GRAMMATIK OMONIMIYA Grammatik birliklar orasidagi omonimiya. Q. Omomorfemalar.
GRAMMATIK QURILISH Tilga xos soʻz shakli, soʻz birikmasi va gap qurilishi.
GRAMMATIK SHAKL Grammatik ma’noni ifodalash uchun xizmat qiladigan til vositalari. Masalan, yozdiryapman fe’li tarkibida orttirma nisbat, hozirgi zamon, birinchi shaxs birlik ma’nosini ifodalovchi shakllar qatnashgan. Grammatik shakl so‘zning o‘zak, negizi, qo‘shimchalar yordamida yoki yordamchi soʻzlar vositasida hosil qilinadi. Shunga koʻra grammatik shaklning uch turi oʻzaro farqlanadi: 1) tub shakl (q.), 2) sintetik shakl (q.); 3) analitik shakl.
GRAMMATIK SON – ayn. Son kategoriyasi.
GRAMMATIK USLUBIYAT Soʻz turkumlari va ularga xos shakllarning ta’sirchanlik xususiyatlari, sintaktik tuzilmalarning uslubiy imkoniyatlari, shuningdek, nutqda grammatik vositalarni maqsadga muvofiq tarzda tanlash va qoʻllash haqidagi ta’limot.
GRAMMATIK EGA – ayn. Ega. Qiyos. Logik ega.
GRAMMATIKA (yun. grammatike – harf oʻqish va yozish san’ati). 1. Tilshunoslikning soʻz shakllari (shakl yasalishi), soʻz birikmasining turlari, gap turlari (tilning grammatik qurilishi) haqidagi boʻlimi.
2. ayn. Grammatik qurilish: o‘zbek tili leksikologiyasi va grammatikasi.
3. So‘z shakllari, ularning so‘z birikmasi va gapda o‘zaro bog‘lanishi haqidagi qoidalar majmui: o‘zbek tili grammatikasini o‘rganish.
GRAMMATIK ANTONIMIYA Grammatik birliklarning oʻzaro antonim boʻlishi, antonimik munosabati.
GRAMMATIK SINONIMIYA Grammatik birliklarnnng |(soʻz shakli, soʻz birikmasi yoki gaplarning) oʻzaro sinonim boʻlishi. Masalan, quyidagi hozirgi zamon shakllari o‘zaro sinonim: boryapti, bormoqda, borayotir.
Do'stlaringiz bilan baham: |