4-Mavzu: YARIM O‘TKIR VA SURUNKALI ASEPTIK YALLIG‘LANISHLARNI DAVOLASHDA MASSAJ VA YORUG‘LIK NURLARINI QO‘LLASH.
Darsning maqsadi. Yarim o‘tkir va surunkali aseptik yallig‘lanishlarni davolashda qo‘llaniladigan massaj turlari va ularning organizmga mahalliy va umumiy ta’sir mexanizmi, elektr toki va nurlarni qo‘llash usullari bilan talabalarni tanishtirish
Jihozlar, asbob- uskunalar va hayvonlar.
Cho‘tka, talk, tebranuvchi (vibrasiya) apparat, Minin lampasi, solyuks lampasi, IKUF-1, UVCh, UTN-1, LG-75, BOP-4, “Shifo” lazer apparati va boshqalar yarim o‘tkir va surunkali yallig‘lanish bilan kasallangan kasal hayvonlar.
Darsning o‘tilish uslubi. Talabalarga o‘qituvchi tomonidan massaj turlari va uni qo‘llash texnikasi tushuntirilgandan keyin, talabalar 3-4 ta kichik guruhlarga bo‘linib o‘qituvchi rahbarligida massaj turlarini kasal hayvonlarga qo‘llab o‘rganadilar.
Massaj (grekcha «massein» so‘zidan olingan bo‘lib – surkash (surtish) degan ma’noni anglatadi)) deganda turli xildagi kasalliklarni oldini olish va davolash maqsadida qo‘llaniladigan maxsus mexanik usullar tushuniladi.
Veterinariya xirurgiya amaliyotida massaj ko‘prok lat yeyishlarda, atrofiyalarda, mushak parezi va falajlanishlarida, miozit, mushak revmatizmida, singan suyak o‘sishining sekinlashganida, aseptik sinovit, bursit va tendovaginit va boshqa kasalliklarda qo‘llaniladi.
Massaj ta’sirida qon va limfa aylanishi kuchayadi, to‘qimalarda modda almashinish tezlashadi, mushaklar tonusi oshadi, bog‘lovchi paylarning elastikligi ortadi, massaj qilinayotgan joyda trofika tiklanadi. Qishloq xo‘jalik hayvonlarida massajni qo‘llaganda junining limfa oqishiga nasbatan joylashganligi, terining qalinligi va harakatchanligi, anatomik organlarning har xil chuqurlikda joylashganliklari hisobga olinadi.
Yuqoridagilar hisobga olingan holda massaj turlari qo‘llaniladi.
Massajni qo‘llaganda uni izchillik bilan o‘tkazish, massajist qo‘lining gigiyenasini saqlash, massaj qilinayotgan joydagi terining holatini hisobga olish zarur. Massaj qilishdan oldin yengil paypaslash bilan, og‘riq, shish, yiringlagan joy va yallig‘lanish suyuqligining qurib qolgan joyi aniqlanadi. Mahalliy massaj o‘tkazishdan oldin, massaj qilishga mo‘ljallangan joyning atrofi massaj qilinib, so‘ngra asosiy joyga o‘tiladi. Buning oqibatida atrof to‘qimalarda qon aylanishi yaxshilanib, limfa va to‘plangan suyuqliklarning yaxshi oqib chiqib ketishi ta’minlanadi. Massajni toza va quruq qo‘l bilan o‘tkazish zarur. Massaj qilinadigan joy sovunli suv bilan yuvilib, toza sochiq bilan artiladi. Massaj qilinadigan joydagi mushaklar fiziologik tinch holatda yoki tulig‘icha bo‘shashgan bo‘lishi, oyoqlar esa yarim bukilgan holda bo‘lishi kerak. Ba’zida qo‘lga talk surtish mumkin, lekin teriga surtilmaydi. Massaj limfa tomirlar va regionar limfa tugunlar yo‘nalishiga qarab o‘tkazilishi kerak, o‘rtacha massaj 10 –15 daqiqa davomida o‘tkazilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |