TO‘LIQSIZ ASSIMILATSIYA Soʻzda bir tovushning ikkinchisini artikulatsiya oʻrniga koʻra (sunbul >sumbul) yo artikulatsiya usuliga koʻra (to‘qson > to‘xson), yoki akustikasiga koʻra (ketgan > ketkan) bir xil qilib olishi.
TO‘LIQSIZ FE’L Lugʻaviy ma’nosini tamomila yoʻqotgan, hozirgi oʻzbek tilida ma’lum bir grammatik ma’no va vazifalarda qoʻllanuvchi fe’l: edi, ekan, emish: Katta buloqning irmog‘i kichik buloqnikiga qaraganda kuchliroq edi. (H. Po‘latov) Tog‘ning usti daraxtzor ekan, yonidagi soydan esa sharqirab suv oqar ekan. (Z. A’lam) Qimirlagan jon yo‘q emish. Behishtday bir olam emish. (T. Murod)
TO‘LIQSIZ GAP Grammatik tuzilishi yoki tarkibi nuqtayi nazaridan toʻliq boʻlmagan (tarkibida bir yoki bir necha boʻlaklari ishtirok etmagan), lekin bu notoʻliqlik nutqiy matn yoki vaziyat (sharoit)dan aniq sezilib turadigan gap: – Siz universitetga borasizmi? – Boraman (ega (mеn), hol (maktabga) tushirilgan).
To‘liqsiz gapning quyidagi turi mavjud:
a) dialogik nutq tarkibidagi to‘liqsiz gap: – Kim kеlmadi? – Ahmad;
b) ibora shaklidagi to‘liqsiz gap: Tug‘ilgan kuningiz bilan! Navro‘zingiz muborak!;
d) qo‘shma gap tarkibidagi to‘liqsiz gap: Yaxshidan ot qoladi, yomondan dod (qoladi).
TURDOSH OT Bir turdagi predmetlarning umumiy nomi boʻlib xizmat qiladigan ot: tog‘, gul, qovun, daraxt, gʻalla va b.
TURGʻUN SOʻZ BIRIKMASI – Q. Soʻzlarning turgʻun birikmasi.
TURGʻUN URGʻU Soʻzning ma’lum qismidagi boʻgʻinga tushadigan urgʻu. Masalan, oʻzbek tilida urgʻu odatda soʻzning oxiridagi boʻgʻinga tushadi.
TURLANISH Otning kelishik shakllari bilan oʻzgarishi: kitob – kitobning – kitobni – kitobga – kitobda – kitobdan kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |