Zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi akademiyasi inson huquqlari umumiy nazariyasi


Download 2.94 Kb.

bet10/34
Sana09.02.2017
Hajmi2.94 Kb.
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   34

Inson huquqlari bo'yicha Amerikalararo komissiya. Bu Komissiyaning 
funksiyalari inson huquqlari to'g'risidagi Amerika konvensiyasining 41-moddasida 
mustahkamlangan. Bu modda Komissiyaning funksiyalarini Amerika davlatlari 
tashkilotining organi sifatida belgilab beradi va uni Konvensiyaning 44–51-moddalarida 
mustahkamlangan “petisiyalar va boshqa murojaatlar bo'yicha o'zining boshqaruvi 
doirasiga muvofiq choralar ko'rish”ga vakolat beradi.
Konvensiyaga muvofiq Komissiya petisiya va davlatlarning boshqa murojaatlarini 
ko'rishga vakolatli. Petisiyaning o'rinliligi to'g'risidagi qaror bir qator shartlarga bog'liq, 
qisman xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplariga muvofiq barcha ichki 
huquqiy himoya vositalaridan o'tilganligiga bog'liq. Bundan tashqari, Komissiyaga 
petisiya taxminiy mavjud bo'lgan huquqbuzilishining jabrlanuvchisi muayyan ish 
bo'yicha milliy sudning ohirgi qarori qabul qilinganligi haqida xabardor qilingandan 
so'ng faqatgina olti oylik muddat ichida berilishi mumkin. Shikoyat o'rinli deb topilgan 
taqdirda Komissiya taqdim qilingan ma'lumotlarni ko'rib chiqadi, huqumatdan kerakli 
ma'lumotlarni so'raydi va faktlarni o'rganadi. Bu jarayon doirasida Komissiya shikoyat 
bergan shaxs va hukumat vakili ishtirokida majlis o'tqazadi.
Inson huquqlari bo'yicha amerika davlatlariaro sud taraflar o'rtasida nizolarni 
ko'rish yurisdiksiyasiga ega, xususan, davlat-ishtirokchilardan biri Inson huquqlari 
bo'yicha Amerika konvensiyasiga rioya qilmaslikda ayblangan ishlarni hal qilish 
yurisdiksiyasiga ega. Shuningdek, u Konvensiya va inson huquqlari bo'yicha muayyan 
shartnomalar bo'yicha tavsiyaviy xulosalar chiqarishi mumkin. Ish o'z ish yurituviga 
berilgan taqdirda Sud inson huquqlari bo'yicha Amerikalararo Komissiya tomonidan 
ko'rib chiqilgan faktlar va huquq masalalarni ham ko'rib chiqishga vakolatli. Sud 
yetkazilgan zararni pul ko'rinishida qoplash to'g'risida qaror chiqarishga va belgilangan 
da'vo bo'yicha nafaqat huquq buzilishini, balki davlatlar ushbu huquqbuzilishi bilan 
bog'liq ravishda qo'llashi lozim bo'lgan choralarni ham belgilab qaror chiqarishga 
vakolatli.
Afrika qit'asi 1981 yildagi inson va xalqlar huquqlari Afrika xartiyasining 
tarkibi va inson huquqlarini himoya qilish sohasida qit'a davlatlarining hamkorligiga 
ta'sir ko'rsatgan o'zining maxsus jihatlariga ega. Afrika davlatlari inson va xalqlar 
huquqlarini himoya qilish borasidagi hamkorligining asosida keng ma'noda rivojlanish 
(iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy rivojlanish) nazariyasi yotadi. Inson huquqlarini 
zamonaviy sharhlash nuqtai nazaridan yevropa va afrika modellarini uyg'unlashtirish 
bu sohada taraqqiyotga erishishning eng maqbul yo'lidir.
Inson va xalqlar huquqlari Afrika xartiyasining qabul qilinishi inson va xalqlar 
huquqlarini ta'minlash borasidagi mintaqaviy tizimlar shakllanishining mantiqiy 
davomi bo'ldi. Afrika xartiyasi, bir tarafdan, afrika sivilizasiyasining qadriyatlari 

69
va odatlariga tayansa, ikkinchi tarafdan, BMT Ustavi, inson huquqlari bo'yicha 
Xalqaro paktlar, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining qator rezolyusiya va 
deklarasiyalarida mujassamlashgan inson va xalqlar huquqlarini himoya qilishning 
universal tizimiga asoslanadi.
Inson va xalqlar huquqlari Afrika xartiyasi muqadimmasi va 68 moddadan 
iborat 3 qismdan tashkil topgan. I qism huquq va majburiyatlarga bag'ishlangan 
bo'lib, inson va xalqlar huquqlari (1–26-moddalar) va majburiyatlar (27–29-moddalar) 
bayon qilingan ikki bobga ajratilgan. II qism kafolatlarga bag'ishlangan bo'lib, inson 
va xalqlar huquqlari bo'yicha Afrika Komissiyaini tashkil qilish (30–44-moddalar), 
Komissiyaning vakolatlari, uning o'z funksiyalarini amalga oshirish jarayoni va 
prinsiplariga oid (45–63-moddalar) uch bobga ajratilgan.
Mazmunan Afrika xartiyasini ikkita asosiy qism: xalqar huquqlari va shaxsning 
individual huquqlariga ajratish mumkin.
Afrika xartiyasi deklarasiyalar, konvensiyalar shuningdek BMTning va uning 
maxsus muassasalarining boshqa hujjatlarida, shuningdek, Inson huquqlari umumjahon 
Deklarasiyasi, inson huquqlari to'g'risidagi Xalqaro paktlar, boshqa mintaqaviy 
tashkilotlar hujjatlaridagi qoidalarga tayanadi. Ko'pgina inson huquqlari bo'yicha 
eng muhim qoidalar aniqlashtirilib, o'zlarining keyingi takomillashuvlarini Afrika 
qit'asining xususiyatlarini inobatga olgan holda Xartiyada aks ettirildi.
Inson va xalqlar huquqlari Afrika xartiyasida va boshqa amalda bo'lgan xalqaro 
hujjatlarda mavjud bo'lgan inson va xalqlar huquqlari o'rtasida chegara belgilash lozim 
bo'lib, bunda nima Xartiyaga qadar o'rnatilgan va nima birinchi marta Xartiyada 
o'rnatilganligiga alohida e'tibor qaratish joiz.
Inson va xalqlar huquqlari Afrika xartiyasida va boshqa xalqaro hujjatlarda 
mustahkamlangan xalqlar huquqlarini tahlil qilib, ularning barchasi afrika mamlakatlari 
oldida turgan nisbatan muhim vazifalarni hal qilishga: siyosiy va iqtisodiy mustaqillikni 
mustahkamlash, jamiyot hayotining barcha sohalarini dekolonizasiya qilish, birdamlik 
va o'zaro manfaatdorlikka asoslangan afrika davlatlari hamkorlikni rivojlantirish, 
qit'adagi mojaroli vaziyatlarni tartibga solish, xalqaro iqtisodiy munosabatlarni qayta 
qurishga qaratilganligini farqlash qiyinchilik tug'dirmaydi.
Bundan kelib chiqib ta'kidlash mumkinki, Afrika xartiyasi ba'zi xalqlar huquqlari 
tarkibiga qator yangi elementlarni olib keldi. Masalan, o'z taqdirini o'zi belgilash 
huquqi, ya'ni bir xalqning boshqa xalq ustidan hukmronligi “siyosiy, iqtisodiy 
hukmronlik yoki madaniyat sohasidagi hukmronlik” kabi keng ma'noda talqin 
qilinishi mustahkamlandi. Xartiyada o'zining ozodligi uchun xalqaro hamjamiyat 
tomonidan tan olingan har qanday vositalar bilan, hattoki qurolli kurashga qadar 
kurashishning huquqiyligi ko'rsatildi.
E'tirof etish mumkinki, Afrika xartiyasi o'zida bir qator siyosiy va fuqarolik, 
ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy kabi individual inson huquqlari bo'yicha xalqaro universal 
va mintaqaviy hujjatlarda tartibga solingan inson huquqlarini ham mujassamlashtirgan. 
Xartiyada bu huquqlarni mustahkamlovchi ushbu qoida afrika taraqqiyotining o'ziga 
xosliklarini inobatga olgan holda Afrika xartiyasida aks ettirilganligi sababli boshqa 
xalqaro hujjatlardagi qoidalar bilan aynamasligini ta'kidlash lozim.

70
Shaxs individual huquqlarini mintaqa davlatlarida amalga oshirilishining o'ziga 
xosligi shuningdek, individning oila, jamiyat, davlat va boshqa qonun bilan tan olingan 
tashkilotlar va umuman xalqaro hamjamiyat oldidagi muayyan majburiyatlarini 
belgilashda ham inobatga olingan.
Inson va xalqlar huquqlari bo'yicha Afrika komissiyasining asosiy funksiyalari 
inson va xalqlar huquqlarini rag'batlantirish va tegishli normalarni ishlab chiqishdan 
iborat va shuningdek, davlatlardan axborot va “boshqa axborotlar” olishi va ko'rib 
chiqishi mumkin. Bunda “boshqa axborotlar” deganda alohida shaxslar, shaxslar guruhi, 
shuningdek, inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi tashkilot yoki muassasalarning 
axborotlari kiradi.
Arab ligasini tashkil qiluvchi Pakt 1952 yilda kuchga kirgan va BMT Nizomi 
VIII bobining mazmunini (BMT Nizomi prinsiplariga muvofiq mintaqa davlatlari 
hamkorligining maqsadi mitaqada tinchlik va xavfsizlikni qo'llab-quvvatlash) 
mintaqaviy kelishuv shaklida rasman mustahkamlagan.
Umume'tirof etilgan inson huquqlarining islom tizimi manbalariga quyidagilar 
kiradi:
Inson huquqlari Umumislom Deklarasiyasi (1981 yil);
Islomda inson huquqlari qohira deklarasiyasi (1990 yil);
Inson huquqlari Arab xartiyasi (1994 yil).
Deklarasiyasining kirishida inson huquqlarining diniy kelib chiqishiga binoan 
“hyech qaysi rahbar yoki hukumat, hyech qaysi assambleya yoki hokimiyat har qanday 
shaklda Olloh tomonidan berilgan inson huquqlarini cheklashi, bekor qilishi yoki 
buzishi mumkin emas, shuningdek hyech kim ulardan voz kecha olmaydi” deya 
ta'kidlanadi.
Inson huquqlariga islomiy yondashuvning muhim elementi shundaki, ular “butun 
islom tartibining tarkibiy qismi hisoblanadi”.
Deklarasiya mualliflari daxlsiz va ajratilmas inson huquqlarini hurmat qilish va 
ularni islom tomonidan berilgan sifatida ko'rish majburiyatini oladilar.
Inson huquqlari Umumislom Deklarasiyasi nohukumat tashkiloti tomonidan 
qabul qilinganligi sababli majburiy xususiyat kasb etmaydi. U universal xalqaro-
huquqiy normlarning asosiy qoida va prinsiplaridan kelib chiqadi, biroq davlatlar 
oldiga muayyan kafolatlarni ta'minlash va uning qoidalarini milliy qonunchilikka 
implementasiya qilish vazifasini qo'ymaydi. E'tirof etilgan huquq va erkinliklar 
o'zining tarkibi va sharhlash imkoniyatidan kelib chiqib, islom huquqi va undan kelib 
chiquvchi qonun hujjatlariga bog'langan bo'lib, bu ushbu hujjatga an'anaviy xususiyat 
bag'ishlaydi va bu sohada qator “Islom birdamligi” harakati a'zo-davlatlarida huquqiy 
amaliyot bilan nomutanosibligini ko'rsatadi.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi BMT tomonidan belgilangan geografik mintaqalar 
ichida o'zining mustaqil inson huquqlari himoya tizimiga ega bo'lmagan mintaqa 
hisoblanadi. Buning asosiy sabablaridan biri bu Osiyo-Tinch okeani mintaqasi 
Amerikadagi Amerika davlatlari tashkiloti, Yevropada Yevropa Kengashi, Afrikada 
Afrika Ittifoqi kabi mintaqaviy siyosiy birlashmaga ega emasligidir. Ushbu 
mintaqalarning barchasida aynan ushbu birlashmalar inson huquqlari tizimini yaratish 

71
va ularga rioya qilinishi ustidan nazoratni tashkil qilishga turtki bo'lgan edi. Osiyo-
Tinch okeani mintaqasi mustaqil inson huquqlari himoya tizimiga ega emasligini 
asoslovchi boshqa omillar mintaqaning kengligi va bir turli emasligi bilan bog'liq. 
Ushbu mintaqa mamlakatlari yagona din, madaniyat yoki tarix bilan bog'liq emas, 
ularda turli siyosiy va ijtimoiy sharoitlar mavjud va Osiyo bir butun sifatida harakat 
qilishi uchun xizmat qila oladigan umumiylik uchun haqiqiy asoslar mavjud emas.
BMT dunyoning ushbu qismida yagona mintaqaviy kelishuv yaratishga qaratilgan 
salmoqli harakatlarni amalga oshirmoqda. Biroq, bu say'-harakatlar o'z mahsulini 
berish imkoniyati ehtimoldan uzoq bo'lib, hyech bo'lmaganda yaqin kelajakda.
Ba'zi mutaxassislarning e'tirof etishicha, submintaqaviy tuzilmalar (masalan, 
Janubiy-Sharqiy Osiyo) nisbatan haqiqatga yaqinroq va o'z-o'zidan ularning tashkil 
etilishini qo'llab-quvvatlash joiz. Boshqalarining fikricha, dunyoning bu qismida 
inson huquqlariga rioya qilinishi tizimini tashkil qilish harakatlari samarasizdir va 
hattoki, agar muvaffaqiyat qozongan taqdirda ham, buning natijasi o'laroq juda zaif 
va samarasiz tuzilma tashkil qilinadi.
5.6. Jinoyat prosessida umume'tirof etilgan inson huquqlari  
prinsiplari va normalari
O'zbekiston Konstitusiyasi Muqadimmasida xalqaro huquq normalarining milliy 
qonunchilikdan ustun turishini tan olinadi. Bundan tashqari, Jinoiy-prosessual 
kodeksda agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida qonunda nazarda 
tutilgan qoidalardan o'zga qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalarining 
qo'llanishi mustahkamlab qo'yilgan. Shunga asosan O'zbekiston Konstitusiyasi va 
Jinoiy-prosessual kodeksi xalqaro huquqni inson huquqlarini himoyalash davlat ichki 
tizimining manbai deb tan oladi, degan xulosaga kelish mumkin.
Shu o'rinda jinoyat prosessi fanida “xalqaro huquqning umume'tirof etilgan 
prinsiplari va normalari” kategoriyasining noaniqligi va ishlab chiqilmaganligini 
qayd etish maqsadga muvofiq. Hozirgi kunga qadar rasman sharhlangan aktlarda ham 
“xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalari” kategoriyasining 
mazmuni ochib berilmagan.
“Xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalari”ning mavjudligini 
va aniq normativ mazmunini oydinlashtirish masalasi xatto huqushunos olimlar 
o'rasida ham ko'plab baxs-munozaralarni keltirib chiqarmoqda. Bunday vaziyatning 
yuzaga kelishiga bir qator omillar, xususan yuridik adabiyotlarda “xalqaro huquqning 
umume'tirof etilgan prinsiplari va normalari” tushunchasining mohiyati haqidagi 
fikrlarning tarqoqligi sabab bo'lmoqda.
Shu munosabat bilan prinsipial ahamiyatga ega bo'lgan quyidagi bir necha 
masalalarni hal etish zaruriyati tug'iladi:
birinchidan, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalari 
deyilganda nima tushuniladi?
ikkinchidan, ushbu prinsip va normalar aynan qaysi xalqaro-huquqiy hujatlarda 
mustahkamlangan?

72
Qayd etish joizki, tarixan xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va 
normalarini ifodalashning bir necha shakllari vujudga kelgan. Xalqaro-huquqiy odat 
va xalqaro shartnoma ushbu shakllar orasida eng asosiylari deb tan olingan.
Xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalarining belgilari 
sifatida quyidagilarni ko'rsatish mumkin:
birinchidan, har qanday xalqaro huquq normasi kabi, umume'tirof etilgan norma xulq-
atvor qoidalari bo'lib, uning mazmuni davlatlarning xohish-irodalarini muvofiqlashtirish 
natijasida belgilanib, ular tomonidan shu ko'rinishda o'z xohishlariga ko'ra qabul qilinadi;
ikkinchidan, umue'tirof etilgan normalar bu turli mamlakatlar uchun umumiy 
bo'lgan huquq normalari bo'lib, ular turli davlatlar tomonidan tan olinadi;
uchinchidan, umume'tirof etilgan normalar barcha davlatlarni qamrab oladigan 
yoki qamrab olishi zarur bo'lgan huquqiy tizim elementlaridir. Bular barcha davlatlar 
uchun umumiy bo'lgan, ushbu davlatlarning barchasi uchun birdek qo'llanadagan 
xalqaro huquq normalaridir.
Mazkur belgilarni hisobga olgan holda mazkur tushunchaga quyidagicha ta'rif 
berishimiz mumkin: Umume'tirof etilgan norma — davlatlar hamkorligining 
erishilgan darajasini mustahkamlovchi, yuzaga kelgan muammolarni yechishda 
o'zaro mafaatlardorlikni ta'minlaydigan va barcha yoki ko'pchilik davlatlar tomonidan 
umumiy deb tan olinadigan xulq-atvor qoidalaridir.
Barcha uchun umumiy bo'lgan normalar, birinchi navbatda, hukumatlararo 
universal tashkilotlar (Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan 
muassasalari, Interpol va boshqalar) va butunjahon konferensiyalari doirasida qabul 
qilinadigan hujjatlardan o'rin olasa, mahalliy normalar asosan hududiy tashkilotlar 
va konferensiyalarning (Amerika davlatlari tashkiloti, Yevropa kengashi, Yevropada 
xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) hujjatlarida aks etadi.
Barcha dunyo xalqlarining jamoaviy tajribasi va umumiy merosidan ajratib olingan 
Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va inson huquqlari bo'yicha xalqaro paktlar 
inson huquqlari sohasida barcha xalqlar va davlatlar uchun umumiy bo'lgan xulq-
atvor standartlarini tashkil etadilar.
Xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari quyidagi uchta manbada 
mustahkamlab qo'yilgan: BMT Nizomi, 1970 yilda qabul qilingan Xalqaro huquq 
prinsiplari deklarasiyasi va 1975 yilda qabul qilingan Yevropada xavfsizlik va 
hamkorlik bo'yicha kengashning xulosa akti. Ta'kidlash joizki, umume'tirof etilgan 
prinsiplar o'zaro aloqadorlik belgilariga ega. Masalan, 1970 yilda qabul qilingan 
Xalqaro huquq prinsiplari deklarasiyasida aytilishicha, “... talqin etish va qo'llashda 
prinsiplar o'zaro aloqadorlikdadirlar va har bir prinsip boshqa barcha prinsiplar 
qurshovida ko'rib chiqilishi lozim”. Shuning kabi YeXXKning xulosa aktida 
ta'kidlanishicha bayon etilgan prinsiplarni “qo'llashda har biri boshqalarini e'tiborga 
olgan holda talqi etiladi”.
1970 yilgi Xalqaro huquq prinsiplari deklarasiyasi va 1975 yilgi Yevropada 
xavfsizlik va hamkorlik kengashining xulosa akti mazmunlarining tahlili xalqaro 
huquqning quyidagi umume'tirof etilgan prinsiplarining o'zaro aloqadorlikda ekanligi 
to'g'risida xulosa chiqarish imkonini beradi:

73
1) o'zaro totuvlikda hayot kechirish;
2) kuch ishlatish yoki kuch bilan qo'rqitishdan o'zaro voz kechish, ichki ishlarga 
aralashmaslik;
3) xalqaro nizolarni tinch yo'l bilan hal etish;
4) davlatlararo hamkorlik;
5) teng huquqlilik va o'z taqdirini o'zi belgilash;
6) davlatlarning suveren tengligi;
7) davlatlar tomonidan majburiyatlarning sidqidildan bajarilishi;
8) davlatlar hududlarining daxlsizligi;
9) inson huquqlari va asosiy erkinliklariga hurmat.
Xalqaro huquq prinsiplarining umume'tirof etilgan normalar o'rasidagi o'ziga xos 
o'rnini alohida qayd etish lozim. Bu xalqaro huquqning eng muhim, eng umumiy, 
umume'tirof etilgan imperativ normalaridir. Ular xalqaro huquqning eng barqaror 
o'zagini tashkil etish bilan birga xalqaro qonunchilikning mezoni ham hisoblanadi. 
Barcha xalqaro sharnomalar va odatlar yuridik jihatdan haqiqiy va majburiy bo'lishi 
uchun xalqaro huquqning asosiy prinsiplariga mos kelishi lozim, ularning mazmunida 
noaniqlik bo'lgan taqdirda, ularni asosiy prinsiplardan kelib chiqqan holda talqin 
etish kerak.
Inson huquqlari to'g'risidagi barcha xalqaro-huquqiy hujjatlarni ikkita katta 
guruhga bo'lish mumkin — deklarasiyalar va konvensiyalar (paktlar).
Deklarasiya (lotincha declaration — e'lon qilish, e'tirof etish) majburiy kuchga 
ega emas, bu — tavsiyalardir. Unda inson huquqlari to'g'risidagi asosiy prinsiplar, 
dasturiy qoidalar e'tirof etiladi.
Konvensiya (lotincha conventio — shartnoma, kelishuv) — biror bir maxsus 
masala yuzasidan xalqaro kelishuv bo'lib, odatda u unga qo'shilgan (imzolagan, 
ratifikasiya qilgan) davlatlar uchun majburiy kuchga ega bo'ladi.
Pakt — konvensiyaning o'zi, lekin mazmunan xilma xil.
O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari va erkinliklariga oid xalqaro 
shartnomalari mamlakatning Oliy Majlisi tomonidan ratifikasiya qilinadi. O'zbekiston 
uchun xalqaro shartnomaning kuchga kiritilishi jarayoni uni rasman e'lon qilish 
bilan yakun topadi.
O'zbekiston uchun kuchga kirgan, ya'ni ratifikasiya qilingan va tegishli tartibda 
e'lon qilingan xalqaro shartnomalar yuridik jihatdan majburiy aktlar hisoblanib, 
ulardagi umume'tirof etilgan inson huquqlari prinsiplari va normalari O'zbekiston 
jinoyat prosessida aks ettirilgan bo'lishi lozim.

74
6-BOB.
INSON HUQUQLARI BO'YICHA XALQARO STANDARTLAR. INSON  
VA FUQARO HUQUQLARI VA ERKINLIKLARI TIZIMI,  
UNING O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI  
QONUNCHILIGIDA MUSTAHKAMLANISHI.
6.1. Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar tushunchasi
Inson huquqlari sohasida standart tushunchasi xalqaro hujjatlarda mustahkamlab 
qo'yilgan majburiy talablarni, normalarni bildiradi. Ma'lumki, Inson huquqlari 
umumjahon deklarasiyasi yuridik majburiy hujjat hisoblanmaydi, biroq unda 
mustahkamlab qo'yilgan inson huquqlari standartlarning yorqin misoli hisoblanadi. 
Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasidagi standartlar inson huquqlari bo'yicha 
xalqaro huquq uchun, inson huquqlari bo'yicha milliy tizimni yaratish uchun asos 
hisoblanadi.
Inson huquqlari bo'yicha hujjatlar qaysi xalqaro tashkilot doirasida qabul 
qilinganligiga qarab, universal tashkilotlar — BMT doirasida qabul qilingan universal 
standartlarga va mintaqaviy standartlarga (misol uchun, Yevropa Kengashi doirasida 
qabul qilingan — Yevropa Kengashi standartlariga) bo'linadi. Universal va mintaqaviy 
standartlar o'rtasida qarama qarshiliklar yo'q, balki ko'proq bu izchillik, muvofiqlikdir. 
Mintaqaviy standartlar inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalardagi inson 
huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni hamda ularni himoya qilishni yanada 
mustahkamlashga ko'maklishishi lozim. Mintaqaviy standartlar mahalliy bo'lib, 
mintaqadagi mamlakatlarning tarixiy an'analari, madaniyati, rivojlanish darajasini 
hisobga olgan holda universal standartlarga nisbatan yanada aniqroq va yuksakroq 
normalarni o'rnatadi.
Milliy qonunchilikni inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarga muvofiq 
kelishi talabi inson huquqlari bo'yicha shartnomalarning ishtrokchilari uchun eng 
qattiq talablardan hisoblanadi.
Inson huquqlarining xalqaro huquqi
1
  (inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar) 
barcha davlatlar hamda ularning mansabdor shaxslari hisoblangan huquqni muhofaza 
qiluvchi organlarini ham qamrab oluvchi ush bu davlatlarning vakillari uchun yuridik 
majburiy hisoblanadi.
1  Qarang: Саидов А. Х., Международное право по права человека./ Отв.ред Б. Н. Топорин М. — 
2004.

75
Inson huquqlari xalqaro huquqning institutlaridan biri hisoblanib, u inson 
huquqlari sohasida asosiy, umume'tirof etilgan standartlarni belgilab beradi.
Ma'lumki, xalqaro hamjamiyat o'z tarixiga, huquqiy an'analariga va madaniy 
qadriyatlariga ega bo'lgan turli xil davlatlardan tashkil topgan bo'lib, inson huquqlari 
va unga bo'lgan qarashlar ko'proq yuqoridagi omillarga bog'liq hisoblanadi.
Shuning uchun ham inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni o'rnatish hozirgi 
zamon sharoitlarida shaxsning huquq va erkinliklarini haqiqiy ta'minlab berishning 
o'ta muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Inson huquqlari bo'yicha umume'tirof 
etilgan standartlar doktrinasi inson huquqlari hamma joyda bir xil bo'lishi, ya'ni, 
birinchidan bu huquqlar mustahkamlab qo'yilgan moddiy huquq normalari bir xil 
bo'lishi lozimligi, ikkinchidan, bu normalarni qo'llash bir tahlitdagidek bo'lishi 
lozimligiga asoslanadi.
Inson huquqlari faqatgina g'arb sivilizasiyasi mevasi hisoblanmaydi, balki u butun 
insoniyatga tegishlidir, shuning uchun ham ular turli xalqlarning madaniyatidan qat'i 
nazar sharhlanishi mumkin emas va bunday qilib bo'lmaydi. Inson huquqlari bo'yicha 
xalqaro standartlarni tushuntirishda inson huquqlarining universalligi (universality 
of human rights) va inson huquqlari sohasidagi universalizm (universalism in human 
rights)ni farqlash lozim bo'ladi.
Inson huquqlarining universalligi deganda inson huquqlari g'oyasini haryoklamaligi, 
xammabopligini e'tirof etish tushuniladi, inson huquqlari sohasida universalizm esa, 
inson huquqlari g'oyalarini sharhlash va qo'llashga taalluqlidir. Inson huquqlarining 
universalligiga 1948 yili Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganidan 
bir necha yildan keyin erishilgan bo'lib, bu bugungi kunda birorta ham davlat uni 
inkor etmayotganligi bilan tasdiqlanadi. Boshqacha aytganda, inson huquqlari g'oyasi, 
shundayligicha barcha davlatlar tomonidan e'tirof etilmoqda.
Inson huquqlari sohasida universalizm to'g'risidagi gapirilganda esa, bugungi 
kunda unga erishilgani yo'q. Universalizm inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquqni 
sharhlash va uni qo'llashga nisbatan yalpi rozilikni ko'zda tutadi. Bunday yalpi 
rozilikning yo'qligi BMT doirasida inson huquqlari masalalarini ko'rib chiqishda 
universalizm muhokama predmeti bo'lib davom etayotganligi fakti bilan tasdiqlanadi
2
.
Shu bilan bog'liq ravishda 1993 yilgi Vena deklarasiyasi va Harakat dasturida 
mavjud qoidaga e'tiborni qaratish lozim bo'ladi, unda quyidagicha ko'rsatib o'tilgan: 
“barcha inson huquqlari universal, bo'linmas, o'zaro bog'liq va o'zaro aloqada”, biroq 
yana quyidagi ham qayd etiladi “milliy va diniy xususiyatlar hamda turli tarixiy, 
madaniy va diniy o'ziga xosliklarning ahamiyatini e'tiborga olish kerak bo'lsada, 
davlat o'zining siyosiy, iqtisodiy va madaniy tizimi qanday bo'lishidan qat'i nazar 
barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklarni rag'batlantirish va ularni himoya qilish 
majburiyatini zimmasiga oladi”.
Mazkur holatda inson huquqlarining universalligi to'g'risida (universalizm to'g'risida 
emas) gap bormoqda. Boshqacha aytganda, inson huquqlari mustahkamlab qo'yilgan 
2  Qarang: Baderin M.A. International Human Rights and Islamic Law. Oxford: Oxford University 
Press, 2003. P. 23–24.

76
huquqiy normalar universal bo'lishi lozim, biroq bu degani barcha holatlarda ham 
ular mutlaq bir xil sharhlanishi lozim degani emas. Bo'lmasa, 1993 yilgi Vena 
deklarasiyasi va Harakat dasturiga milliy mintaqaviy xususiyatni va turli tarixiy, 
madaniy va diniy o'ziga xosliklarni hisobga olishning zaruriyati to'g'risidagi qoidani 
kiritishning ma'nosi bo'lmas edi.
Turli tarixiy, madaniy va diniy o'ziga xosliklarni hisobga olib inson huquqlarining 
universalligini talqin qilish maqsadida xalqaro shartnomalarning u yoki bu qoidalarini 
jamiyatning ahloqiy qadriyatlari bilan bog'liq ravishda tushuntirishigacha bo'lgan 
darajada davlatning harakat qila olishi erkinligini ko'zda tutuvchi o'z ixtiyoriga 
ko'ra ish tuta olish erkinligining chegarasigacha bo'lgan doktrinadan foydalanishi 
mumkin bo'lar edi. Xalqaro shartnomalarning ko'plab qoidalari juda yuqori darajada 
mavhumlashtirib shakllantirilganligi, ularni mahalliy ahloqiy va madaniy standartlar 
nuqtai nazardan tushuntirish imkoniyatini beradi.
Xalqaro va milliy (davlatning ichki) huquqning nisbati va o'zaro ta'siri muammosi 
yurisprudensiyaning bugungi eng muhim va murakkab muammolaridan birini tashkil 
etadi. Uning amaliy ahamiyati davlat organlari uchun ham, har bir inson uchun 
ham so'zsiz oshib bormoqda. Asosiy inson huquqlari xalqaro huquq normalari bilan 
belgilanishini eslashning o'zi ham yetarlidir.
Xalqaro huquqning rivojlanishi, uning milliy huquq bilan o'zaro ta'sirining 
chuqurlashib borishi ijtimoiy hayotning baynalminallashuvi bilan ham belgilanmoqda. 
Dunyoning o'zaro bog'liqligi va yagonaligi milliy siyosiy-huquqiy tizimlar yagona 
global tizimning qismlari sifatida, bir birlari bilan ham, shuningdek butun xalqaro 
munosabatlar tizimi bilan ham o'zaro aloqadorligini anglatadi. Ichki vazifalarni hal 
etish o'sib borayotgan tashqi muhitning ta'siriga bog'liqdir.
Davlatlarning suveren tengligi prinsipiga muvofiq har bir davlat o'zining huquqiy 
tizimini o'zi erkin tanlashi va shunday ekan, o'z huquqiy tizimini xalqaro huquq bilan 
o'zaro ta'sir qilish tartibini belgilashi mumkin. Shu bilan bir qatorda, suveren tenglik 
prinsipi har bir davlat o'zining xalqaro majburiyatlarini to'liq va vijdonan bajarishi 
majburiyatini ham belgilab beradi.
Mazkur qoidalarda anchadan beri e'tirof etilgan qoida ham o'z aksini topgan, unga 
ko'ra xalqaro huquq davlatga majburiyat yuklaydi, ularni mamlakat ichida ro'yobga 
chiqarishning tartibi esa, agar xalqaro-huquqiy normalarda boshqacha kelishilmagan 
bo'lsa, milliy huquq bilan belgilanadi.
Milliy darajada amalga oshiriladigan normalarning sonini oshib borishi bilan 
birga yangi holatlar ham paydo bo'lmoqda. Misol uchun, inson huquqlari to'g'risidagi, 
jinoyatlarning ayrim turlari to'g'risidagi xalqaro normalarning ro'yobga chiqarishni 
tegishli ravishda qonunlarni qabul qilmasdan amalga oshirib bo'lmaydi. Natijada 
davlat bunday normalarga qo'shilar ekan, tegishli qonunlarni qabul qilish majburiyatini 
o'z zimmasiga oladi.
Umuman olganda, davlat o'z huquqiy tizimini o'zi yaratishi va shunday qilib 
xalqaro majburiyatlarining bajarishini ta'minlashi lozim. Davlatda inson huquqlariga 
va huquq hukmronligiga hurmatga asoslangan demokratik boshqaruv o'rnatiladigan 
sharoitlardagina tinchlik va xalqaro-huquqiy tartibot ishonchli ravishda ta'minlab 

77
berilishi mumkin. Xalqaro hayotdagi demokratiya va qonuniylikka davlatning 
ichidagi demokratiya va qonuniyliksiz erishib bo'lmaydi.
Shunday qilib, inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar xalqaro shartnomalarda 
mustahkamlab qo'yilgan, yuridik kuchga kirgan va davlatning oliy qonunchilik organi 
tomonidan ratifikasiya qilinib, unga muvofiq milliy qonunchilikda tegishli normativ-
huquqiy hujjatlar qabul qilingan qoidalar hisoblanadi..

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   34


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling