Odamning motivatsion holati, odamning organizm, individ, shaxs
sifatidagi hayotiy faoliyati uchun zarur bo'lgan sharoitlarning psixologik aks
ettirilishi hisoblanadi. Zarur sharoitlarni bunday aks ettirish qiziqishlar, xohish,
istak, intilish va ishtiyoqlar ko'rinishida amalga oshadi.
Qiziqish (lot. “interest” - ahamiyatga ega bo'lish) - predmetlar va
hodisalarga ularning ahamiyati va ahamiyatli vaziyatlarni emotsional
kechinish natijasida tanlovli (tanlab) munosabatda bo'lishdir.
Qiziqishlar shaxsning ustunlik qiluvchi yo'nalganligi bilan belgilanadi.
Shaxsning qiziqishlari uning ma'lum bir ijtimoiy guruhga taalluqliligi bilan
shartlanadi. Odamning qiziqishlari uning ehtiyojlari tizimi bilan belgilanadi, lekin
qiziqishlarning ehtiyoj bilan aloqasi to'g'ridan-to'g'ri emas, gohida u anglanmaydi
ham.
Qiziqish, boshqa barcha psixik holatlar kabi, psixik jarayonlarning
kechishiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi, ularni faollashtiradi. Qiziqishlar ham ehtiyojlar
kabi, mazmuniga ko'ra (moddiy va ma'naviy), kengligiga ko'ra (cheklangan va
har tomonlama) va turg'unligiga ko'ra (qisqa muddatli va turg'un, doimiy)
turlarga bo'linadi. Shuningdek, bevosita va bavosita qiziqishlar ham farqlanadi
(masalan, tergovchining biron bir ashyoviy dalilga nisbatan bo'lgan qiziqishi
bavosita qiziqish bo'ladi, ayni vaqtda jinoyatni butun borligicha ochishga nisbatan
bo'lgan qiziqishi uning bevosita qiziqishi bo'lib hisoblanadi). Qiziqishlar yana
ijobiy va salbiy bo'lishi ham mumkin. Ular nafaqat shaxsni faoliyatga undaydi,
balki ularning o'zi ham shu faoliyatda shakllanishi mumkin.
Odam qiziqishlarining kengligi va chuqurligi uni hayotining to'laqonliligi
bilan belgilanadi. Qiziqishlar doirasining torligi, ularni moddiy ehtiyojlar bilangina
shartlanganligi, to'la qonli qat'iy qiziqishlarning bo'lmasligi, ko'pincha jinoiy
xulqning kelib chiqishiga asos bo'lishi mumkin. Shaxsning xarakteristikasi mazkur
odamning qiziqishlari doirasini aniqlashni ham o'z ichiga oladi.
Odamning qiziqishlari bilan uning xohishi yaqin bog'liqlikka ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |