Abduraxmon jomiyning tasavvufiy qarashlari
Tarjimasi: «...Vahdati vujud isboti va uning shuhud darajalarida tanazzul topishi bayonida bir necha ruboiy... yozilgan edi...»
Download 106.89 Kb.
|
ABDURAXMON JOMIYNING TASAVVUFIY QARASHLARI
Tarjimasi: «...Vahdati vujud isboti va uning shuhud darajalarida tanazzul topishi bayonida bir necha ruboiy... yozilgan edi...»
Demak, Jomiyning muqaddimadagi «vahdati vujud isbotida» degan iborasi asarning ikkinchi nomini ham oldindan belgilab qо‘ygan. 2. Jomiyning «Sharhi ruboiyot» asari XVI asrda «sharhi ruboiyotnavislik» yoxud о‘z ruboiylariga sharh bitish an’anasiga yо‘l ochib berdi. Natijada, Jaloliddin Davoniy va Mulloshoh Badaxshoniy tomonidan ham «Sharhi ruboiyot»lar yozildi. Bu asarlar ham Jomiyning «Sharhi ruboiyot»i darajasida bо‘lmasa-da, Movarounnahr va Xurosonda keng tarqalgan asarlar sirasiga kiradi. Demak, keyingi davrlarda Jomiyning «Sharhi ruboiyot»ini boshqa «Sharhi ruboiyot»lardan ajratib kо‘rsatish zarurati ham tug‘ilgan va tabiiyki Jomiyning muqaddimadagi ta’kidi asarning ikkinchi nom bilan ham atalishiga asos bо‘lgan. 3. Ikkinchi nom orqali asarning mohiyati va mazmun-mundarijasiga urg‘u berilgan. Har holda, «Sharhi ruboiyot»ning ikkinchi nom bilan atalishi uning keyingi asrlarda vahdat ul-vujud mavzuida yozilgan asar sifatida e’tirof etilganligini kо‘rsatadi. «Vahdat ul-vujud» nazariyasi «Sharhi ruboiyot»da ikki yо‘l orqali talqin etiladi: 1. Vujud (Borliq) va vujud haqiqatining bayoniga bag‘ishlangan ruboiylar va ularning sharhiga singdirilgan vahdat ul-vujudiy qarashlar; 2. Turli nazariyalar, mavzular va masalalar zamiriga singdirilgan vahdat ul-vujudiy qarashlar orqali. Jomiy «Sharhi ruboiyot»da «vahdat ul-vujud» iborasini iloji boricha kamroq ishlatishga, buning о‘rniga uni kо‘proq zimdan talqin etishga harakat qiladi. Shundan kelib chiqib, u kо‘proq bevosita yо‘lni emas, balki bilvosita yо‘lni maqsadga muvofiq deb biladi. YA’ni, о‘zining vahdat ul-vujudiy qarashlarini boshqa nazariyalar va masalalar tarkibida talqin etishni ma’qul topadi. Islom adabiyotida shoir va olimlarning o‘z asarlariga sharh yozishlari juda kam uchraydigan, nodir holatlardan biridir. Sharq adabiyoti tarixida bu ishga birinchi bo‘lib Abdurahmon Jomiy qo‘l urgan va o‘zining vahdat ul-vujud mavzuiga oid ruboiylariga falsafiy-irfoniy sharh (commentary) yozgan. Bu sharh-asar Jomiyning «Sharhi ruboiyot», «Sharhi ruboiyot fi isboti vahdat al-vujud» nomlari bilan XV - XVI asarlardayoq ma’ruf bo‘lgan falsafiy-irfoniy asaridir. «Sharhi ruboiyot» ba’zi nusxalarda «risola» deb atalgan. Masalan, Jomiyning o‘zi uni «noma», Ya’ni «asar» deb atagan bo‘lsa-da, ba’zi kotiblar, jumladan, «Sharhi ruboiyot» nusxalaridan birini h.1017 (m. 1660) yili ko‘chirgan Muhammad Husayn Ibn Mullo Muhammad Solih asarning so‘ngida «risola» deb ataydi.1 Asarda avval ruboiylar, so‘ng ularning sharhi berilgan. Sharhlar ruboiy janriga nisbatan o‘rtacha hajmda. Asarda arab tilidagi matnlardan ham keng foydalanilgan. Xususan, Ibn al-Arabiy maktabi namoyandalari va naqshbandiya tariqati ulug‘lari tomonidan aytilgan so‘zlar dalil, misol va bildirilgan fikrni tasdiqlovchi hujjat sifatida to‘la arab tilida berilib, unga nisbatan bildirilgan munosabat yana fors tilida bayon etilgan. Jomiyning «Sharhi ruboiyot» asari xususida birinchi marotaba Alisher Navoiy «Xamsat ul-mutahayyirin»da qisqacha ma’lumot berib o‘tadi va bu asarga «fano tariqatida mosivalloh adosig‘a to‘rt takbir urmoq aning mutolaasidan muyassardir»1 – deb yuksak baho beradi. Ko‘rinib turibdiki, Navoiy bu qisqacha baho berish bilan asarning eng muhim ahamiyati Ya’ni, mutolaasidan Allohdan o‘zga barcha narsadan mosivo bo‘lishning eng yuksak darajasini ta’kidlab o‘tadi. «Sharhi ruboiyot» XVI asrda yozilgan aksar manbalar – tazkiralar va tarixnomalarda Jomiyning boshqa asarlari qatori zikr etib o‘tilgan. Hatto, ba’zi bir manbalarda, jumladan, «Tarixi Rashidiy»da bu asar Jomiyning o‘sha davrdagi eng mashhur asarlari qatori tilga olinadi. XX asrning ikkinchi yarimiga kelib, Jomiyning adabiy-badiiy merosi bilan birga falsafiy-ijtimoiy qarashlari va falsafiy-irfoniy merosi ham sharqshunos va islomshunos olimlarda qiziqish uyg‘ota boshladi. Agar e’tibor berilsa, Jomiyning falsafiy-irfoniy merosidan tadqiqotga jalb etilgan birinchi asari ham «Sharhi ruboiyot» bo‘lib chiqadi. «Sharhi ruboiyot» birinchi marotaba taniqli rus sharqshunos olimi YE.E.Bertels tomonidan tadqiqotga jalb etilgan. YE.E.Bertels o‘zining «Abdurahmon Jomiyning «Sharhi ruboiyot» asari haqida» nomli maqolasida «haligacha jiddiy e’tibor berilmagan»2 bu asar xususida qisqacha ma’lumot berib o‘tadi. Jumladan, u germaniyalik sharqshunos olim V.Perchning Jomiy asarlari fehristida3 «Sharhi ruboiyot»ning Jomiy asari ekanligini shubha ostiga qoldiradigan mulohazalarini quyidagi dalillar bilan rad etadi: Asardagi ruboiylar Jomiy devonlarida uchramaydi. Bu - tabiiy hol. Chunki ularning har biri o‘z sharhi bilan mukammal hisoblanadi. Umuman, nasr bilan birga keltirilgan ruboiylar devonga kiritilmagan. Til nuqtai nazaridan, bu asar Jomiyga nisbat beriladigan biron bir alohida xususiyatga ega emas. Undagi ruboiylar go‘zal bir tilda yozilgan, biron ortiqcha pardoz berilmagan. Ammo arabcha so‘zlari juda ko‘p. Bu ham tabiiy. Chunki asarning mazmun-mundarijasi shuni taqozo etgan. Asar shunday bir uslubda yozilganki, uning so‘z san’atining mohir ustasi va irfon falsafasining bilimdon bir olimi tomonidan yozilganiga hech qanday shak-shubha qoldirmaydi. Bertels bu masalada Ch.Ryo tomonida ekanligini ta’kidlab, bu asar shubhasiz Jomiyniki, degan xulosaga keladi.1 Ammo, bizningcha, «Sharhi ruboiyot»ning Jomiy asari ekanligi Navoiy asarlari va XVI asrning boshqa manbalarida yaqqol ko‘rsatilganligi, asarning murakkab falsafiy-irfoniy tili, Ibn al-Arabiy falsafasiga xos istilohlar, bu asarning Jomiy «Kulliyot»ida ham mavjudligi kabi o‘nlab misollarda o‘z isbotini topgan va bu haqda bahs yuritishning hech qanday zarurati ham, hojati ham qolmagan. YE.E.Bertels har bir ruboiyning asl matni, so‘ng uning satrma-satr tarjimasi, undan so‘ng sharhning qisqacha izohli tarjimasini beradi. Hoshiyada esa sharhning asl matnini keltiradi.2 Bertelsning ko‘proq ilmiy axborot va tarjimaviy ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur maqolasi, har holda «Sharhi ruboiyot»ga oid yagona tadqiqot hisoblanadi. Agar Moyil Hiraviy va A’loxon Afsahzod kabi taniqli jomiyshunos olimlarning «Sharhi ruboiyot» haqidagi qisqacha ma’lumotlarini hisobga olmasak, bu mavzu atrofida haligacha jiddiy bir tadqiqot yuzaga kelgan emas. Moyil Hiraviy o‘zining Movlono Jomiyning hayoti, ijodi, faoliyati va qarashlarini mo‘jaz tarzda qamrab olgan tadqiqotida «Sharhi ruboiyot»ning tili va uslubi haqida qisqacha munosabat bildirib, bu asar Ibn al-Arabiy falsafiy maktabiga xos bo‘lgan falsafiy-irfoniy istilohlar bilan to‘lib ketgan, degan shoshilinch xulosa chiqaradi.3 «Sharhi ruboiyot» haqidagi uchinchi qisqa ma’lumot asarning Dushanbe nashriga Abo‘bakr Zuhuriddinov tomonidan yozilgan so‘zboshidir. Ammo mazkur so‘zboshi ham A.Afsahzod bergan ma’lumotlarni takrorlaydi, xolos.4 Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, «Sharhi ruboiyot» haqida yozilgan ilmiy axborotlar va bildirilgan fikr-mulohazalarning barchasida (Alisher Navoiyning irfoniy ta’rifi bundan mustasno) bir yoqlamalik sezilib turadi. Ya’ni, ularda bu asarga tilshunoslik va adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan yondashish maylini ko‘proq mushohada etish mumkin. Holbuki, mazkur asarning yozilishiga XV-XVI asrlarning adabiy muhiti yo estetik didi emas, balki ushbu davrning fikriy talab-ehtiyojlari sabab bo‘lgan. Ya’ni, bu asar agarchi nazm va nasr aralash yozilgan bo‘lsa-da, til, uslub, mavzu, mundarija, janr, mohiyat va ko‘zda tutilgan maqsad nuqtai nazaridan, ilmiy-nazariy, falsafiy-irfoniy ahamiyatga ega. Yana bir narsani nazarda tutish lozim: «Sharhi ruboiyot» badiiy asar bo‘lganda edi, adabiy-badiiy meyorlar eng yuksak darajaga yetgan davr (XV-XVI asrlar) talablari darajasida yozilgan bo‘lar edi. Albatta, bu bilan asarning tili va uslubini kamsitmoqchi yo tanqid qilmoqchi emasmiz. Zero, «Sharhi ruboiyot»ning boshqa bir fazilati ham bor: u XV-XVI asrlar ilmiy-falsafiy uslubining eng go‘zal namunalaridan biri hisoblanadi«Sharhi ruboiyot» Jomiyning nafaqat vahdat ul-vujud mavzuidagi she’rlarini, balki uning ilmiy-nazariy yo‘nalishdagi falsafiy-irfoniy merosini o‘rganishda ham eng yaxshi ochqich hisoblanadi. Chunki bu asarda Jomiyning barcha falsafiy-irfoniy qarashlari, vahdat ul-vujudiy talqinlari, mazhabiy mavqei va naqshbandiyona kayfiyati jamuljam shaklda, go‘zal va mo‘jaz bir uslubda o‘z ifodasini topgan. Shuni qayd etish lozimki, «Sharhi ruboiyot» Movlono Jomiyning kotiblar tomonidan eng ko‘p ko‘chirilgan tasavvufiy-irfoniy asaridir. Bu asar XVI asrning boshlaridanoq Xurosonu Movarounnahr, Eronning g‘arbiy va janubiy viloyatlari, Hindiston va Turkiya mamlakatlariga keng tarqalgan va irfon ahli orasida katta shuhrat qozongan ekan. Hozirgi paytda bu asarning qo‘lyozma nusxalari O‘zbekiston, Tojikiston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya va Rossiya kutubxonalarida saqlanmoqda. «Sharhi ruboiyot» asosan Movarounnahr zaminida, xususan, bugungi O‘zbekiston hududida ko‘chirilib tarqatilgan. Bizningcha, bunga quyidagi omillar sabab bo‘lgan: «Sharhi ruboiyot»ning ahli sunna va jamoa aqoidi, hanafiya mazhabining kalomiy qarashlari doirasida yozilganligi va Movarounnahr xalqining asosiy qismini hanafiylar tashkil etishi; Ibn al-Arabiy ta’limotining Movarounnahr naqshbandiylariga ko‘rsatgan kuchli ta’siri; Movlono Jomiyning movarounnahrlik naqshbandiylar va ilmu adab ahli orasidagi ta’sir kuchi, nufuzi va shuhrati; «Sharhi ruboiyot»navislikning asosan Movarounnahr mutafakkirlari va shoirlari tomonidan an’ana sifatida (XVI-XVII asrlar) davom ettirilishi; 5. «Sharhi ruboiyot»da qo‘llangan uslubning movarounnahrlik olimlar va shoirlar tomonidan qabul etilishi va bu uslubning ularning badiiy-estetik qarashlariga mos tushishi. Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, «Sharhi ruboiyot»ning jahon ilmiy-tadqiqot markazlari va kutubxonalarida yuzga yaqin qo‘lyozma nusxalari saqlanadi. Ammo biz uning rus sharqshunos olimi YE.E Bertelsning “Sufizm i sufiyskaya literatura”. –(M.: Nauka, 1965.) nomli kitobidagi «Abdurahmon Jomiyning «Sharhi ruboiyot» asari haqida» nomli maqolasini tadqiqot doirasiga tortib, ularning asosiy xususiyatlarini ta’kidlab o‘tish bilan kifoyalandik. Ushbu maqolada jami bo’lib 44 ruboiy mavjud. Jomiy va Ibn al –Arabiy Jomiy о‘zining falsafiy-irfoniy asarlarida avvalo orif, sо‘ng faylasuf va nihoyat mutakallim sifatida namoyon bо‘ladi. YA’ni, u «borlik» va «birlik» atrofidagi har bir masalaga orif-faylasuf-mutakallim kо‘zi bilan qaraydi, har bir falsafiy, irfoniy, kalomiy va fiqhiy masalaga bu uch mavqedan turib baho beradi. Bunday holatni Movlono Jomiyning kо‘pgina falsafiy-irfoniy asarlarida, xususan, «Durrat ul-foxira», «Naqd un-nusus fi sharhi Naqsh al-fusus», «Sharhi ruboiyot», «Lavoyeh», «Lavome’», «Sharhi Fusus ul-hikam», «Ashi’’at ul-Lama’ot», «Sharhi bayti Amir Xusrav» va «Sharhi qasidai Toyiya»da bemalol kuzatishimiz mumkin. Ammo Jomiydagi bu uch xil kayfiyatni hamma vaqt ham aniq-tiniq ilg‘ab bо‘lmaydi. Masalan, «Sharhi ruboiyot»da «Zot ma’rifati» (Alloh ta’olo Zotini idrok etish) xususida ba’zi bir mulohazalar mavjud. Ma’lumki, bu masala kalom ilmining bahs mavzui hisoblanadi. Ammo Jomiy bu masalaga irfon falsafasiga tayangan holda kirib borar ekan, mutakallimona muhokamalarga ham erk beradi, shu bilan birga hanafiya mazhabining aqoidi doirasidan chetga chiqmaslikka harakat qiladi. Aynan shu holatni «Sharhi ruboiyot»da keltirilgan tavhid, qazo va qadar kabi masalalar misolida ham kuzatish mumkin. Jomiyning falsafiy-irfoniy dunyoqarashida orif, faylasuf, mutakallim, naqshbandiy sо‘fiy va hanafiy faqih qarashlarining bir-biriga qorishib, singib ketishi va uyg‘un bir holat kasb etishi XV asrning naqshbandiyona muhitida juda kam uchraydigan holat. Xuddi shunday holatni islom olamining buyuk mutafakkiri, vahdat ul-vujud nazariyasining asoschilaridan biri, «Shayx ul-akbar» nomi bilan mashhur bо‘lgan Muhyiddin ibn al-Arabiy ta’limotida ham mushohada etish mumkin. Tо‘g‘rirog‘i, Jomiydagi bu holat Ibn al-Arabiydan sarchashma oladi. Ibn al-Arabiyning diniy-falsafiy dunyoqarashi ancha murakkab, chigal masala. Zero, uning falsafiy-irfoniy qarashlari islom dinidagi biron-bir fiqhiy va kalomiy mazhab doirasiga sig‘maydi. Ayniqsa, uning vahdat ul-vujud va ilohiy tajalliy nazariyalari, iymon, nubuvvat va valoyat masalalariga oid qarashlari ham ahli sunna val-jamoa va ham shi’a yо‘nalishidagi mazhablar doirasida katta aqidaviy bahs-munozaralar va ixtiloflarga sabab bо‘lgan.. XV asrning ikkinchi choragidan boshlab, avval Movarounnahrda, sо‘ngra Xurosonda naqshbandiya tariqati hukmron mafkura darajasigacha kо‘tarildi. Ammo amaliy-mazhabiy, ijtimoiy-siyosiy yо‘nalishda rivojlanib borayotgan bu ta’limotda falsafiy-irfoniy qarashlarga ikkinchi darajali masala sifatida qarash odat tusiga kira boshladi. Natijada, XV asrning naqshbandiyona muhiti va irfon falsafasi о‘rtasida fosila paydo bо‘ldi. Bu uzilish shu yо‘sinda davom etaversa, tasavvuf zohiriy rasmu odoblar majmuasidan tarkib topgan siyosiy-mazhabiy harakat tusini olishi muqarrar edi. Tabiiyki, ana shunday bir vaziyatda naqshbandiylar irfon falsafasiga kuchli ehtiyoj sezardilar. Ammo tariqatning shiddatli ravishda siyosiylashib borishi bunday ehtiyojni qondirishga fursat va imkon bermasdi. Buning ustiga, falsafiy-irfoniy qarashlarni tо‘g‘ri anglab yetish muammosi ham vujudga kelgan edi. Boshqacha aytganda, mazhabiy dunyoqarash doirasida shakllanayotgan tariqat Ibn al-Arabiy asos solgan vahdat ul-vujudiy ta’limotni qabul qilishi mumkin emasdek tuyulardi. Jomiy ana shunday bir sharoitda ma’rifat maydoniga keldi va Xoja Muhammad Porso boshlab bergan, ammo nihoyasiga yetkazolmagan ishni davom ettirish zarurati vujudga kelganini angladi. YA’ni, u naqshbandiya tariqati mavqeida bо‘la turib, vahdat ul-vujud ta’limotini naqshbandiylikka olib kirishni о‘z oldiga maqsad qilib qо‘ydi. Jomiy bunga erishish uchun asosan ikki yо‘lni tanladi: Ibn al-Arabiy va uning izdoshlari asarlariga sharhlar bitish; Ibn al-Arabiy ta’limoti doirasida mustaqil ilmiy-nazariy asarlar yaratish. Davr taqozosiga kо‘ra о‘ta ehtiyotkorlikni talab qiladigan bu ishga Jomiy alohida diqqat-e’tibor bilan kirishib, 1459 - 1492 yillar davomida «Naqd un-nusus fi sharhi Naqsh al-fusus», «Sharhi ruboiyot», «Ashi’’at ul-Lama’ot», «Sharhi bayti Amir Xusrav». «Sharhi baytayni Masnaviy», «Sharhi qasidai Toyiya», «Sharhi Miftoh ul-g‘ayb», «Lavome’ fi sharhi qasidai Miymiyai xamriyai Foriziya», «Risolai suxanoni Xoja Porso», «Sharhi Fusus ul-hikam» kabi bir turkum falsafiy-irfoniy sharhnomalar, «Lavoyeh», «Durrat ul-foxira» «Risola fi-l-vujud» va «Risolai javobi suol va javobi Hinduston» kabi mustaqil ilmiy-nazariy asarlar yozadi. Agar Jomiy «Naqd un-nusus fi sharhi Naqsh al-fusus»ni yozib tugatish vaqtidan (1459) taxminan 5 yil oldinroq Ibn al-Arabiy ta’limotini о‘rganishga kirishgan, deya taxmin qilsak, unda u 38 yillik umrini asosan Ibn al-Arabiy qarashlarini о‘rganish, tadqiq va targ‘ib etishga bag‘ishlagan ekan, degan xulosaga kelish mumkin. Jomiy bu davr ichida nafaqat Ibn-Arabiy asarlari, balki uning eng mashhur sharhlovchilari va targ‘ibotchilari – Shayx Sadriddin Quniyaviy, Faxriddin Iroqiy, Abdulrazzoq Koshoniy, Dovud Qaysariy, Sa’id Farg‘oniy, Muayyadiddin Jandiy va Husayn Xorazmiy asarlarini ham diqqat bilan о‘rganib chiqdi. Bu Jomiyga vahdat ul-vujud nazariyasini yanada teranroq anglash, Shayx ul-akbar ta’limotini chuqurroq о‘rganish imkonini berdi. Jomiy «Nafahot ul-uns» hamda falsafiy-irfoniy asarlarida Shayx Sadriddin Quniyaviyni yuksak ehtirom bilan tilga oladi va uni Shayx ul-akbar maktabining eng zabardast namoyandasi sifatida e’tirof etadi. «Maqomoti Jomiy» muallifi Abdulvose’ Boxarziyning yozishicha, Jomiy «Men о‘n-о‘n besh yildan beri Ibn al-Arabiy asarlarini о‘qirdim, ammo ularni tushunishda qiynalardim. Quniyaviy asarlarini о‘qigandan sо‘ng Shayxning sirli olami menga oshkor bо‘ldi»1 – degan ekan. Jomiyning о‘zi esa Sadriddin Quniyaviy haqida shunday yozadi: «Shayx (Ibn al-Arabiy – J.X.) kalomining naqqodidir. Vahdat ul-vujud masalasida Shayxning asl maqsadini aql va shariatga muvofiq anglash uning (Quniyaviy – J.X.) tahqiqotlarisiz muyassar bо‘lmas»2. Jomiyning Ibn al-Arabiy ta’limotiga bо‘lgan tavajjuhi ba’zi bir yirik olimlar diqqatini ham о‘ziga jalb etgan. Jumladan, eronlik olim, Ibn al-Arabiy hayoti, ijodi va falsafiy-irfoniy qarashlarining yirik tadqiqotchisi doktor Muhsin Jahongiriy Ibn al-Arabiy maktabining mashhur namoyandalarini sanab о‘tar ekan, Jomiyni о‘z asarlari bilan butun islom olami madaniyatiga ulkan hissa qо‘shgan buyuk vahdat ul-vujudiy shoir, yozuvchi, ulug‘ olim, mashhur sо‘fiy, qalbi ishq-muhabbat bilan yongan orif, Ibn al-Arabiy irfonining shaydosi va izdoshi, deb ataydi. Taniqli islomshunos olim A.SH.Juzjoniyning: “Islom Buyuk Ensiklopediyasi Ibn al-Arabiyni islom tarixida «falsafiy irfon tizimi» yoki «irfoniy falsafa» yoki «ilohiy irfoniy hikmat»ning eng buyuk asoschisi sifatida baho beradi va uni barcha davrlarda irfon sohasida eng buyuk mutafakkir deb hisoblaydi. Islom dunyosida bu kunga qadar bir nav uning tafakkuri ta’siri ostida bо‘lmagan hech mutafakkir, orifmijoz faylasuf topilmaydi”3, - deyishida asos bor, albatta. Zero, islom falsafiy tafakkurining keyingi davrlarini Ibn al-Arabiy ta’limotisiz tasavvur qilib bо‘lmaydi. Download 106.89 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling