Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘G‘risida
-§. Inventarizatsiyani o‘tkazish tartibi
Download 0.7 Mb. Pdf ko'rish
|
1-сон 07.01.2021. Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida
7-§. Inventarizatsiyani o‘tkazish tartibi
175. Tekshirilayotgan soliq to‘lovchida soliq auditini o‘tkazish jarayonida soliq organlarining mansabdor shaxslari mol-mulkning haqiqatda mavjudligini aniqlash, haqiqatda mavjud mol-mulkni buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bilan qiyoslash, majburiyatlar hisobda to‘g‘ri aks ettirilganligi yuzasidan inventarizatsiya tayinlash va o‘tkazish huquqiga ega. 176. Joylashgan joyi va barcha turdagi moliyaviy majburiyatlaridan qat’i nazar, soliq to‘lovchining barcha mol-mulki inventarizatsiya qilinishi kerak. Shuningdek, ishlab chiqarish zaxiralari va soliq to‘lovchiga qarashli bo‘lmagan, biroq buxgalteriya hisobida qayd etilgan (mas’uliyatli saqlashda bo‘lgan, ijaraga olingan, qayta ishlash uchun olingan) boshqa turdagi mol- mulk, shuningdek, biror-bir sababga ko‘ra hisobga olinmagan mol-mulk inventarizatsiya qilinishi lozim. Oldingi tahrirga qarang. 177. Inventarizatsiyani o‘tkazish uchun soliq organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) ushbu Nizomga 23-ilovaga muvofiq shaklda buyruq chiqaradi, unda uni amalga oshirish uchun asoslar va maxsus inventarizatsiya komissiyasining tarkibi, shu jumladan, soliq organlarining mansabdor shaxslari, jalb qilingan mutaxassislar va soliq to‘lovchining ishchi-xodimlari (kelishilgan xolda) ko‘rsatiladi. (177-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-maydagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son) 178. Maxsus inventarizatsiya komissiyasi a’zolari quyidagilar uchun javobgar: a) inventarizatsiyani o‘z vaqtida o‘tkazish va uni o‘tkazish tartibiga rioya qilishga; b) hisob-kitoblarda tekshirilayotgan asosiy vositalar, tovar-moddiy boyliklar, pul mablag‘lari va vositalarning haqiqatdagi qoldiqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ro‘yxatga to‘liq va aniq qayd etilishiga; v) tovar-moddiy boyliklarning ular narxi belgilanadigan farqlovchi belgilari (turi, navi, rusumi, hajmi, preyskurant bo‘yicha tartib raqami, artikuli va h.k.) ro‘yxatda to‘g‘ri ko‘rsatilishiga; g) belgilangan tartibga muvofiq inventarizatsiya materiallari to‘g‘ri va o‘z vaqtida rasmiylashtirilishiga. Mol-mulkning haqiqatda mavjudligini tekshirishni boshlashdan oldin inventarizatsiya komissiyasi inventarizatsiya paytidagi eng so‘nggi kirim-chiqim hujjatlarini yoki moddiy vositalar va pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotlarni olishi kerak. Soliq to‘lovchining mansabdor shaxsi hisobotlarga ilova qilingan barcha kirim-chiqim hujjatlariga “inventarizatsiyagacha ...da (sana)” deb ko‘rsatgan holda viza qo‘yadi, bu esa hisob ma’lumotlari bo‘yicha inventarizatsiyani boshlash paytida mol-mulk qoldiqlarini aniqlash uchun asos bo‘lib xizmat qilishi lozim. Soliq to‘lovchining moddiy javobgar shaxslari inventarizatsiya boshlanishiga qadar mol-mulkka doir barcha kirim-chiqim hujjatlari buxgalteriya yoki komissiyaga topshirilgani va ular javobgarligiga olingan barcha boyliklar kirim qilingani, chiqib ketganlari esa chiqimga hisobdan o‘chirilgani to‘g‘risida tilxat beradilar. Mol-mulkni sotib olishga hisobot beriladigan summalari yoki uni olish uchun ishonchnomalari bo‘lgan shaxslar ham shunday tilxat beradilar. 179. Agar mol-mulkni inventarizatsiya qilish bir necha kun mobaynida o‘tkazilsa, moddiy boyliklar saqlanayotgan xona maxsus inventarizatsiya komissiyasi ketayotganida muhrlanishi kerak. Maxsus inventarizatsiya komissiyalari ishida tanaffus bo‘lganda (tushlik vaqti, tunda, boshqa sabablarga ko‘ra) ro‘yxatlar inventarizatsiya o‘tkazilayotgan yopiq xonadagi yashikda (javon, seyfda) saqlanishi shart. 180. Tovar-moddiy boyliklarning haqiqatda mavjudligini tekshirishga kirishishdan oldin maxsus inventarizatsiya komissiyasi: yordamchi binolar, yerto‘lalar va boyliklar saqlanadigan, alohida kirish-chiqish eshiklari bo‘lgan boshqa joylarni plombalashi; og‘irlikni o‘lchaydigan barcha asboblar sozlanganini tekshirishi va ularni tamg‘alashning belgilangan muddatlariga rioya qilishi shart. 181. To‘satdan o‘tkaziladigan inventarizatsiyada barcha tovar-moddiy boyliklar maxsus inventarizatsiya komissiyasi hozirligida, qolgan hollarda esa — oldindan tayyorlab qo‘yiladi. Boyliklar guruhlarga bo‘linishi, navlarga ajratilishi va ular miqdorini sanash uchun qulay bo‘lgan ma’lum tartibda nomlari, navlari, hajmlari bo‘yicha joylashtirilishi kerak. 182. Asosiy vositalar, xomashyo, materiallar, tayyor mahsulot, tovarlar, pul mablag‘lari va boshqa boyliklarni inventarizatsiya qilish ularning har bir joylashgan joyi va ana shu boyliklarni saqlayotgan javobgar shaxs bo‘yicha o‘tkaziladi. Haqiqatdagi qoldiqlarni tekshirish soliq to‘lovchining moddiy javobgar shaxslarining (kassirlar, xo‘jalik, savdo korxonasi, omborxona, tayyorlov punkti va hokazolar mudirlari) albatta ishtirok etishi bilan amalga oshiriladi. Inventarizatsiya paytida boyliklarning mavjudligi albatta sanash, tarozida tortish, o‘lchash yo‘li bilan aniqlanadi. Etkazib beruvchining ochilmagan o‘ramida saqlanayotgan materiallar va tovarlar bo‘yicha ushbu boyliklar miqdori, istisno tariqasida, hujjatlar asosida, ushbu boyliklar bir qismini albatta naturada (tanlab olib) tekshirish bilan aniqlanishi mumkin. Qoplanmagan mahsulotlar og‘irligi (yoki hajmi)ni o‘lchash va texnik hisob-kitoblar asosida aniqlashga yo‘l qo‘yiladi; o‘lchash dalolatnomalari va hisob-kitoblar ro‘yxatga ilova qilinadi. Tarozida tortiladigan ko‘p miqdordagi tovarlarni inventarizatsiya qilish tarozida tortish qaydnomalarini ishchi inventarizatsiya komissiyasining a’zolaridan biri va moddiy javobgar shaxs yuritadi. Ish kuni oxirida (yoki tarozida tortish tugagach) ana shu qaydnomalar ma’lumotlari solishtiriladi va chiqarilgan yakun inventarizatsiya ro‘yxatiga qayd etiladi. Tarozida tortish qaydnomalari ro‘yxatga ilova qilinadi. 183. Inventarizatsiya qilinadigan boyliklar va obyektlarning nomlari va ularning miqdori ro‘yxatlarda nomenklatura bo‘yicha va hisobda qabul qilingan o‘lchov birliklarida ko‘rsatiladi. 184. Ro‘yxatlarga maxsus inventarizatsiya komissiyasining barcha a’zolari va moddiy javobgar shaxslar imzo chekadilar. Ro‘yxat oxirida moddiy javobgar shaxslar komissiya boyliklarni ularning hozirligida tekshirganini, komissiya a’zolariga nisbatan hech qanday da’volar yo‘qligi va ro‘yxatda sanalgan boyliklar mas’uliyatli saqlashga qabul qilinganini tasdiqlaydigan tilxatga imzo chekadilar. Boyliklarning haqiqatda mavjudligini tekshirish paytida moddiy javobgar shaxslar o‘zgargan taqdirda boyliklarni qabul qilgan shaxs inventarizatsiya ro‘yxatlariga ularni olganligi, topshirgan shaxslar esa ularni topshirganligi xususida imzo chekadilar. Xo‘jalikka tegishli bo‘lmagan, biroq unda joylashgan boyliklarga alohida ro‘yxatlar tuziladi. 185. Inventarizatsiya ro‘yxatlari texnik vositalar, axborot tizimi va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda hamda qo‘lda to‘ldirilishi mumkin. 186. Maxsus inventarzatsiya komissiyasi tovar-moddiy boyliklarni inventarizatsiya qilish bilan bir vaqtda xo‘jalik yurituvchi subyektning buxgalteriyasi tegishli barcha schyotlar bo‘yicha yozuvlarni korrespondensiyalanuvchi schyotlar bilan qiyoslagan holda tekshirishi kerak. Masalan, asosiy vositalar bo‘yicha (kapital mablag‘larning tegishli schyotlari bilan solishtirilgan holda) foydalanishga qabul qilingan barcha obyektlar hisobga olingan-olinmagani; tovar-moddiy boyliklar bo‘yicha — barcha kelib tushgan boyliklar kirim qilingan-qilinmagani, chiqib ketganlari esa hisobdan o‘chirilgani va unda aks ettirilgani, tugallanmagan ishlab chiqarish bo‘yicha — barcha xarajatlar chiqarilgan mahsulotga hisobdan o‘chirilgan-o‘chirilmagani va hokazolar aniqlanishi zarur. 187. Asosiy vositalarni inventarizatsiya qilishdan o‘tkazayotganda komissiya majburiy tartibda obyektlarni naturada ko‘zdan kechiradi va inventarizatsiya ro‘yxatlariga ularning to‘liq nomi, vazifasi, inventar raqamlari va asosiy texnik yoki foydalanish ko‘rsatkichlarini qayd etadi. Hisobga qabul qilinmagan obyektlar, shuningdek, hisob registrlarida ularni tavsiflaydigan ma’lumotlar bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilgan obyektlar aniqlangan taqdirda, komissiya inventarizatsiya ro‘yxatiga ana shu obyektlar bo‘yicha yetishmaydigan yoki to‘g‘ri ma’lumotlarni va texnik ko‘rsatkichlarni kiritishi kerak, masalan: binolar bo‘yicha — ularning vazifasi, ularni qurishda ishlatilgan asosiy materiallar, hajmi (tashqi yoki ichki tomondan o‘lchab), maydoni (umumiy foydali maydoni), qavatlar soni (yerto‘la, yarim yerto‘la va hokazolarsiz), qurilgan yili va hokazolar; kanallar bo‘yicha — uzunligi, chuqurligi va eni (tubi va yuzasi bo‘yicha), sun’iy inshootlar, tubi va yonlarini mahkamlash materiallari, ko‘priklar bo‘yicha — joylashgan joyi, materiallar turi va asosiy o‘lchamlari; yo‘llar bo‘yicha — yo‘l turi (tosh yo‘l, profilli yo‘l), uzunligi, qoplash materiallari va mashina qatnaydigan eni va hokazolar ko‘rsatilishi kerak. Inventarizatsiyada aniqlangan hisobga olinmagan obyektlarni baholash joriy qiymat bo‘yicha o‘tkazilishi, eskirish esa obyektlarning haqiqiy texnik holati bo‘yicha belgilanishi, bunda baholash va eskirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishli dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi kerak. Maxsus inventarizatsiya komissiyasi inventarizatsiya vaqtida aniqlangan hisobga olinmagan obyektlar qachon va kimning farmoyishi bilan barpo etilganini, ularni barpo etish xarajatlari hisobdan chiqarilganini aniqlashi va buni bayonnomada aks ettirishi shart. Asosiy vositalar ro‘yxatga obyektning asosiy vazifasiga muvofiq nomlari bo‘yicha qayd etiladi. Agar obyekt tiklangan, ta’mirlangan, kengaytirilgan yoki qayta jihozlangan va buning oqibatida uning asosiy vazifasi o‘zgargan bo‘lsa, u ro‘yxatga yangi vazifasiga muvofiq keladigan nom bilan kiritiladi. Agar maxsus inventarizatsiya komissiyasi kapital tusda qilingan ishlar (qavat qurish, yangi xonalar qurish va hokazolar) yoki imorat va inshootlarni qisman tugatish (ayrim konstruktiv unsurlarni buzish) buxgalteriya hisobida aks ettirilmagan deb topsa, u tegishli hujjatlar bo‘yicha obyekt dastlabki qiymatining ko‘payish yoki kamayish summasini aniqlashi va ro‘yxatda qilingan o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keltirishi kerak. 188. Mashinalar, uskunalar va kuch qurilmalari inventarizatsiya ro‘yxatlariga yakka tartibda, inventar raqami, tayyorlagan zavodi, chiqarilgan yili, vazifasi, quvvatlari va hokazolar ko‘rsatilgan holda kiritiladi. Bir vaqtda bir sex yoki bo‘limga joylashtirilgan va guruh hisobining namunaviy inventar varaqchasida qayd etiladigan bir xil qiymatdagi xo‘jalik anjomlari, asboblar, dastgohlar va hokazo bir turdagi buyumlar inventarizatsiya ro‘yxatlarida nomlari bo‘yicha keltirilib, ushbu buyumlar miqdori ko‘rsatiladi. Asosiy vositalarning inventar obyektlariga berilgan raqamlar, qoidaga ko‘ra, o‘zgarmasligi kerak. Obyektlar o‘zlarining texnik-ishlab chiqarish vazifasiga ko‘ra kiritilishi kerak bo‘lgan asosiy vositalar guruhidan boshqa guruhga xato ravishda kiritilgan hollarda, shuningdek, noto‘g‘ri raqam qo‘yilganligi aniqlangan hollarda raqamlar o‘zgartirilishi mumkin. 189. Foydalanishga yaroqsiz va tiklab bo‘lmaydigan asosiy vositalar inventarizatsiya ro‘yxatiga kiritilmaydi. Ana shu obyektlarga inventarizatsiya komissiyasi alohida ro‘yxat tuzib, ularni foydalanishga topshirish vaqti va ushbu obyektlarni yaroqsiz holga keltirgan sabablar (shikastlanish, to‘liq eskirish va hokazolar) ko‘rsatiladi. Bunday obyektlarni hisobdan chiqarish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 190. O‘zining asosiy vositalarini inventarizatsiya qilish bilan bir qatorda ijaraga olingan va mas’uliyatli saqlashda bo‘lgan asosiy vositalar ham tekshiriladi. Ko‘rsatilgan obyektlar bo‘yicha alohida ro‘yxat tuziladi, unda ana shu obyektlar mas’uliyatli saqlash yoki ijaraga qabul qilinganligini tasdiqlaydigan hujjatlarga havola beriladi. 191. Nomoddiy aktivlarni inventarizatsiya qilishda quyidagilar tekshirilishi zarur: soliq to‘lovchining ulardan foydalanishga doir huquqlarini tasdiqlaydigan hujjatlarning mavjudligi; nomoddiy aktivlar balansda to‘g‘ri va o‘z vaqtida aks ettirilganligi. 192. Moliyaviy qo‘yilmalarni inventarizatsiya qilishda qimmatli qog‘ozlarga doir haqiqatdagi xarajatlar va boshqa soliq to‘lovchining ustav kapitallari, shuningdek, boshqa soliq to‘lovchilarga berilgan qarzlar tekshiriladi. 193. Qimmatli qog‘ozlarning haqiqatda mavjudligi tekshirilganda quyidagilar aniqlanadi: qimmatli qog‘ozlar to‘g‘ri rasmiylashtirilgani; qimmatli qog‘ozlar butligi; qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha olingan daromadlarning buxgalteriya hisobida o‘z vaqtida va to‘liq aks ettirilishi. 194. Soliq to‘lovchida qimmatli qog‘ozlar saqlanganida ularni inventarizatsiya qilish kassadagi pul mablag‘larini inventarizatsiya qilish bilan bir vaqtda o‘tkaziladi. 195. Qimmatli qog‘ozlarni inventarizatsiya qilish alohida emitentlar bo‘yicha o‘tkazilib, dalolatnomada nomi, seriyasi, raqami, nominal va haqiqiy qiymati, uzish muddatlari va umumiy summasi ko‘rsatiladi. 196. Maxsus tashkilotlarga (depozitariy bank — qimmatli qog‘ozlarni saqlaydigan maxsus joy va h.k.) saqlash uchun topshirilgan qimmatli qog‘ozlarni inventarizatsiya qilish soliq to‘lovchining buxgalteriya hisobida tegishli schyotlarida qayd etilgan summalar qoldiqlarini ushbu maxsus tashkilotlar ko‘chirmalari ma’lumotlari bilan solishtirishdan iborat bo‘ladi. 197. Boshqa tashkilotlarning ustav kapitallariga moliyaviy qo‘yilmalar, shuningdek, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga berilgan qarzlar inventarizatsiya paytida hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak. 198. Tovar-moddiy boyliklarni inventarizatsiya qilish, qoidaga ko‘ra, mazkur xonada boyliklarning joylashish tartibida bajarilishi kerak. Inventarizatsiya vaqtida bir turdagi tovar-moddiy boyliklardan boshqasiga tartibsiz o‘tishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Tovar-moddiy boyliklar turli alohida xonalarda bitta moddiy javobgar shaxsda saqlanganda inventarizatsiya qilish saqlash joylari bo‘yicha ketma-ketlikda o‘tkaziladi. Boyliklar tekshirilganidan keyin xona eshigi plombalanadi va komissiya ishlash uchun keyingi xonaga o‘tadi. 199. Tovar-moddiy boyliklar inventarizatsiya ro‘yxatiga har bir nom bo‘yicha kiritiladi, bunda nomenklatura raqami, turi, guruhi, artikuli, navi va miqdori ko‘rsatiladi. 200. Maxsus inventarizatsiya komissiyasi raisi yoki uning topshirig‘iga ko‘ra komissiya a’zolari ombor (omborxona) mudiri va boshqa moddiy javobgar shaxslar hozirligida tovar-moddiy boyliklarning haqiqatda mavjudligini ularni albatta sanash, tarozida tortish yoki qayta o‘lchash yo‘li bilan tekshiradilar. Ro‘yxatlarga boyliklar qoldig‘i haqidagi ma’lumotlarni moddiy javobgar shaxslar og‘zidan yoki haqiqatda mavjudligini tekshirmasdan turib hisob ma’lumotlari bo‘yicha qayd etish qat’iyan taqiqlanadi. 201. Inventarizatsiya vaqtida olinadigan tovar-moddiy boyliklar moddiy javobgar shaxslar tomonidan inventarizatsiya komissiyasi a’zolari hozirligida qabul qilinadi va inventarizatsiyadan so‘ng reyestr yoki tovar hisoboti bo‘yicha kirim qilinadi. Ushbu tovar-moddiy boyliklar “Inventarizatsiya paytida tushgan tovar-moddiy boyliklar” nomi bilan alohida ro‘yxatga kiritiladi. Ro‘yxatda ular qachon, kimdan tushgani, kirim hujjatining sanasi va raqami, nomi, miqdori, narxi va summasi ko‘rsatiladi. Ayni vaqtda kirim hujjatida inventarizatsiya komissiyasi raisining imzosi bilan ana shu boyliklar qayd etilgan ro‘yxat sanasiga havola qilgan holda “inventarizatsiyadan so‘ng” belgisi qo‘yiladi. 202. Inventarizatsiya uzoq vaqt o‘tkazilgan taqdirda favqulodda hollarda va faqat xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbari va bosh buxgalterining yozma ruxsati bilan inventarizatsiya jarayonida tovar-moddiy boyliklar moddiy javobgar shaxslarga inventarizatsiya komissiyasi a’zolari hozirligida berilishi mumkin. Ushbu boyliklar “Inventarizatsiya paytida berilgan tovar-moddiy boyliklar” deb nomlangan alohida inventar ro‘yxatiga kiritiladi. Bu yozuv inventarizatsiya paytida tushgan tovar-moddiy boyliklarga oid hujjatlarga o‘xshab rasmiylashtirilishi kerak. Chiqim hujjatlarida inventarizatsiya komissiyasi raisining imzosi bilan belgi qo‘yiladi. 203. Boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tegishli bo‘lgan va mas’uliyatli saqlanishda bo‘lgan tovar- moddiy boyliklar o‘zining tovar-moddiy boyliklari bilan bir vaqtda inventarizatsiya qilinadi. Ana shu boyliklarga alohida inventarizatsiya ro‘yxati tuziladi, unda ushbu boyliklarni mas’uliyatli saqlashga qabul qilingani tasdiqlanadigan tegishli hujjatlarga havola beriladi. 204. Yo‘lda bo‘lgan, yuklab jo‘natilgan, xaridorlar tomonidan haqi muddatida to‘lanmagan, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar omborlarida bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarni inventarizatsiya qilish tegishli schyotlarda ko‘rsatilgan summalarning asosliligini sinchiklab tekshirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu tovar-moddiy boyliklarni (yo‘ldagi, yuklab jo‘natilgan va hokazo tovarlar) hisobga olish schyotlarida tegishlicha rasmiylashtirilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan summalargina qolishi mumkin: yo‘lda bo‘lganlari bo‘yicha — tovar yetkazib beruvchilarning schyot — to‘lov talabnomalari yoki ularning o‘rnini bosadigan hujjatlar bilan; yuklab jo‘natilganlari bo‘yicha — xaridorlar taqdim etgan hisobvaraq-fakturalar nusxalari va to‘lov talabnomalari nusxalari bilan; to‘lash muddati o‘tgan hujjatlar bo‘yicha esa — bank muassasasining kartotekalarda to‘lov talabnomalari mavjudligini albatta tasdiqlashi bilan; boshqa tashkilotlarning omborlarida joylashganlari bo‘yicha — inventarizatsiya qilish sanasiga yaqin bo‘lgan sanaga qayta rasmiylashtirilgan saqlangan tilxatlar bilan; bitta shahardagi tovar yetkazib beruvchilarning omborlarida bo‘lganlari bo‘yicha — inventarizatsiya qilishni o‘tkazish sanasida qayta rasmiylashtirilgan saqlangan tilxatlar bilan. Ushbu schyotlar (talabnomalar) boshqa korrespondensiyalanuvchi schyotlar bilan oldindan solishtirilishi kerak. 205. Yo‘lda bo‘lgan, yuklab jo‘natilgan, xaridorlar tomonidan muddatida to‘lanmagan va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning omborlarida bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarga alohida-alohida inventarizatsiya ro‘yxatlari (dalolatnomalar) tuziladi. Yo‘lda bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarga doir ro‘yxatlarda har bir jo‘natma bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar keltiriladi: nomi (hujjat bo‘yicha), miqdori va qiymati (hisob ma’lumotlariga binoan), yuklab jo‘natish sanasi, shuningdek, ushbu boyliklar tegishli schyotlarda hisobga olinishiga asos bo‘lgan hujjatlarning ro‘yxati va raqamlari. Bunda belgilangan muddatda tushmagan hamda hisobda yo‘ldagi materiallar va tovarlar sifatida qayd etilgan yuklar bo‘yicha ularni qidirib topish uchun qanday choralar ko‘rilganligini tekshirish zarur. 206. Yuklab jo‘natilgan va xaridorlar haqini muddatida to‘lamagan tovar-moddiy boyliklarga doir ro‘yxatlarda har bir alohida jo‘natma bo‘yicha xaridorning nomi, tovar-moddiy boyliklarning nomi, yuklab jo‘natish sanasi, hisobvaraq-faktura yozilgan sana, hisobvaraq-fakturaning raqami va hisobvaraq-fakturaga doir summa keltiriladi. 207. Xo‘jalik yurituvchi boshqa subyektlarning omborlarida saqlanayotgan tovar-moddiy boyliklar ro‘yxatlarga ushbu boyliklar mas’uliyatli saqlashga topshirilganligini tasdiqlaydigan hujjatlar asosida kiritiladi. Ushbu boyliklarga doir ro‘yxatlarda ularning nomi, miqdori, navi, haqiqatdagi qiymati (hisob hujjatlari bo‘yicha), yukni saqlashga qabul qilish sanasi, saqlash joyi, hujjatlarning raqamlari va sanasi ko‘rsatiladi. Ushbu boyliklar mas’uliyatli saqlanishida bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlardan inventarizatsiya ro‘yxatlarining nusxalari olinganda komissiya boyliklarning haqiqatda mavjudligini (inventarizatsiya ro‘yxatlari nusxalarining ma’lumotlari asosida) hujjatlarga binoan belgilangan miqdor bilan taqqoslaydi. 208. Boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarda qayta ishlashda bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarga doir ro‘yxatlarda qayta ishlovchi korxonaning nomi, boyliklar nomi, miqdori, hisob ma’lumotlari bo‘yicha haqiqiy qiymati, boyliklarni qayta ishlashga berish sanasi, hujjatlarning raqamlari va sanasi ko‘rsatiladi. 209. Foydalanishda bo‘lgan arzon baholi va tez eskiruvchan buyumlar ular joylashgan joy va mas’uliyatli saqlanishida bo‘lgan shaxslar bo‘yicha inventarizatsiya qilinadi. Inventarizatsiya qilish har bir buyumni ko‘zdan kechirish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Inventarizatsiya ro‘yxatlariga arzon baholi va tez eskiruvchan buyumlar buxgalteriya hisobida qabul qilingan nomenklaturaga muvofiq nomlari bo‘yicha kiritiladi. Shaxsan foydalanish uchun xodimlarga berilgan arzon baho va tez eskiruvchan buyumlar inventarizatsiya qilinganda guruhli inventarizatsiya ro‘yxatlarini tuzishga yo‘l qo‘yiladi, ularda ushbu buyumlar uchun mas’ul bo‘lgan, ularga shaxsiy varaqchalar ochilgan shaxslar ko‘rsatilib, ro‘yxatlarda tilxatga imzo chektiriladi. Ro‘yxatlarda buyumlarning dastlabki qiymati ko‘rsatiladi. Yuvish va tuzatishga yuborilgan maxsus kiyim (korjoma) va sochiq-dasturxonlar inventarizatsiya ro‘yxatiga maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalarining qaydnoma-yukxatlari yoki kvitansiyalari asosida yozilishi kerak. Yaroqsiz holga kelgan va hisobdan o‘chirilmagan arzonbaho va tez eskiruvchan buyumlarga ishchi inventarizatsiya komissiyasi tomonidan belgilangan shaklda dalolatnomalar tuzilib, foydalanish vaqti, yaroqsiz bo‘lish sabablari, ushbu buyumlardan xo‘jalik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlari ko‘rsatiladi. 210. Idish ro‘yxatlarga turlari, maqsadli vazifasi va sifat holatiga (yangi, ishlatilgan, tuzatishni taqozo etadigan va h.k.) binoan kiritiladi. Tekshirish oldidan bo‘sh idish (tara) turlari bo‘yicha tanlanishi kerak, ya’ni: yog‘och idishlar (yashiklar, bochkalar); karton idishlar; metall idishlar (flyagalar, barabanlar); to‘qimachilik idishlari (qoplar). Yaroqsiz holga kelgan idishlarga ishchi inventarizatsiya komissiyasi tomonidan dalolatnoma tuzilib, sabablari va idish uchun mas’ul shaxslar ko‘rsatiladi. 211. Tugallanmagan ishlab chiqarishni inventarizatsiya qilish uning hajmlari va haqiqiy tannarxini Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi to‘g‘risidagi nizom bilan belgilangan tartibga va uning asosida ishlab chiqilgan tarmoq yo‘riqnomalariga muvofiq belgilashni taqozo etadi. 212. Inventarizatsiya boshlanishidan oldin sexlar uchun zarur bo‘lmagan barcha metallar, xarid qilingan detallar, shuningdek, ishlov berilishi mazkur bosqichda tugallangan barcha detallar, uzellar va agregatlar omborlarga topshirilishi lozim. Sexlarda bo‘lgan tugallanmagan ishlab chiqarish zaxiralari va yarim tayyor mahsulotlar ularning miqdorini to‘g‘ri va qulay usulda sanashni ta’minlaydigan tartibga keltirilishi kerak. 213. Tugallanmagan ishlab chiqarish zaxiralari (detallar, uzellar, agregatlar) qoldig‘ini tekshirish amalda sanash, tarozida tortish, o‘lchash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Ro‘yxatlar: har bir sex (uchastka, bo‘lim) bo‘yicha — zaxiralar nomi, ularning tayyorlik bosqichi yoki darajasi, miqdori yoki hajmini ko‘rsatib; qurilish-montaj ishlari bo‘yicha — ularga doir hisob-kitoblar ularga doir ishlar to‘la tugallanganidan keyin, oraliq to‘lovlarsiz amalga oshiriladigan tugallanmagan korxonalar, ularning navbatlari, obyektlari, ishga tushiriladigan majmualar bo‘yicha ishlar hajmini ko‘rsatib konstruktiv elementlar va ish turlarining tugallanmagan qismlari bo‘yicha tuziladi. Ish joylarida bo‘lgan, ishlov berilmagan xomashyo, materiallar va xarid qilinadigan yarim tayyor mahsulotlar tugallanmagan ishlab chiqarish ro‘yxatiga kiritilmaydi, balki alohida inventarizatsiya qilinadi va alohida ro‘yxatlarda qayd etiladi. Uzil-kesil brak qilingan detallar tugallanmagan ishlab chiqarish tarkibiga kiritilmaydi. 214. Bir xildagi massa bo‘lmagan yoki aralashma bo‘lgan (tegishli sanoat tarmoqlarida) tugallanmagan ishlab chiqarish bo‘yicha inventarizatsiya ro‘yxatlarida, shuningdek, solishtirish qaydnomalarida ikkita miqdoriy ko‘rsatkich keltiriladi: ana shu massa yoki aralashma miqdori va uning tarkibiga kiradigan xomashyo yoxud materiallar (alohida nomlar bo‘yicha) miqdori. Xom ashyo yoki materiallar miqdori texnik hisob-kitoblar bilan tarmoq yo‘riqnomalarida belgilangan tartibda belgilanadi. 215. Tugallanmagan kapital qurilishning mavjudligi va hajmi inventarizatsiya paytida uning to‘langan qismini naturada tekshirish yo‘li bilan belgilanadi. Inventarizatsiya dalolatnomalarida obyekt nomi va ana shu obyektga doir bajarilgan ishlar hajmi har bir alohida ish turi, konstruktiv unsurlar, uskunalar va hokazolar bo‘yicha ko‘rsatiladi. Inventarizatsiya komissiyasi quyidagilarni: tugallanmagan kapital qurilish tarkibida montajga berilgan, biroq haqiqatda montaji boshlanmagan uskuna bor-yo‘qligini; konservatsiyalangan va vaqtincha qurilishi to‘xtatilgan obyektlarning holatini tekshirishi kerak. Ana shu obyektlar bo‘yicha, xususan, ularni konservatsiyalash uchun sabablar va asosni aniqlash zarur. 216. Qabul qilinishi va foydalanishga topshirilishi tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtirilmagan, qurilishi tugallangan, to‘liq yoki qisman amalda foydalanishga topshirilgan obyektlarga alohida dalolatnomalar tuziladi. Tugallangan, biroq nimagadir foydalanishga topshirilmagan obyektlarga ham alohida dalolatnomalar tuziladi. Dalolatnomalarda ko‘rsatilgan obyektlarni foydalanishga topshirishni rasmiylashtirish nimaga cho‘zilganligi sabablarini ham ko‘rsatish lozim. 217. Qurilishi tugallangan obyektlarga, shuningdek, amalga oshirilmagan, balansdan o‘chirilishi kerak bo‘lgan qurilish bo‘yicha loyihalash-tadqiqot ishlariga dalolatnomalar tuziladi, ularda qurilishni to‘xtatish sabablari ko‘rsatilgan holda bajarilgan ishlar xususiyati va ularning qiymati to‘g‘risida ma’lumotlar keltiriladi. Buning uchun tegishli texnik hujjatlar, ishlar, bosqichlarni topshirish dalolatnomalaridan, qurilish obyektlarida bajarilgan ishlarni hisobga olish jurnallari va boshqa hujjatlardan foydalanilishi kerak. 218. Binolar, inshootlar, mashinalar, uskunalar, energetik qurilmalar va boshqa obyektlarning tugallanmagan kapital ta’mirlarini inventarizatsiya qilish naturada ishlar holatini tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Tugallanmagan kapital ta’mirga dalolatnoma tuziladi, unda ta’mirlanayotgan obyekt nomi, ishlar nomi va bajarish foizi, bajarilgan ishlarning smetadagi va haqiqiy qiymatlari ko‘rsatiladi. 219. Hayvonlar va yosh hayvonlarni inventarizatsiya qilish vaqtida katta yoshli mahsuldor va ish hayvonlari inventarizatsiya ro‘yxatlarida qayd etiladi, ularda: hayvonning raqami (birka, tamg‘asi), hayvonning laqabi, tug‘ilgan yili, nasli, semizligi, hayvonning tirik vazni (og‘irligi) (vazni (og‘irligi) ko‘rsatilmaydigan otlar, tuyalar, xachirlar, bug‘ulardan tashqari) va dastlabki qiymati ko‘rsatiladi. Hayvonning nasli uni bonitirovkalash ma’lumotlari asosida ko‘rsatiladi. Qoramol, ish hayvoni, cho‘chqalar (urg‘ochi cho‘chqa va erkak cho‘chqalar), qo‘y va boshqa hayvonlarning alohida qimmatli nusxalari (nasldor o‘zagi) ro‘yxatlarga yakka tartibda kiritiladi. Guruh tartibida hisobga olinadigan asosiy podaning boshqa hayvonlari ro‘yxatlarga yosh va jins guruhlari bo‘yicha kiritilib, har bir guruh bo‘yicha tuyoqlar soni va jonli vazni (og‘irligi) ko‘rsatiladi. 220. Yosh qoramollar, yosh nasldor otlar va ish hayvonlari inventarizatsiya ro‘yxatlariga yakka tartibda kiritilib, inventar raqamlari, laqablari, jinsi, nasli va hokazolar ko‘rsatiladi. So‘qimga boqiladigan hayvonlar, yosh cho‘chqalar, qo‘y va echkilar, parranda hamda guruh tartibida hisobga olinadigan boshqa xil hayvonlar ro‘yxatlarga hisob registrlarida qabul qilingan nomenklaturaga ko‘ra kiritilib, har bir guruh bo‘yicha tuyoqlar soni va jonli vazn (og‘irlik) ko‘rsatiladi. Ro‘yxatlar hayvon turlari bo‘yicha sexlar, fermalar, bo‘limlar, brigadalar bo‘yicha, hisob guruhlari va moddiy javobgar shaxslarga ajratib tuziladi. 221. Kassa inventarizatsiya qilinganda pul mablag‘lari va kassada bo‘lgan boshqa boyliklarning haqiqatda mavjudligi tekshiriladi. Qat’iy hisobdagi blankalar ham tekshiruvdan o‘tkaziladi. Kassada pul mablag‘larining haqiqatda mavjudligi hisob-kitob qilinganda pul belgilari, pochta markalari va davlat boji markalari hisobga qabul qilinadi. Hech qanday hujjatlar yoki tilxatlar kassadagi naqd pul qoldig‘iga kiritilmaydi. Kassirning kassada mazkur xo‘jalik yurituvchi subyektga tegishli bo‘lmagan pul mablag‘lari va boshqa boyliklar borligi to‘g‘risidagi bayonotlari e’tiborga olinmaydi. 222. Naqd pul mablag‘larini inventarizatsiya qilish dalolatnomasida boyliklar qoldig‘i inventarizatsiya kunida naturada va hisob ma’lumotlari bo‘yicha ko‘rsatiladi va inventarizatsiya natijasi belgilanadi. Qat’iy hisobdagi blankalarning haqiqatda mavjudligini tekshirish blank turlari bo‘yicha u yoki bu blankalarning boshlang‘ich va oxirgi raqamlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Mazkur tekshirish natijalari maxsus ro‘yxat bilan rasmiylashtiriladi. 223. Yo‘ldagi pul mablag‘larini inventarizatsiya qilish buxgalteriya hisobi schyotlarida qayd etilgan summalarni bank muassasalari, pochta bo‘limi va hokazolarning kvitansiyalari ma’lumotlari bilan solishtirish vositasida amalga oshiriladi. 224. Bankda hisob-kitob va joriy schyotlar, akkreditivlar, maxsus, alohida va boshqa schyotlarda bo‘lgan pul mablag‘larini inventarizatsiya qilish xo‘jalik yurituvchi subyekt buxgalteriyasining ma’lumotlari bo‘yicha tegishli schyotlarda qayd etilgan summalar qoldig‘ini bank ko‘chirmasidagi ma’lumotlar bilan solishtirish orqali amalga oshiriladi. 225. Banklar bilan ssudalar bo‘yicha, budjet, xaridorlar, tovar yetkazib beruvchilar, hisobdor shaxslar, ishchi va xizmatchilar, deponentlar hamda boshqa debitor va kreditorlar bilan hisob-kitoblarni inventarizatsiya qilish tegishli hujjatlar bo‘yicha qoldiqlarni aniqlash va buxgalteriya hisobi schyotlarida qayd etilgan summalarning asosliligini sinchiklab tekshirishga asoslanadi. Komissiya debitor va kreditorlar schyotlari bo‘yicha qarzlarning paydo bo‘lishi, ularning realligi va shunday bo‘lgan taqdirda, da’vo etish muddatlarini o‘tkazib yuborishda aybdor shaxslarni aniqlaydi. “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilar bilan hisob-kitoblar” schyotining yo‘ldagi tovarlar va faktura qilinmagan tovarlar bo‘yicha tovar yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitoblar summalariga doir qismi alohida sinchiklab tekshirilishi kerak. U hujjatlar bo‘yicha, shuningdek, korrespondensiyalanuvchi schyotlar bilan solishtirilgan holda tekshiriladi. Bunda faktura qilinmagan tovarlar tarkibida to‘lanishi “Turli debitor va kreditorlar bilan hisob-kitoblar” schyotida aks ettirilgan summalar yoki haqiqatda to‘langan va olingan, biroq yo‘lda deb hisoblanuvchi materiallar va tovarlar summalari aks ettirilgani yoki ettirilmagani aniqlashtiriladi. Tovar yetkazib beruvchilarning schyotlarida faktura qilinmagan tovarlar bo‘yicha qolgan summalarga, ana shu schyot buxgalteriya tomonidan tekshirilgach, tovar yetkazib beruvchilardan hisobvaraq-fakturalar talab qilinishi kerak. Tovar yetkazib beruvchilar xaridorlarga hisobvaraq-fakturalar taqdim etishlari yoki ularni taqdim etmaslik sabablarini ma’lum qilishlari shart. Agar tovar yetkazib beruvchida qarz bo‘lmasa, u buni xaridorga ma’lum qilishi kerak. 226. Ishchi va xizmatchilarga qarzlar bo‘yicha o‘z vaqtida talab qilib olinmagan, deponentlar schyotiga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan ish haqi summalari, shuningdek, ishchi va xizmatchilarga ortiqcha to‘lashlar summalari va buning paydo bo‘lish sabablari aniqlanishi kerak. 227. Hisobot beriladigan summalar inventarizatsiya qilinganda maqsadli foydalanilishini hisobga olgan holda hisobdor shaxslarning berilgan bo‘naklar bo‘yicha hisobotlari, shuningdek, har bir hisobdor shaxs bo‘yicha berilgan bo‘naklar summalari, ularni berish sanalari va maqsadli foydalanilishi tekshiriladi. 228. Maxsus inventarizatsiya komissiyasi hujjatli tekshirish yo‘li bilan quyidagilarni ham aniqlashi kerak: banklar, xo‘jalik yurituvchi subyekt qismlari bilan hisob-kitoblarning aynanligi; balans bo‘yicha qayd etilgan kamomad va o‘g‘irliklarga doir qarz summalari to‘g‘riligi va asosliligi hamda ana shu qarzni undirish uchun qabul qilingan choralar; balans bo‘yicha qayd etilgan debitorlik, kreditorlik va deponentlik qarzlari summalarining to‘g‘riligi va asoslangani, shuningdek, debitorlik qarzini majburiy tartibda undirishga da’volar taqdim etilgan yoki etilmagani; muddati o‘tgan debitorlik qarzi mavjudligi sabablari. 229. Solishtirish qaydnomalari inventarizatsiya paytida hisob ma’lumotlarida tafovutlar aniqlangan boyliklar bo‘yicha tuziladi. Solishtirish qaydnomalarida inventarizatsiya natijalari, ya’ni buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar va inventarizatsiya ro‘yxatlari (dalolatnomalari) ma’lumotlari o‘rtasidagi tafovutlar aks ettiriladi. Ortiqcha va kam chiqqan tovar-moddiy boyliklarning qiymati solishtirish qaydnomalarida ularning buxgalteriya hisobidagi bahosiga muvofiq keltiriladi. Inventarizatsiya natijalarini rasmiylashtirish uchun yagona registrlar qo‘llanishi mumkin, ularda inventarizatsiya ro‘yxatlari (dalolatnomalari) va solishtirish qaydnomalarining ko‘rsatkichlari birlashtiriladi. Korxonaga tegishli bo‘lmagan, biroq buxgalteriya hisobida qayd etilgan (mas’uliyatli saqlanishda bo‘lgan, ijaraga olingan, qayta ishlash uchun olingan) boyliklarga alohida solishtirish qaydnomalari tuziladi. Solishtirish qaydnomalari hisoblash va boshqa texnika vositalaridan foydalanib, shuningdek, qo‘lda tuzilishi mumkin. 230. Qayta navlarga ajratish natijasida ortiqcha chiqish va kamomadlarning o‘zaro hisobga olinishiga birgina tekshirilayotgan davr uchun, birgina tekshirilayotgan shaxsda, birgina nomdagi tovar-moddiy boyliklarga nisbatan va ishonchli shaxs ruxsatiga ko‘ra aynan bir xil miqdorlarda istisno tarzida yo‘l qo‘yilishi mumkin. Download 0.7 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling