Toshkent davlat yuridik universiteti
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
- Bu sahifa navigatsiya:
- Nazorat uchun savollar
Yashirin shirkat. Sheriklar oddiy shirkat shartnomasini uning mavjudligini
uchinchi shaxslarga ma’lum qilmasdan imzolashlari mumkin. Bunday holatda har bir sherik o’z nomidan va sheriklarning umumiy manfaatlari yo’lidagi barcha bitimlar bo’yicha o’zining butun mol-mulki bilan javobgar bo’ladi. Nazorat uchun savollar: 1. Oddiy shirkat shartnomasining huquqiy belgilari va ahamiyatli belgilarini ko’rsating. 2. “To’liq shirkat” va “oddiy shirkat” tushunchalarining umumiy va alohida belgilarini ko’rsating. 3. “Savdo” MChJ va yakka tartibdagi tadbirkor L. va T.lar o’rtasila muddati besh yil bo’lgan oddiy shirkat shartnomasi tuzildi. O’zaro faoliyatdagi to’rt yildan so’ng MChJ shartnomani bekor qilish, olingan foydani taqsimlash va uning hissa sifatida kiritgan mol-mulkini qaytarishni talab qilyapti. MChJ ning oddiy shirkat ishtirokchilari qatoridan chiqish tartibi qanday? Asosli javob tuzing. 4. Ikki nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar O. va E. ochiq sheriklik asosida o’zaro faoliyat yuritdilar. Kalendar yili tugaganidan so’ng sheriklar 10 000 000 so’m miqdorida olingan foydani taqsimlashni qaror qildilar. Lekin foydani taqsimlash jarayonida ishtirokchilarda 3 000 000 so’m miqdorida harajatlari ham mavjudligi ma’lum bo’ldi. Oddiy shirkat ishtirokchilari o’rtasida foyda, harajatlar va zararlarni taqsimlash tartibi qanday? 403 54-BOB. OMMAVIY TANLOV Ommaviy tanlov fuqarolik huquqida o’ziga xos munosabat bo’lib, bir tomonning xatti-harakati natijasida vujudga kelishi bilan belgilanadi. Ommaviy tanlov bir shaxsning muayyan ishni bajarish va natijaga erishish uchun nomuayyan doiradagi shaxslarga yoki muayyan shaxslar doirasiga qilingan va eng yaxshi natijaga erishgan shaxs uchun muayyan mukofot yoki rag’batlantirishni ko’zda tutadigan munosabat hisoblanadi. Ishni eng yaxshi bajarganlik yoki boshqa natijalarga erishganlik uchun pul mukofoti to’lash yoki boshqa mukofot berish to’g’risida (mukofot to’lash to’g’risida) oshkora (ommaviy tanlov) e’lon qilgan shaxs tanlovni o’tkazish shartlariga muvofiq uning g’olibi deb topilgan kimsaga shartlashilgan mukofotni to’lashi lozim. Hozirgi kunda ommaviy tanlovlar o’tkazish to’g’risidagi huquqiy munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi. Bunda ommaviy tanlovlarni huquqiy tartibga solish tegishli davlat hokimiyati va o’zini o’zi boshqaruv organlari tomonidan chiqarilgan normativ huquqiy hujjatlar asosida ham amalga oshirilishi mumkin. Shuni ta’kidlash joizki, Fuqarolik kodeksi ommaviy tanlovlar o’tkazish bo’yicha boshqa huquqiy manbalarga (qonunlar, huquqiy hujjatlar)ga ishora qilmaydi. Bunda davlat organlari va o’zini o’zi boshqaruv mahalliy organlari tomonidan chiqarilgan huquqiy hujjatlar ommaviy tanlovlar ishtirokchilariga emas, balki organlarning o’zlariga, ularning tanlovlarni o’tkazish borasidagi faoliyatini tartibga solishga mo’ljallanganligini ta’kidlab o’tish lozim. Xususan, bunday aktlarda ommaviy tanlovlarning maqsadlari, tanlov komissiyasining tarkibi va uning vazifalari, tanlov komissiyasining majburiyatlari, tanlov o’tkazish to’g’risidagi e’londa mavjud bo’lgan mazkur tanlovlarni o’tkazish borasidagi qo’shimcha ma’lumotlari va hokazolar aks ettirilgan bo’lishi mumkin. Bozor iqtisodiyoti sharoitiga o’tish va bozor infrastrukturasini shakllantirish munosabati bilan bir tomonlama harakatlardan kelib chiqadigan majburiyatlar, jumladan, turli tanlovlar, auksionlar va hokazolar o’tkazish ko’payib bormoqda. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 7 avgustdagi PQ-436- sonli “Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda O’zbekiston Respublika oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2006 yil 13 dekabrdagi 284-sonli buyrug’iga binoan respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ilmiy-tadqiqot, ijodiyot va bunyodkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularni ilm-fanni jadal rivojlantirishga munosib hissalarini qo’shishlariga va ilm-fanning uslubiyotini o’zlashtirishga yetarli shart- sharoitlar yaratish, ta’lim bilan fanning samarali integrastiyasini ta’minlash maqsadida aspirant, doktorant, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalarning ilmiy ishlari respublika tanlovini o’tkazish belgilangan. O’zining yuridik tabiati bo’yicha ommaviy tanlov bir tomonlama bitimlar jumlasiga kiradi. 1964 yilgi Fuqarolik kodeksida “tanlov” “konkurs” deb ko’rsatilgan. “Konkurs” lotincha ibora bo’lib, bir necha shaxslarning muayyan maqsadga erishishi uchun o’zaro musoboqada bo’lishini bildiradi. Bundan ko’rinib turibdiki, 404 ommaviy tanlovda ma’lum bir obyektlar o’zaro qiyoslab, sifatiga ko’ra baholanadi. Shuning uchun ko’pincha ommaviy tanlovdan foydalanish ko’zlangan maqsadga tezroq erishishda muvaffaqiyat keltiradi. Ishni eng yaxshi bajarganlik yoki boshqa natijalarga erishganlik uchun pul mukofoti to’lash yoki boshqa mukofot berish to’g’risida (mukofot to’lash to’g’risida) oshkora (ommaviy tanlov) e’lon qilgan shaxs tanlovni o’tkazish shartlariga muvofiq, uning g’olibi deb topilgan kimsaga shartlashilgan mukofotni to’lashi lozim. (FK 976-modda). Ommaviy tanlov e’lon qilishdan kelib chiqadigan majburiyatlar ijodiy faoliyatlarni, shuningdek, moddiy ishlab chiqarish sohasidagi muayyan vazifalarni to’la va yaxshiroq hal qilish masalasini o’z oldiga qo’yadi. Ommaviy tanlov e’lon qilish adabiyot, fan va san’at sohasida barkamol va yuksak g’oyaviy asarlar yaratish hamda texnika taraqqiyoti masalalarini hal qilishga qaratiladi. Amaldagi fuqarolik qonunchiligi ommaviy tanlovlarni o’tkazishga muayyan shartlar (talablar) qo’yadi. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 976- moddasi normalarini tahlil qilgan holda quyidagilarni ko’rsatish mumkin: 1. Ommaviy tanlovning oshkora o’tilishi muayyan ishni bajarganlik uchun mukofot to’lash oshkora va’da qilingan va muayyan yoki nomuayyan shaxslar (noma’lum har bir shaxsga nisbatan) doirasiga qaratilgan bo’ladi. Shu belgisiga ko’ra ommaviy tanlov ikkiga bo’linadi: a) ochiq; b) yopiq; Ochiq tanlovda tanlovni uyushtiruvchining tanlovda ishtirok etishga taklifi matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida barcha xohlovchilarga qaratiladi. Bunda ommaviy tanlov ishtirokchilari doirasi kengroq yoki torroq, miqdori noaniq bo’ladi. Yopiq ommaviy tanlovda ishtirok etishga taklif tanlovni uyushtiruvchi tomonidan o’zi xohlagan muayyan doiradagi shaxslarga yuboriladi. Bunda tanlovda qatnashuvchi shaxslar doirasi chegaralangan va uyushtiruvchiga ma’lum bo’ladi. Shuni aytish lozimki, huquqiy adabiyotlarda ommaviylik turli ma’nolarga ega. Ayrim mualliflarning fikricha, ommaviylik sharti o’tkazilayotgan tanlovlarning maqsadlarining ijtimoiy foydaliligini anglatadi. Adabiyotlarda ommaviy tanlovlar to’g’risidagi e’lon majburiy ravishda ommaviy axborot voitalari orqali bajarilishi lozimligi aytib o’tilgan. Bunga O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 976 moddasining 2 qismi asos bo’ladi. Unga ko’ra ommaviy tanlovni uyushtiruvchining tanlovda ishtirok etishga taklifi matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish yo’li bilan barcha xohlovchilarga qaratilganda ochiq yoki tanlovda ishtirok etishga taklif tanlovni uyushtiruvchining xohishi bo’yicha muayyan doiradagi shaxslarga yuborilganda yopiq bo’lishi mumkin. Ushbu matnda qo’llanilgan “boshqa” so’zi O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida faqatgina ommaviy axborot vositalari va matbuotlarni ko’zda tutishini tushunish mumkin. Chunki, birinchidan, agar so’z faqatgina ommaviy axborot vositalari to’g’risida ketgan bo’lsa, ularni sanab o’tishga ehtiyoj bo’lmas edi (matbuot so’zining o’zi kifoya qilardi), ikkinchidan, O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 976-moddasi 2- 405 qismining asosiy talabi shundan iboratki, ommaviy tanlovda ishtirok etish barcha xohlovchilarga qaratilgan bo’lishi lozim. Bunga esa nafaqat ommaviy axborot vositalari, balki boshqa uslublar, ya’ni ommaviy tanlov to’g’risidagi yozma e’lonlar ham kiradi. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bo’yicha ommaviy tanlovlarning o’tkazilishi to’g’risidagi e’lon “ommaviy axborot vositalarida” bo’lishi lozimligi to’g’risidagi talabi ayrim shubhalar tug’diradi. Fuqarolik kodeksining mazkur talabi, birinchidan, huquqni qo’llash amaliyotida matbuot so’zi bilan bog’liq bo’lgan nizoli vaziyatlarni keltirib chiqaradi, ikkinchidan, ommaviy tanlovlarni e’lon qilishda fuqarolik jamiyatida muhim ahamiyatga ega bo’lgan zamonaviy informatsion va elektron texnologiyalarning (masalan, internet) qo’llanishini cheklaydi. Undan tashqari, ommaviy tanlovlarni e’lon qilishga o’xshash bo’lgan boshqa huquqiy konstruktsiyalarni (savdolarning e’lon qilinishi va ommaviy oferta) O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi o’z ichiga qamrab olmaydi. Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, xulosa qilish mumkinki, O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi tanlovning ommaviylik sharti, birinchidan, hammaga va har kimga qaratilgan bo’lishi, ikkinchidan, qonunda nazarda tutilgan uslublar orqali amalga oshirilishi lozim. Ikkinchidan, ommaviy tanlov ma’lum bir foydali maqsadlarga erishishni ko’zlab amalga oshiriladi. Uchinchidan, mukofot muayyan ishni yaxshiroq bajarganlik uchun va’da qilinadi. Bu bir necha shaxslar tomonidan erishilgan natijalarni bir-biri bilan qiyoslab, eng yaxshisini tanlab olish imkonini beradi. Shu sababli tanlovda faqat bir ish yoki bir necha shaxsning bir nechta ishi qatnashgan bo’lsa, tanlov o’tkazilmagan hisoblanadi. Shu bilan birga, ishning tanlovda ko’rsatilgan shartlarga mos bo’lishi ham talab qilinadi. Ushbu belgilarga ko’ra, ommaviy tanlovga quyidagicha ta’rif berish mumkin: ommaviy tanlov – uni e’lon qilish, ishlarni topshirish, baholash va va’da qilingan mukofotni to’lash borasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan huquqiy normalarning yig’indisidir. Ommaviy tanlovning subyektlari sifatida bir tomondan tanlovni uyushtiruvchilar va ikkinchi tomondan ishtirokchilar sifatida turli yuridik va jismoniy shaxslar qatnashadi, uning obyekti esa ishtirokchilar tomonidan bajarilgan va konkursga taqdim etilgan ishlar bo’lib hisoblanadi. Ommaviy tanlovga oid huquqiy munosabat birmuncha murakkab bo’lib, tanlov e’lon qilish, shartlarini aniqlash, ishlarni topshirish, konkurs mezonlarini, tartibini, natijalarini belgilash kabi jarayonlarni o’z ichiga oladi. Fuqarolik kodeksining 976-moddasi 4-qismida ko’rsatilganidek, ommaviy tanlov to’g’risidagi e’lon topshiriqning mohiyatini nazarda tutuvchi shartlarni, ishning natijalarini yoki boshqa yutuqlarni baholash mezonlari va tartibini, ularni taqdim etish joyi, muddati va tartibini, to’lanadigan mukofot miqdori va shaklini, shuningdek, natijalarni e’lon qilish tartibi va muddatlarini o’z ichiga olgan bo’lishi lozim. Shu bilan birga, 976-moddaning 3-qismiga binoan, tanlovni uyushtiruvchi tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxslarni dastlabki saralashdan o’tkazgan taqdirda, ochiq tanlovda ishtirokchilarning dastlabki malakasi haqida shart ham qo’yilishi mumkin. Bu shartlar majburiy, ya’ni ommaviy tanlov e’lon qilinishi 406 vaqtida ularning ko’rsatilishi kerak bo’lgan shartlar va fakultativ, ya’ni tanlov o’tkazuvchining xohishi bilan kiritiladigan shartlardir. Majburiy shartlardan birining bo’lmasligi tanlovni e’lon qilinmagan deb topilishiga olib keladi. Bu shartlar jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin: a) topshiriqning mazmuni haqidagi ma’lumotlar. Ularning qay darajada yoritilishi tanlovning maqsad va xususiyatidan kelib chiqadi. Shuning uchun tanlovni e’lon qilishda topshiriqni aniq va ravshan ko’rsatish kerak. Masalan: biron-bir asarni yaratishda uning janrini ko’rsatish; b) topshiriqni bajarish muddati. Bu muddat shunday davrni o’z ichiga olishi zarurki, bu vaqt ichida topshiriqning bajarishning real imkoniyati bo’lishi kerak. Muddat aniq bir sana (masalan: 1999 yil 1 noyabrgacha) bilan ham yoki ma’lum bir vaqt oralig’i (masalan: uch oy ichida) bilan ham ko’rsatilishi mumkin. Topshiriqni ko’rsatilgan vaqtda bajarmaslik tanlovda ishtirok etishni rad etishga olib keladi va uni na sud tartibida, na ma’muriy tartibda shikoyat qilishga asos bo’la oladi; v) ishlarni yoki boshqa natijalarni taqdim etish tartibi, avvalo, uning qay shaklda topshirilishi bilan izohlanadi. Ba’zi bir ishlarni taqdim etish tanlov xarakteridan kelib chiqadi va uni bevosita topshirishda ifodalanadi. (qo’lyozma, loyiha, model va hokazolar). Ba’zi topshiriqlar esa bevosita ijro etish (masalan: rol ijro etish, qo’shiq, she’r aytish va hokazo) bilan amalga oshiriladi; g) ishni topshirish joyi nafaqat ishtirokchilar uchun, balki jamoatchilikni jalb etish uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bu ayniqsa, ijrochilik qobiliyatini namoyish etishda yaqqol namoyon bo’ladi; d) ishlarni qiyosiy baholash tartibi, mezonlari va muddati berilgan topshiriqning o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi. Ko’p hollarda tanlov bir necha turlarda o’tkazilishi, ba’zi hollarda ishlar oldindan tanlab olinishi va ko’rib chiqilishi mumkin. Yakuniy baholashdan oldin ishlar ommaviy axborot vositalari orqali namoyish qilinishi va bu bilan ularning takliflarini o’rganib chiqish imkoniga ega bo’lishi nazarda tutilishi mumkin. Yakuniy baholash e’lon qilingan kun g’olibga mukofot berish to’g’risida qaror chiqqan kun ham bo’lib hisoblanadi; e) mukofot miqdori ma’lum summa yoki mulkiy qiymatga ega bo’lgan ashyo bilan belgilanadi; j) tanlov natijalarini e’lon qilish tartibi va muddatlari haqida tanlov e’lon qilingan shaklda yoki boshqacha tarzda ishtirokchilar ogohlantirilishi kerak. Chunki ba’zi hollarda, ayniqsa, mualliflik huquqi bilan bog’liq ishlarda ishlarni bajarishga qabul qilingan vaqtdan boshlab shartnomaviy munosabatlar amalga oshiriladi. Boshqa ishtirokchilar uchun esa bu qaror huquqiy munosabat tugaganligini bildiradi 75 . Tanlovning fakultativ belgilari tanlov o’tkazuvchi tomonidan kiritiladi va tomonlarning o’zaro munosabatlarini aniqlashtirishga yordam beradi. Ularga hakamlar xay’ati tarkibi, asarlarning qaytarilishi tartibi va hokazolar kiradi. Ommaviy tanlov shartlarining har qanday o’zgartirilishi to’g’risida uning ishtirokchisi bo’lishi mumkin bo’lgan barcha shaxslar xabardor qilinishi kerak. 75 Fuqarolik huquqi. II-qism./H.Rahmonqulov, I.Zokirovlarning tahriri ostida.-T.:Adolat.1999.-326-327 b. 407 Bunday xabardor qilish tanlovning o’zi qaysi usulda e’lon qilingan bo’lsa, shunday usulda (masalan: tanlov matbuot, radio, televidenie orqali e’lon qilingan bo’lsa, unga kiritiladigan o’zgartirishlar yoki uni bekor qilish ham shu tartibda) e’lon qilinishi mumkin. Bu talabga rioya qilish tanlovni tashkil qiluvchini dastlabki shartlar bo’yicha bajarilgan ishlarni qabul qilish burchidan ozod qiladi. Biroq u e’londa nazarda tutilgan ishni konkurs shartlarining o’zgartirilishi yoki uni bekor qilinishi o’ziga ma’lum bo’lguncha yoki ma’lum bo’lishi lozim bo’lguncha bajargan har qanday shaxsning xarajatlarini to’lashga majburdir. (FKning 977- moddasi 3-qismi). Tanlovni e’lon qilgan shaxs, agar ko’rsatilgan ish tanlovdan mustasno tarzda, xususan, tanlov to’g’risidagi e’longa qadar bajarilganligi yoxud avval boshdanoq tanlov shartlariga nomuvofiq bo’lganligini isbotlasa, xarajatlarni to’lash majburiyatidan ozod qilinadi. Agar tanlov shartlarini o’zgartirish yoki bekor qilishda tanlov e’lon qilgan shaxs o’zgartirish muddatlari va usuli to’g’risidagi talablarni buzgan bo’lsa, e’londa ko’rsatilgan shartlarga javob beradigan ishni bajarganlarga mukofot to’lashi lozim. Tanlov topshirig’ini uning shartlariga rioya qilib ijro etgan shaxs xizmat haqi (mukofot) olishga haqli bo’ladi. Fuqarolik kodeksining 978-moddasida aytilganidek, mukofotni to’lash to’g’risidagi qaror tanlov haqidagi e’londa belgilangan tartib va muddatlarda chiqarilishi hamda ommaviy tanlov ishtirokchilariga ma’lum qilinishi lozim. Ish tanlovga topshirilishining o’zi uni bajarilgan shaxsga mukofot huquqini vujudga keltirmaydi. Bunday huquq faqat keyinchalik, ish tanlov shartlariga muvofiq yaxshi va mukofotga sazovor deb topilgandagina vujudga keladi. Tanlovga topshirilgan ishlarni ko’rish, taqqoslash, baholash va uning natijalarini belgilash uchun tanlovni tashkil qiluvchi, odatda, tanlov komissiyasini ta’sis etadi yoki ba’zi hollarda uning o’zi tomonidan baholanadi yoxud baholash uchun boshqa shaxsga topshiradi. Tanlov hayotining a’zolari tanlov natijalaridan manfaatdor shaxs bo’lmasliklari lozim. Tanlov natijalarini belgilovchi hay’at quyidagi mazmundagi qarorlarni, chunonchi, tanlov talablariga javob bergan ishga mukofotlar to’lash to’g’risida yoki mukofot to’lashni rad qilish, mukofotlarning sonini kamaytirish yoxud rag’batlantirish, mukofotlarni to’lash to’g’risida qaror qabul qilishi mumkin. Tanlov hay’ati o’z qarorini qanday asoslar bo’yicha qabul qilinganligini ko’rsatmasligi ham mumkin. Tanlov natijalari va mukofotlar to’lash to’g’risidagi qaror tanlov to’g’risidagi e’londa ko’rsatilgan muddatda chiqarilgan bo’lishi kerak. Bu burch buzilgan taqdirda tanlov shartlariga javob beradigan ishlarni topshirgan shaxslar sud tartibida o’z mehnatlari uchun haq va tanlov topshiriqlarini bajarish munosabati bilan qilingan xarajatlarning to’lanishini talab qilishlari mumkin. Mukofot to’lash to’g’risidagi qaror tanlov haqidagi e’londa belgilangan muddatda ishtirokchilarga bildirilishi lozim. Odatda bunday ma’lumotlar tanlov g’oliblariga yozma xabarlar yuborish va tanlov natijalarini matbuotda e’lon qilish yo’li bilan amalga oshiriladi. Tanlovda g’alaba qozongan shaxslarga tegishli mukofotlar, unga boshqa 408 turdagi mukofotlarning, chunonchi, mualliflik gonorari yoki ixtironi berganlik uchun to’lanadigan mukofotdan qat’i nazar, to’lanadi. Mukofot tanlov shartlariga javob bergan va tanlov hay’ati tomonidan ijobiy baholangan yagona ish uchun beriladi. Binobarin, agar bir topshiriqni bajarishda bir necha shaxslar birgalikda ishtirok etgan bo’lsalar, mukofot ular o’rtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanadi. Agar bunday kelishuvga erishilmagan bo’lsa, mukofotni taqsimlash tartibini sud belgilaydi. Tanlovni tashkil etuvchi mukofotni butunlay yoki qisman to’lashdan bosh tortganda, shuningdek, tanlov ishtirokchisiga tegishli mukofotni to’lash mudddatlarini buzganida tegishli mukofot sud tartibida undirilishi mumkin. Fuqarolik kodeksining 979-moddasida ko’rsatilganidek, agar ommaviy tanlov predmeti fan, adabiyot yoki san’at asaridan iborat bo’lsa, tanlovni e’lon qilgan shaxs, basharti tanlov shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, shartlashilgan mukofotga sazovor bo’lgan muallif bilan unga tegishli haqni to’lagan holda, asardan foydalanish to’g’risida shartnoma tuzishda imtiyozli huquqni qo’lga kiritadi. Ommaviy tanlovni e’lon qilgan shaxs, agar tanlov to’g’risidagi e’londa boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa yoki bajarilgan ishning xususiyatidan kelib chiqmasa, mukofotga sazovor bo’lmagan ishlarni tanlov ishtirokchilariga qaytarishi shart (FKning 980-moddasi). Bu qoidada aytilishicha, tanlovga topshiril- gan, ammo mukofotga sazovor bo’lmagan ishlar tanlov natijalari e’lon qilinishi bilanoq darhol mualliflariga qaytarilishi lozim. Tanlovni tashkil etuvchi tomonidan bu burchning bajarilmasligi tanlov ishtirokchilariga topshirgan ishlarining qaytarilishni talab qilish huquqini, ishning yo’qotilgani yoki zararlantirilgani holda esa, zararlarning to’lanishi haqida da’vo qo’zg’atish huquqini beradi. Ammo tanlov shartlarida tanlovga topshirilgan ishlarning qaytarilmasligi yoki mualliflarning talabi bo’yichagina qaytarilishi nazarda tutilishi mumkin. Shu bilan birgalikda, tanlov shartlarida bunday talablarning mualliflar tomonidan qo’yilishi, shuningdek, ishlarning tanlovni tashkil qiluvchi tomonidan qaytarilish muddatlari ham ko’rsatilishi mumkin. Tanlov ishtirokchilariga ularning mukofotga sazovor bo’lmagan ishlarning qaytarilishi paytidan e’tiboran ommaviy tanlovga oid munosabat bekor bo’ladi. Ommaviy tanlovlarning huquqiy tartibga solinishi va o’tkazilishi to’g’risida quyidagilarni ta’kidlab o’tish lozim. Ommaviy tanlov qachonki tashkilotchi va ishtirokchi uning o’tkazilishiga doir fuqarolik qonunchiligiga rioya qilsagina, iqtisodiy faoliyatning turli sohalarida yuqori natija va samara (tanlov tashkilotchisi uchun) berishi mumkin. Aks holda, ommaviy tanlov nohaqiqiy deb topilishi, tashkilotchilar va ishtirokchilar o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishmasliklari mumkin. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling