Dars maqsadi: so‘z turkumlari va ularning tasnifi bo‘yicha talabalarda
bilim hamda ko‘nikmalar hosil qilish.
R e j a:
* So‘z turkumlari haqida ma’lumot.
* Mustaqil so‘zlar.
* Yordamchi so‘zlar.
* Undov, modal, taqlid so‘zlar.
Тopshiriq. Berilgan matndagi so‘zlarni turkumlarga ajrating.
Asal
mijozni tozalaydi, tomir yo‘llarini ravon qiladi, unda ho‘llik va
gazakni shimdiruvchi quvvat bor. U ho‘llik
va gazakni badanning chuqur
yerlaridan tortadi, go‘shtni sasish va buzilishdan saqlaydi, yaralarni bitiradi,
ko‘z xiraligini ketkizadi.
So‘zlar borliqdagi nimani bildirishi (umumiy grammatik ma’nosi) yoki
bildirmasligi, ma’lum so‘roqqa javob bo‘lishi yoki bo‘lmasligiga ko‘ra
mustaqil so‘zlar va yordamchi so‘zlarga bo‘linadi.
Ma’lum bir so‘roqqa javob bo‘lib, atash va umumiy
grammatik ma’noga (masalan, predmet, belgi, miqdor, harakat-
holat kabi) ega bo‘lgan so‘zlar mustaqil so‘zlar sanaladi.
Masalan, gul (nima?), chol (kim?), chiroyli (qanday?), yuztacha
(nechta?), keldi (nima qildi?) kabi.
Ma’lum so‘roqqa javob bermaydigan, atash ma’nosiga ega
bo‘lmagan, faqat grammatik ma’no ifodalovchi, lekin o‘zidan
oldin kelgan so‘zga grammatik shakl sifatida qo‘shilib, u bilan bir
lug‘aviy urg‘u ostida birlashmaydigan so‘zlarga yordamchi
so‘zlar deyiladi. Masalan, ammo, ham, faqat, -chi (ayt-chi), -mi
(siz-mi?) kabi.
Bulardan tashqari, mustaqil so‘zlarga ham, yordamchi so‘zlarga ham
kirmaydigan, ularning har ikkisiga xos belgini o‘zida ma’lum darajada aks
ettiradigan oraliqdagi so‘zlar bor. Bunday so‘zlar undov so‘zlar,
modal
so‘zlar, taqlid so‘zlarni o‘z ichiga oladi.
So‘zlarning umumiy grammatik ma’nolariga ko‘ra ana shunday
guruhlarga bo‘linishi so‘z turkumlari sanaladi.
Shunday qilib, so‘zlar,
eng avvalo, uch guruhga bo‘linadi: 1) mustaqil
so‘zlar; 2) yordamchi so‘zlar; 3) oraliqdagi so‘zlar (undov, modal,
taqlid
so‘zlar). Mustaqil va yordamchi so‘zlar ham o‘z ichida bir necha turlarga
bo‘linadi: Mustaqil so‘zlar: ot, sifat, son, fe’l, ravish, olmosh;
yordamchi
so‘zlar: ko‘makchi, yuklama, bog‘lovchi kabi. So‘zlarning turkumlarga
bo‘linishini quyidagi jadvalda ko‘ring:
Do'stlaringiz bilan baham: