Tabiat lirikasi


SHE’RIY SAN’ATLAR – G‘AZAL KO‘RKI


Download 150 Kb.
bet8/20
Sana25.02.2023
Hajmi150 Kb.
#1228982
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   20
Bog'liq
nazariya 77

SHE’RIY SAN’ATLAR – G‘AZAL KO‘RKI
Bilamizki, she’riy nutq oddiy so‘zlashuv nutqidan farq qiladi. Avvalo shuki, oddiy so‘zlashuv nutqida gap bo‘laklari odatdagi tartibda bo‘ladi, ya’ni ega gapning boshida, kesim gap oxirida, to‘ldiruvchi va hol kesimdan oldin, aniqlovchi esa aniqlanmishdan oldin keladi. She’riy nutqda esa gap bo‘laklari tartibi erkin bo‘ladi: kesim avval, ega undan keyin kelishi mumkin, boshqa bo‘laklar ham shoirning maqsadidan kelib chiqib misraning turli b’rinlarida qo‘llanilaveradi. Ikkinchidan, so‘zlashuv nutqida fikr, tasvir bejalmay, oddiy tarzda ifodalanadi. She’riy nutqda esa ifoda, fikr badiiylashtirib beriladi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Badiiy tasvirlashning bir qancha vositalari mavjud. Mazkur vositalarning har biri adabiyot ilmida o‘z mazmuniga ko‘ra nom olgan va ularning jami badiiy tasvir vositalari yoki she’riy san’atlar deb yuritiladi. She’riy san’atlarning badiiyatni ta’minlashdagi o‘rnini tushunish uchun Atoyi gazallariga murojaat qilamiz:
Jamoling vasfini qildim chamanda,
Qizordi gul uyottin anjumanda.
Baytni tushunishni osonlashtirish uchun undagi gap bo‘laklarini odatdagi tartibga keltirib olamiz hamda misralarda ochiq ishtirok etmay, yashirin kelayotgan bo‘laklarni qavs ichida beramiz: (Men) chamanda jamoling vasfini – ta’rifini qildim, (shunda) anjuman, ya’ni chamanzordagi gul uyatdan qizarib ketdi.
Endi o‘ylab ko‘ring, oddiy til bilan aytganda, shoir nima demoqchi o‘zi? Bilib turganingizdek, u: «Mening yorim juda ham chiroyli», – deyapti xolos. Ana shu oddiy fikrni shoirona badiiy ifodalamoqda. Tahlilda Siz xayolga, fikrlaringizga erk bering, tasvirlangan lavhani, matnni kengaytirib oling. Yuqoridagi baytni quyidagicha sharhlash mumkin: gullar yig‘ini – anjumanida bir gul: «Dunyoda eng go‘zal men-man», – deya maqtanardi. Buning ustiga kelib qolgan oshiq o‘z ma’shuqasini ta’rif qilgan edi, o‘zidan bir necha marta go‘zalroq jamol egasi borligini eshitgan gul maqtanchoqligidan sharmanda bo‘lib, qizarib ketdi va shundan keyin dunyoda qizil gul paydo bo‘ldi. Ko‘rib turganingizdek, shoir gulni insonlardek jonli qilib tasvirlayapti. Demak, baytda jonlantirish san’ati qo‘llangan. Bu tasvir vositasi mumtoz adabiyot ilmida tashxis (shaxslantirish) san’ati deb ataladi.
Tamanno qilg‘ali la’lingni ko‘nglum,
Kishi bilmas onikim, qoldi qanda ?
Avvalo, lug‘at yordamida notanish so‘zlar ma’nosi aniqlab olinadi: tamanno qilmoq – orzu qilmoq; la’l – lab, la’lning o‘zi qimmatbaho qizil toshdir; qanda – qayerda. Misralardagi gap bo‘laklarini odatdagi tartibga keltiramiz: Ko‘nglim la’l kabi qizil labingni orzu qilgan edi, (lekin hech bir) kishi labingning qayerda ekanligini bilmaydi.
O‘ylangchi, shoir ma’shuqaning labi qayerda ekanligini hech kim bilmasligini aytish bilan nima demoqchi bo‘lyapti? Oldin aytilganidek, noziklik – go‘zallikning belgisi. Bu baytda «Yorning og‘zi juda ham tor», – degan oddiygina fikr bildirilayapti. Lekin Atoyi uni shoirona tarzda yorning og‘zi shu qadar kichikki, kishi har qancha tikilsa ham labi qayerdaligini topa olmaydi shaklida ifodalamoqda. Yorning og‘zi tor degan ma’no bo‘rttirib, o‘ta kuchaytirib berilmoqda. Adabiyotshunoslikda juda bo‘rttirish yoki o‘ta kuchaytirib tasvirlash mubolag‘a deyiladi.
Solib borma meni, ey Yusufi husn,
Bu kun Ya ‘qubtek baytul hazanda.
Baytdagi «baytul hazan»ni arabchadan so‘zma-so‘z tarjima qilsak, «g‘am uyi» degan ma’noni anglatadi. Bu yerda kuchli iztirob, qayg‘u ma’nosini ifodalamoqda. Baytda «Ey husni Yusuf (kabi yor), bukun sen meni Ya’qubdek qilib qayg‘u uyiga solib qo‘ymagin» tarzidagi mazmun berilayotganini sezgan bo‘lsangiz kerak. Misralardagi Yusuf, Ya’qub obrazlari ishora qilayotgan ma’noni tushungan kishi baytni to‘la idrok eta oladi.
Rivoyatga ko‘ra, payg‘ambar Ya’qub alayhissalomning o‘n bir o‘g‘li bo‘lib, kichik o‘g‘li husnda tengsiz Yusufni jonidan ortiq suyar, bir dam bo‘lsa ham oldidan jildirgisi kelmas ekan. Otasining Yusufni o‘zlaridan ortiq ko‘rayotganiga hasad qilgan o‘gay akalari uni o‘ynatib kelamiz deb dashtga olib chiqishadi va uni o‘ldirish maqsadida quduqqa tashlab yuboradilar. Ukalarining yechib olingan ko‘ylagini qonga botirib, otalariga: «Yusufni bo‘ri yeb ketdi»,– deb ko‘rsatadilar. Ya’qub alayhissalom o‘g‘li qaytib kelguncha necha yillar davomida ayriliq tufayli kecha-kunduz qon yig‘laydi. Demak, shoir: «Ey yor, o‘zingni yiroq qilib, meni ayriliqda qiynamagin», – degan fikrni ifodalash uchun Ya’qub va Yusuf alayhissalom haqidagi rivoyatga ishora qilmoqda. She’riyatda tarixiy voqea va shaxslar, adabiy qahramonlarga ishora qilish talmeh (arabcha «nazar solmoq») san’ati deb yuritiladi.
Uzun sochingdin uzmasmen ko‘ngulni,
Ayog‘ing qanda bo‘lsa, boshim anda.
Bu baytda barcha gap bo‘laklari o‘z joyida. Faqat uzmas­men bilan «ko‘ngulni» so‘zlarining o‘rni almasngan xolos. Gap nima uchun baytning birinchi misrasida yorga: «Uzun sochingdan ko‘ngulni uzmayman», – degan oshiq ikkinchi misrada: «Ayog‘ing qayerda bo‘lsa, boshim o‘sha yerda», – deyotgani sababini aniqlashda. Bu gaplarning bir-biriga qanday bog‘liqligi bor? Ma’lumki, mumtoz she’riyatda ma’shuqa sochlari uzunligidan uning oyog‘igacha tushib turishi tasvirlanadi. Xalq orasida uzun sochli ayollarga nisbatan «sochi tovoniga tushadi» degan ibora qo‘llanishini ham eshitgandirsiz, hoynahoy. Buning ustiga, qadimda qushlar qildan yasalgan tuzoq bilan ovlangan. Oshiqning ko‘ngil qushi ham ma’shuqaning sochidan qilingan to‘rga ilingan, albatta. Demak, ko‘ngilni bog‘lab olgan soch oyoqqacha tushar ekan, shu sochga shaydo bo‘lib, uning domiga tushgan oshiqning boshi yana qayerda bo‘lsin!? Shuningdek, ikkinchi misraning «Sen qayerda bo‘lsang, men ham o‘sha yerdaman» degan ma’nosi ham bor. Oshiq ko‘ngli yorning uzun sochlariga bog‘langan va bu bog‘liqlik uzilmas ekan, u ma’shuqaning ketidan qolmaydi.
«Uzun» va «uzmasman» so‘zlari o‘zakdoshlarga o‘xshab ketadigan «uz» so‘zi bilan boshlanib, baytga ajib ohangdorlik bag‘ishlaydi. Ayni paytda, bu ohangdorlik shu so‘zlar ifodalayotgan ma’noni kuchaytiradi ham. She’rda o‘zakdosh so‘zlarning qo‘llanishi ishtiqoq (arabcha «so‘zdan so‘zni ajratish» ma’nosida) tasvir vositasi hisoblanadi. Shu g‘azalning uchinchi baytidagi «Chu jonimdan aziz jonona sensen» misrasida qo‘llangan «jon» va «jonona» so‘zlari o‘zakdosh bo‘lib, ishtiqoqni hosil qilgan. Tahlil etilayotgan g‘azalning «Ayog‘ing qanda bo‘lsa, boshim anda» misrasidagi «ayoq» va «bosh» o‘zaro qarama-qarshi ma’noli (antonim) so‘zlardir. She’rda bu xildagi qarshilantirish asosiga qurilgan badiiy tasvir vositasi tazod (arabcha «zid qo‘yish» ma’nosida) deyiladi. «Ko‘ngul olding, begim, yoshurmog‘ing ne?» misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalda boshqa bir she’riy san’atni uchratish mum kin:

Raqiblarg‘a qilur la’ling tabassum,
Qonimni g‘ussadin toshurmog‘ing ne?

Ko ‘ngul shishasida mehring mayidir,
Jafo birla anga tosh urmog‘ing ne?

Xalq orasida «qoni qaynadi» degan ibora bor. U iztirob tufayli tuyg‘ulari junbushga kelgan kishi holatiga mos keladi. Avvalgi baytda oshiq yorga qarata «La’ling (labing) raqiblarga tabassum qilyapti, g‘ussadan (mening) qonimni toshirmog‘ing (qaynatganing) nimasi?» demoqda. Keyingi baytda oshiqning ko‘ngli shishaga, yorga muhabbati esa mayga mengzatilgan. Ma’shuqaning jafo qilishini ana shu ishq mayi quyilgan ko‘ngil shishasiga tosh urishga o‘xshatilmoqda. «Toshurmoq» hamda «tosh urmoq» so‘zlari omonim (shakldosh) so‘z ekanligini payqagan bo‘lsangiz kerak. She’rda shakldosh so‘zlarni qo‘llash orqali san’at yaratish tajnis («jinsdosh» ma’nosida) deyiladi.


Eslab qoling: mumtoz she’riyatda ko‘p qo‘llanadigan «shisha», «ko‘za», «ayog‘» (idish), kosa kabi timsollar zamirida, aksariyat hollarda, ko‘ngul (qalb, yurak) tushunchasi, «may», «sharob», «boda» so‘zlari ostida ishq, muhabbat, mehr ma’nolari yashiringan bo‘ladi. Demak, ular ramziy ma’noga ega.

Download 150 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   20




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling