Siz o‘tgan o‘quv yilida «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» predmeti, hozirgi


Download 1.48 Mb.
Pdf ko'rish
bet102/212
Sana16.04.2023
Hajmi1.48 Mb.
#1358770
1   ...   98   99   100   101   102   103   104   105   ...   212
Bog'liq
hozirgi o\'zbek adabiy tili 2

 
 
 
Savol va topshiriqlar  
1. So‘z turkumlari deganda nimani tushunasiz? 
2. So‘zlarning mustaqil va yordamchi so‘zlarga bo‘linishida ularning 
qaysi belgisiga tayaniladi?
3. Oraliqdagi so‘zlarning o‘ziga xos xususiyatini tushuntiring.
 223-mashq. «Ismoil Somoniy maqbarasi» matnini o‘qing. Matnda 
ishtirok etayotgan so‘zlarni turkumlarga ajrating. «Registon maydoni», 
«Bibixonim masjidi», «Oqsaroy», «Ichan qal’a» kabi tarixiy obidalarning 
tasvirlari asosida kichik hikoya tuzing. Ularda ishtirok etayotgan 
so‘zlarning qaysi so‘z turkumlariga kirishi to‘g‘risida fikrlang. 


ISMOIL SOMONIY MAQBARASI 
«Ilm-fanni egallash har bir muslima va muslimga farzdir». Bu da’vat 
ushbu shahardagi madrasa eshigining yuqori qismiga o‘yib bitilgan. 
Buxoro O‘rta Osiyoning ko‘hna shaharlaridan. Bu o‘lkani va unda qad 
ko‘targan dastlabki shaharni aholi qadimda «Bug‘ora», ya’ni «tangri 
jamoli» deb yuritishgan. 
Buxoro ko‘p asrlar davomida O‘rta Osiyoning asosiy shahri bo‘lib keldi. 
Bu esa arxitektura yodgorliklarining nihoyatda ko‘payib ketishiga sabab 
bo‘ldi. Hozir shaharni «muzey shahar» desa arziydi. Bu nomga, butun 
manzaralari saqlangan holda o‘sib borayotgan qurilishlar, inshootlar juda 
mos keladi. Buxoro tarixiy obidalarga juda boy. Bu obidalardan biri Ismoil 
Somoniy maqbarasi hisoblanadi. 
Ismoil Somoniy 849-yilda Farg‘ona shahrida tavallud topgan. 14 
yoshida otasi vafot etib akasi Nasr qo‘lida qolgan. Ismoil Somoniy o‘z 
hokimligining (874—907) dastlabki davrlarida katta qiyinchiliklarga duch 
keladi. 
Ismoil Somoniy o‘z davrining yirik va aqlli davlat arboblaridan bo‘lgan. 
U asosiy diqqat-e’tiborini o‘z davri uchun ilg‘or hisoblanmish 
markazlashgan davlat tizimini joriy etishga qaratdi. Ismoil Somoniy 
shunday bir qudratli markazlashgan davlat barpo qiladiki, bu davlat o‘sha 
vaqtda Sharqda shuhrat topadi. Ismoil Somoniy aqlli, adolatli, shavkatli, fikr 
va tadbir egasi bo‘lgan. Ismoil Somoniy 907-yilda vafot etadi. Тaxtga o‘g‘li 
Ahmad (907—914) o‘tiradi. 
Ismoil Somoniy maqbarasi Somoniylar nomli madaniyat va istirohat 
bog‘ida joylashgan. 
Maqbaraning ichki va tashqi devorlari jimjimador tiniq g‘ishtdan 
qurilgan. O‘sha vaqtlarda koshin bo‘lmagani uchun bino shunday usul bilan 
bezatilgan. Ustalar kvadrat shaklidagi g‘ishtlarni har xil usulda terib devorni 
badiiy jihatdan juda chiroyli qilib bezatganlar. Bu o‘ziga xos naqsh 
maqbaraning tekis devorini juda nafis qilgan. Ertadan kechgacha quyosh 
og‘ishgan sari maqbaraning g‘isht bezaklari ham har xil tusga kirib 
tovlanadi. Oy yorug‘ida, ayniqsa, chiroyli bo‘ladi. Jahon arxitekturasida bu 
usulda bezatilgan birorta boshqa tarixiy yodgorlik yo‘q. Shuning uchun ham 
maqbara jahon ahamiyatiga egadir. Agar bu maqbaraga har tomonlama 
qaraganda yetti xil tovlanadi. 
Maqbaraning to‘rt tomoni bir xilda. Maqbaraning yuqori qismida 
binoning bir tomonidan ikkinchi tomoniga o‘tgan qirq darchali yo‘lak 


mavjud. Bu yo‘lak yodgorlikning chiroyini biroz ochadi va uning vazmin 
gumbazini yengillashtiradi. 
Maqbara kvadrat shaklidagi pishiq g‘ishtdan qurilgan. Devorlari tekis 
bo‘lib, to‘rt tomonidan bittadan ravoqli eshigi bor. Yog‘och xariga 
maqbaraning qurilgan vaqti va boshqa yozuvlar yozilgan, sharq tomoni 
binoning old tomoni hisoblanadi. Maqbara atrofiga g‘ishtdan maydoncha 
qurilgan. Hozir bu yerga sayohatchilar tez-tez kelib turadi. Ismoil Somoniy 
maqbarasini Vatanimizdan tashqari joylarda ham yaxshi biladilar. Maqbara 
kub shaklida bo‘lib, yarimsharsimon qubba bilan yopilgan. Burchaklarida 
to‘rtta kichkina qubba bor. Devori qalin bo‘lganligi tufayli bu yodgorlik 
ming yildan beri yaxshi saqlanib keladi. 
Ismoil Somoniy maqbarasi har tomonlama o‘z zamonasining manfaatlari 
va ruhini aks ettiradi. 
Yozma manbalar va xalq rivoyatlariga qaraganda bu yodgorlik 
somoniylar sulolasi asoschisi Ismoil Somoniyning o‘zi hayot bo‘lganda 
otasining qabri ustiga qurilgan. Keyinchalik o‘zi ham shu yerga dafn 
etilgan. Bu yodgorlik 892 va 907-yillarda qurilgan deb taxmin qilinadi. 

Download 1.48 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   98   99   100   101   102   103   104   105   ...   212




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling