maqsadi ularning nomlanishidayoq namoyon bo‘ladi. Ular yordamida guruhda o‘zaro ishonchli munosabatlarni shakllantirish mumkin. Bu o‘yinlarni guruh bilan ish boshlagan dastlabki paytda emas, balki boshlovchi va guruh a’zolarida guruhga nisbatan qandaydir ishonch hissi paydo bo‘lishi uchun, keyinroq o‘tkazish ma’qulroq. Bu o‘yinlarda guruh ishtirokchilari o‘rtasida taktil aloqalar bo‘lishi natijasida ular orasida o‘zaro ishonch, ahillik paydo bo‘ladi. Shuningdek, bunday o‘yinlarni o‘tkazish jarayonida ishtirokchilarning bir-birlariga nisbatan o‘zaro mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishi ham namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |