Islom ensiklopediyasi
Download 5.13 Kb. Pdf ko'rish
|
IBN ar-RAVONDIY, Axmad ibn Yahyo Abul Husayn (9-a.) - ilohiyotchi; umri davomida o‘zining diniy-siyosiy qarashlarini bir necha marta o‘zgartirgan. Marvarrudda tug‘ilib, Bag‘dodda katta bo‘lgan. Bu yerda mu’taziliy Bishr ibn al-Mu’tamir (825 y. dan keyin v.e.)ning izdoshi bo‘lgan, uning ilohiyot maktabida ta’lim olgan. Dastlabki asarlari mu’taziliylar g‘oyasini targ‘ib etishga bagashlangan, keyinchalik u mu’taziliylardan yiroqlashgan va ko‘pgana muarrixlar fikricha, "xudosiz" (mulxid) bo‘lgan. Mu’taziliylar uni jazolashni xalifadan so‘rashgan. I. ar-R. qochishga majbur bo‘lib, Kufada bir yahudiyning uyiga yashiringan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u 9-a. 60-y.da Bag‘dodda, taxm. 40 yoshda vafot etgan, boshqa ma’lumotlarga ko‘ra esa, 10-a. boshlarida taxm. 80 yoshda vafot etgan. I. ar-R. 40 dan oshiq asar yozgan. Ularning aksariyati, ham mu’taziliylar, ham umummusulmon aqidalarini rad etishga bag‘ishlangan. Xususan, "Kitob az-zumurrud" asarida u payg‘ambarlikni, xususan, Muhammad (sav)ni tanqid qilgan, payg‘ambarlar ko‘rsatadigan mo’jizalar va Qur’onni rad etgan, ba’zi diniy aqidalar sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi deb da’vo qilgan va b. Ibn al-Murtadoning ta’kidlashicha I. ar-R. asarlari ma’lum mukofot evaziga yahudiylar, nosarolar, duapistlar va b. uchun yozilgan bo‘lsa kerak. Xususan, imomiylar haqida rofiziylar uchun yozgan risolasi uchun u rofiziylardan 30 dinor olgan. IBN RUSHD Abdulvalid Muhammad (lot. Averroes) (1126, Kordova - 1198.12.12, Marokko) - arab faylasufi va tabibi. Andalusiya va Marokashda yashagan, qozi va saroy hakimi bo‘lgan. Aristotel asarlariga sharxlar yozgan. Razoliy ta’limotiga qarshi "Tahofut ut-tahofut" ("Raddiyatni rad etish") asari bilan falsafada muayyan o‘rin tutadi. I. R. moddiy dunyo abadiy, uning boshi xam yo‘q, oxiri ham bo‘lmaydi, degan. Lekin, uningcha, moddiy dunyo fazoda cheklangan. Xudoning borligini tan olgan I. R. uning Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 113 olamdan oldin bo‘lganligiga ishonmagan va xudo yaratilgan olam bilan birga abadiy, deb hisoblagan. U ruh o‘lmaydi, oxirat bor degan gaplarga qarshi chiqqan. I. R. - ikki haqiqat nazariyasini ilgari surib, bilimni e’tiqodga, falsafani ilohiyotga qarama-qarshi qo‘ydi hamda fanning, inson aqlining roliga yuqori baho berdi. I. R. kishi oliy kamolotga zikru sano orqali emas, balki ilmiy-falsafiy bilim orqali erishadi, deb hisoblagan. O’z davrining ilg‘or kishisi bo‘lgan I. R. adolatli jamiyat qurishni, xotin-qizlarga teng huquq berilishini, hurlik g‘oyalarini targab qildi. I. R. g‘oyalari o‘rta asr falsafasiga katta ta’sir ko‘rsatdi. I. R. 7 jildli qomusiy tibbiy asar "Kitob al-kulliyot" (tibbiyot bo‘yicha umumiy qo‘llanma) muallifidir. IBN SINO, Abu Ali al-Xusayn b. Abdulloh Buxoriy (980-1037) - o‘rta osiyolik qomusiy olim. Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhur. Buxoro viloyatining Afshona qishlog‘ida amaldor oilasida tug‘ilgan. Otasi ismoiliylar firqasiga mansub bo‘lgan. I.S. yoshligidan ilm-fan o‘rganishga kirishadi, Sharq mutafakkirlari asarlarini, qad. yunon tabiiy-ilmiy va falsafiy merosini o‘rganadi. I.S. asarlari 280 dan oshadi, bizgacha ularning 160 ga yaqini yetib kelgan. I.S. iste’dodli, xotirasi kuchli, zehni o‘tkir bo‘lib, 10 yoshidayoq Qur’onni yod bilgan. I.S.ning ilohiyotga oid qarashlari "Ash-shifo", "An-najot", "Ishorat va tanbehot" kabi asarlarida bayon etilgan. Uning fikricha, olamdagi barcha mavjud narsalar ikkiga bo‘linadi: zaruriy vujud (vujudi vojib) va imkoniy vujud (vujudi mumkin). Zaruriy vujud - hech narsaga bog‘liq bo‘lmagan, irodali, qudratli Tangridir. Qolgan hamma narsa imkoniy tarzda mavjud bo‘lib, zaruriy vujud - Tangridan kelib chiqadi. I.S. "At-ta’liqot" risolasida "insonlarning aqli haqiqiy mohiyat va haqiqatni, "birinchi"ni (ya’ni, Xudoni) idrok qilmaydi" deb yozadi. I.S. fikricha, vujudi o‘zidan bo‘lgan narsagana hakdir. Binobarin, Xudo hakdir va undan boshqa har qanday narsa botildir. Vujudi vojib uchun biror isbot ham yo‘q va o‘zidan o‘zgacha yo‘l bilan uni bilib bo‘lmaydi. Chunonchi, u Qur’oni karimdagi fikrga qo‘shilib, "Alloh guvoxlik beradiki, undan boshqa iloh yo’qdir" deydi. I.S. "Donishnomaye aloiy" asarida yozadi: "Uning barakotidan shu narsa kelib chiqadiki, olamning avvali bordirki, U olamga o‘xshaydi. Olamning borlig‘i Undan, Uning vujudidandir. U esa, vojib va o‘z- o‘zicha vujuddir. Barcha narsalarning borlig‘i Uning tufaylidir". I.S. dinga e’tiqod qilsa ham o‘z davridagi ba’zi tasavvurlarga e’tiroz bildirgan. I.S. ijodi, ilmiy faoliyati Sharq va Yevropadagi fan, ma’rifat va madaniyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. IBN TAYMIYA, Taqiy ad-Din Ahmad (1263 - 1328) - hanbaliylik mazhabiga mansub faqih va ilohiyotchi olim. Harron (Suriya)da tug‘ilgan 1269 y otasi oilasi bilan Damashqqa ko‘chib o‘tadi. I.T. dastlab otasi asos solgan Sukkariya madrasasida ta’lim oladi, so‘ng shu madrasaga o‘zi rahbarlik qiladi. 1306-1312 y.larda Misrda yashagan. Shu davrda u Misr ilohiyotchilari bilan keskin bahslar yuritdi va natijada 2 marta zindonga tashlandi. 1313 y. Damashqqa qaytib yana mudarrislik faoliyatini davom ettirdi. Ammo, bu yerda ham 1321 va 1326 y.da zindonga tushadi va pirovardida qal’ada vafot etadi. I.T. o‘z dunyoqarashiga ko‘ra, hanbaliylik mazhabining salafiya oqimiga mansub edi. U Payg‘ambar (sav)ning sahobalari fikrlarini to‘rt mazhab asoschilarining ta’limotlaridan ustun qo‘yish, ijtihod masalasida esa, Qur’on va hadis matnlari bilan cheklanish tarafdori edi. I.T. islomning "sof"ligi uchun kurashib, falsafa, kalom (xususan, ash’ariya)ni, avliyolarga sig‘inish va Payg‘ambar(sav) qabrlarini ziyorat qilishni keskin qoraladi. Siyosat bobida I.T. davlat va dinning birligi g‘oyasini targ‘ib etdi. U yozgan ilmiy va diniy Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 114 asarlar o‘rta asrlar islom merosining tarkibiy qismini tashkil etadi va hamma tomonidan e’tirof qilinadi. Ammo, ayni vaqtda hanbaliylik ta’limotining to‘la shakllanishida katta xizmat qilgan bu asarlar Yaqin Sharq tarixining keyingi davrlarida radikal islom oqimlari uchun nazariy asos vazifasini o‘tay boshladi. Hanbaliylarga xos ijtimoiy-siyosiy faollik I.T. asarlarida yuqori darajaga ko‘tarilganining sababi shundaki, u davrda Suriya (Shom)dan sharkda joylashgan yerlar mo‘g‘ullar qo‘l ostida, ammo, aholisi musulmon edi. Hatto Eron va Iroqda hukmron bo‘lgan ilxonlar (xulaguiylar) ham islomga kirgandilar. Lekin, I.T. ularni haqiqiy musulmon deb hisoblamas, ularga qarshi jihodga da’vat etardi. I.T. ta’limoti uning hayotligi chog‘ida keng tarqalmagan bo‘lsa-da, 18-a.da vahhobiylikning kelib chiqishiga manba bo‘ldi. IBN TUMART, Muhammmad ibn Abdurahmon (1078 yoxud 1081-1130) - Shim. Afrikadagi al-"Muvahhidun" harakati rahbari va sulolasi asoschisi. Susa (Jan. Marokash)da tug‘ilgan. Ko‘pgana muarrixlar uning shajarasini Ali ibn Abu Tolib (kv)ga bog‘laydilar, biroq Ibn Xaldun uni barbarlardan hisoblaydi. 1106 y. I.T. Qurtubaga kelib fiqh bilan mashg‘ul bo‘lgan, 1108 y. Iskandariyada mashg‘ulotini davom ettirgan, bir muncha vaqt Bag‘dodda tahsil olgan. Sharkda I.T. ash’ariylarning izchil izdoshi bo‘lgan, hadislarga tayanmay mustaqil hukm chiqarishga qarshi chiqqan. Dinni poklash, uning asl, ilk manbalariga qaytish (usul) haqidagi va’zlari natijasida uni Bijayndan quvg‘in qilishgan. 1120 y. Marokashda al-Muvahhidun amiri Ali ibn Yusuf (1106) I.T. bilan mahalliy ulamolar o‘rtasida munozara uyushtirgan. Ulamolarning I.T. qarashlariga bo‘lgan noroziligi shu qadar bo‘lgan-ki, u hibsga olinishdan zo‘rg‘a qutilib qolgan. Shundan e’tiboran I.T. dinni poklash shiori ostida "al-Muvahhidun"ga qarshi ochiqtsan- ochiq siyosiy qarshi chiqqan (11-a. o‘rtasi - 1147). Uni ko‘plab barbar qabilalari qo‘llab- quvvatlashgan. Uch yillik urushdan so‘ng u Nfis daryosining yuqori oqimidagi tog‘li Tinmalal qal’asi (Marokashdan 75 km jan.da)da o‘rnashib olgan. U har tomondan Muhammad (sav)ga o‘xshashga da’vo qilgan. Tinmalalga ko‘chishni hijrat, yaqin safdoshlarini - ashoblar deb atagan va b. O’zini gunohlardan xoli imom va Mahdiy deb atagan. 1130 y. Marrokashni 6 kun muvaffaqiyatsiz qamal qilgach, I.T. qo‘shini tor-mor keltirilgan, bir ozdan so‘ng o‘zi ham vafot etgan. Uning vafot etganini yaqin do‘sti va yordamchisi Abdulmo‘min harakatga rahbarlikni o‘z qo‘liga olgunga qadar (1132 y.) yashirishgan. I.T.ning Tinmalaldagi qabri 16-a.gacha ziyoratgoh bo‘lgan. IBN FARID, Sharafiddin Umar ibn Ali Abu Hafs (yoxud Abul Qosim) al-Misriy as-Sa’diy (1181-1235) - yirik arab mutasavvif shoiri. Qohirada, Xama sh. (Suriya)dan bo‘lgan mol-mulkni taqsimlash bo‘yicha vakil (farid) oilasida tug‘ilgan, laqabi - Ibn al-Farid shundan. Yoshligidan otasi diniy ilmlarni o‘rgatgan. Ibn Asokir va al-Munziriydan hadis ilmidan saboq olgan. O’smirlik chog‘idanoq I.F. odamlardan xoli bo‘lib yashashni yoqtirgan, otasining roziligi bilan al-Muqattam tog‘iga borib uzoq vaqt yolg‘izlikda yashagan. 15 yilga yaqin Hijozda yashab, aksariyat asarlarini o‘sha yerda yozgan. Qohiraga qaytgan I.F. valiy sifatida kutib olingan. I.F. al-Azhar masjididan qo‘nim topgan, uni boylar va kambag‘allar ziyorat qilishgan. I.F, vafotidan so‘ng uning al- Muqattam tog‘idagi qabri ziyoratgohga aylangan. I.F. tasavvufga oid 2 mashhur qasida - "al-Xamriya" va "Nazm as-suluk" (uni ko‘pincha "at-Ta’iya al-Kubro" deb atashadi) muallifi bo‘lgan. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 115 IBN XALDUN Abdurahmon Abu Zayd ibn Muhammad (1332, Tunis - 1406, Qohira) - arab tarixchisi va faylasufi. Ibn Rushdning izdoshi. 1349-75 ylarda Tunis, Fes, G’arnota, Bujjoya (Jazoirda) hukmdorlari saroyida yuqori lavozimlarda ishlagan. 1382 y. Misrga kelib, mudarrislik qilgan, umrining oxirida molikiylar mazhabi qozisi bo‘lgan. Asosiy asari: "Kitob ul-ibar"("Ibratli misollar kitobi", 1370). Asarda I.X. jamiyat taraqqiyoti xususida o‘z fikrlarini hamda Sharq musulmon xalqlari (xususan, Mag‘rib) tarixini bayon qilgan. I.X. kishilar hayot tarzidagi tafovutlarni, asosan, geografik va b. moddiy omillarga bog‘liq deb hisoblagan. Asarda I.X. o‘z tarixiy-ijtimoiy nazariyasini bayon qilib, axloq va ijtimoiy muassasalar kishilar turmushi bilan bog‘liqligani hamda mehnat va kishilarning o‘zaro munosabati jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagan. I.X. tarixiy-ijtimoiy taraqqiyotning moddiy tamoyillarga asoslanishi haqida fikr yuritgan. IBN SHIHOB, to‘liq ismi Abu Bakr Muhammad ibn Muslim ibn Ubaydullo ibn Shihob az- Zuhriy al-Madaniy (670-721) -tobe’inlarning ulug‘laridan, hofiz va muhaddis. Ibn Umar, Anas ibn Molik, Samu ibn al-Musayyab va b.dan hadis va fiqh ilmini o‘rgangan. Allomalardan imom Molik ibn Anas, al-Avzo’iy, Suf’yon ibn Uyayna, Savriy va b.ning ustozi bo‘lgan. Kuchli xotira va qobiliyat egasi bo‘lib, aytishlaricha, 80 kunda Qur’onni yod olgan. Ilmga ko‘p xizmati singgan zotlardan. I.Sh. ilm haqidagi "Hech bir bandaning ilmga xizmat qilishdan ko‘ra ulug‘roq ibodati bo‘lmagay" degan. IBN XAZM, Abu Muhammad Ali ibn Ahmad (994-1064) - andalusiyalik ilohiyotchi va faqih, zohiriylar huquq maktabining yirik vakili. Zohiriylar an’anasini davom ettirib, I. H. muqaddas matnlarni qanday bo‘lsa, shunday sharhlashni qat’iy talab qildi; fiqhning asoslari sifatida faqat Qur’on va sunnani tan oldi (o‘zi tan olgan ijmo’ni faqat Payg‘ambar(as) sahobalari ijmo’si sifatida tushunar edi); qiyos, ra’y, istihson, ta’lil (asoslash) kabi huquqshunoslik usullarini rad etdi; kalomnnng barcha ko‘rinishlariga, jumladan, Ash’ariy kalomiga ham qarshi chikdi. Shu bilan birga I. H. payg‘ambargagana ergashishni yoqlab, taqlidni rad etdi (uning fikricha, ergashish takdid emas). I. H. ning asarlaridan eng mashhuri "al-Fisol fi-l-milal va-l-ahvo va-n-nihal" ("Dinlar, oqimlar, mazhablar xususidagi bahs") bo‘lib, Qohirada (1938 y.) bosilib chiqqan. Bu asarda musulmonlarni ko‘p mazhab va oqimlarga ajratib yuborgan ilohiyot muammolarini oshkora madh etdi. Uning huquqshunoslikka bag‘ishlangan "al-Muhallo" ("Shirinlangan") asari ham bor. O’zini fiqh sohasida I. H.ning muxlisi hisoblovchi Ibn Arabiy mazkur asarning qisqacha bayonini "al-Mu’allo" ("Baland martabaga ko‘tarilgan") nomi bilan ta’lif etgan. IBN HIBBON Abu Hotam Muhammad ibn Hibbon al-Bustiy (? - 965) - muhaddis. Shofi’iylik faqihlaridan. Samarqandda voyaga yetgan va u yerda bir muddat qozilik qilgan. Tib, falakiyot va b. ilmlardan voqif bo‘lgan. Movarounnahr, Iroq, Xuroson, Shom, Hijoz kabi islom ilm markazlarini kezib, hadis bilimdonlarining ko‘pchiligidan istifoda etgan va ko‘pgana asarlar ("Al-anvo vat-taqosim", "Kitobus-sahoba", "Kitobul-fasli baynannaqala", "Kitobul-ilal", "Ashobut-tavorix", "Kitobu atboit-tobein", "Kitobus-siqat" va b.) yozgan. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 116 IBN HISHOM (? - 834) - arab adibi. Ibn Ishoqning "Siyra" asarini qaytadan ishlagan va shu kitob hozirgacha yetib kelgan. IBODAT (arab. - qulluq qilish, bo‘ysunish, o‘zini past olish, itoat qilish) - xudoga sig‘inish, iltijo qilish. Musulmon ulamolari I.ni bir-biriga yaqin ma’noda turlicha ta’riflaganlar. I. Allohga bo‘ysunish va unga o‘zini xokisor tutishning oliy darajasidir. I. faqatgana Allohni ulug‘lash uchun Uning amriga binoan amal qilishdir. I. Alloh yoqtiradigan va rozi bo‘ladigan so‘zlar, ishlar va zohiriy hamda botiniy amallardir. Allohga kurbat hosil qilish uchun niyat bilan qilinadigan barcha amallar I.dir va h.k. Fuqaholar I.ni tor doirada olganlar. Ularning nazdida namoz, ro‘za, haj, zakot, Qur’on qiroati, zikr, xayri sadaqa kabi narsalar I. hisoblanadi. Shu ma’nodagi I. jismoniy, moliyaviy va jismoniy-moliyaviy I.larga taqsimlanadi. Jismoniy I.ga namoz, ro‘za kabilar kiradi. Moliyaviy I.ga zakot, sadaqai fitr kabilar kiradi. Jismoniy-moliyaviy I.ga haj, umra kabilar kiradi. I. farz, vojib, sunnat, mustahab darajalarida bo‘ladi. Farz I.ni inkor qilgan kofir, uni tan olib, amal qilmagan osiy bo‘ladi. Vojib I.ni qilgan savob oladi, qilmagan gunohkor bo‘ladi. Sunnatni bajargan savob oladi, bajarmagani itob qilinadi. Mustahabni qilgan savob oladi, qilmaganga hech narsa yo‘q. I.ni ado qilishda boshqaning yordamidan foydalanish mumkin. Birovning yordami ila I. qilish imkoni bor odam I. qilishga qodir hisoblanadi va qilmasa gunohkor bo‘ladi. I. qilish uchun uning hammasini ado etishga niyat bo‘lmog‘i lozim. Ba’zisini ado etishga niyat qilsa-yu, qolganiga niyat qilmasa I. to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aqli raso bo‘lmagan kishilardan I. soqit bo‘ladi. Uzrli kishilardan I.nish ba’zisi soqit bo‘ladi. Mas., bemor odam turishga qodir bo‘lmasa, o‘tirib namoz o‘qiydi. Musofir odam to‘rt rakaat o‘rniga ikki rakaat namoz o‘qiydi. I.ni ado etmaslik uchun hiyla qilish joiz emas. Mas., namoz vaqti yaqinlashganda uyqu dori ichib olib, uxlab qolib namozni o‘tkazib yuboribman deyish. Zakot farz bo‘lganda molining yarmini o‘g‘liga hadya qilib, molim nisobga yetgani yo‘q, deyish kabilar. I. ado etilayotgan paytda buzilsa, u boshqatdan ado etiladi. Agar I. jarayonida uni tuzatish imkoni bo‘lsa, tuzatib ham olish mumkin. Mas., namozni fosid qilmaydigan xato sodir bo‘lsa, uni sahv sajdasi ila tuzatib olish mumkin. I. ta’abbudiy va g‘ayri ta’abbudiy (hikmati ma’lum va hikmati ma’lum emas) ga bo‘linadi. Mas., ro‘za I.ining sabr, chidam, sog‘liqqa foydasi kabi hikmatlari ma’lum. Ammo namozning nima uchun peshinda 4, shomda 3, bomdodda 2 rakaat farz bo‘lganining hikmati ma’lum emas. Shunga o‘xshash ta’abbudiy I.larni amr bo‘lgani uchun hikmatini surishtirmay ado etilaveradi. IBODIYLAR, abodiylar - xorijiylarga mansub 4 asosiy firqa (jamoa)ning eng "mo’tadil" hisoblangan qismi, Abdulloh ibn Ibod (yoxud Abod) (7-a.ning 2-yarmi)ning izdoshlari. 684 y. Basradagi xorijiylar orasida bo‘linish sodir bo‘lgan: azraqiylar umaviylarga qarshi chiqishgan, Abdulloh bo‘lsa, Basrada qolib, qurolli kurashdan voz kechgan va xorijiylarning "mo’tadil" qanotiga rahbarlik qila boshlagan. I. firqasining haqiqiy asoschisi va rahnamosi Jobir ibn Zayd (Ummonda tug‘ilgan, 717 y.v.e.) edi. 9-a. oxirigacha Ummon I.i mustaqil bo‘lishgan, so‘ngra mamlakat yana abbosiylar tasarrufiga o‘tgan, lekin 11-a. boshidan e’tiboran I. Ummonda yana hokimiyat tepasiga kelganlar. Hozirda bu mamlakat aholisining yarmidan ortig‘ini I. tashkil etadi. I. diniy-siyosiy dasturi asosini imomat haqidaga ta’limot tashkil qiladi. I. imomatning mavjud bo‘lishi shart emas, bir vaqtning o‘zida islom dunyosining turli qismlarida bir necha imomlar bo‘lishi mumkin deb hisoblaganlar. Imom shayxlarning maxfiy kengashi tomonidan saylanib, bu qaror xalqqa e’lon qilingan. Ko‘pincha saylovlar bitta qabila yoki urug‘ doirasi bilan cheklanib qolgan. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 117 I. imomi - hokim (lashkarboshi, qozi, faqih) ham bo‘lgan. I. aqidasida sunniylar va mutaziliylar aqidasidagi tamoyillar aks etgan. I. odamlarning qilmishini vujudga keltiruvchi Allohdir, deb biladilar. Siyosiy va diniy sabablarga ko‘ra, kishini o‘ldirishni rad etganlar. I. ta’limoti tarafdorlari garchi ko‘p mamlakatlarga tarqalgan bo‘lsalar-da, ular diniy sohada ham, siyosiy sohada ham yakdil bo‘lmaganlar. Hoz. Shim. Afrikada, Ummon, Zanzibar o.da I. jamoalari mavjud. Ularning diniy e’tiqod va marosimlari sunniylik va shialikdagi oqim, firqalardagi e’tiqod va marosimlardan o‘zining ayrim xususiyatlari bilan farq qiladi. IBROHIM (as) - Qur’onda nomi zikr etilgan payg‘ambarlardan biri, o‘zidan keyin o‘tgan barcha payg‘ambarlarning bobokaloni, arablar va yahudiylarning umumiy ajdodi. Yakkaxudolikni targ‘ib qilgan. Allohning chin do‘sti (xalilulloh), imom ("jamoa rahbari"), siddiq ("haqiqatgo‘y") va hanif ("yakkaxudolikni targ‘ib qiluvchi") deb ta’riflanadi. Yahudiy-xristian diniy adabiyotlarida Avraam nomi bilan ma’lum. Bobilda tavallud topgan. Avvaliga yudduz, oy, quyoshga sig‘inmoqchi bo‘lgan, keyin yolg‘iz Allohga ibodat qila boshlagan. Otasi Ozor va qavmlarini ham ana shunga da’vat qilgan. Bu hakda Qur’onda (Anbiyo surasi 53-56-oyatlar) kelgan. Ular bilan bahslashgan, ammo ishontirolmagach, otasi va qavmlari sig‘inib yurgan hamma butlarni sindirib tashlagan (Anbiyo surasi 58-60-oyatlar). Shu sababli uni yondirib yubormoqchi bo‘lib o‘tga tashlaganlar, ammo, u Alloh irodasi bilan olovdan sog‘-salomat chiqqani Qur’onda bayon qilingan (Anbiyo surasi 68-72-oyatlar). Qur’onda yozilishicha, Alloh I.(as)ga qariganda ikki farzand bergan. Bular Ismoil va Ishok; (as)lardir. Ismoil (as) Muhammad (sav)ning katta bobosi, Ishoq esa, Iso (as) va undan avval o‘tgan payg‘ambarlarning katta bobosvdir. I.(as) tushida qilingan ilhomga asosan Allohga bo‘lgan chin e’tiqodi evaziga bitta o‘g‘li (Ismoil)ni kurbon qilishga qaror qilgan, lekin Alloh bolaning o‘rniga qo‘chqor yuborgan (q. Kurbonlik). Makkai mukarramada Baytulloh (Allohning uyi)ning bunyod bo‘lishi, islom arkonlarining 5-farzi - haj qilish I. (as)ga borib taqaladi. Ka’ba yaqinidagi "I. joyi" ("I. maqomi") musulmonlar ziyoratgohidir. Odatda, xatna qilishni ham I. (as) nomi bilan bog‘laydilar. Manbalarda I. (as)ning 175 yil umr ko‘rgani, o‘g‘illari tomonidan Madinatul Xalil (Xevron, Falastin)ga dafn etilgani yozilgan. Bu qabr ziyoratgoh hisoblanadi. IBROHIM OTA MAQBARASI -Toshkentdagi me’moriy yodgorlik (15-17-a.lar). Rivoyatlarga ko‘ra Ahmad Yassaviyning otasi Ibrohim ota mozori ustiga qurilgan deb taxmin qilinadi. Maqbara (tarhi 6,7x9,34 m, balanddiga 5,65 m) bir xonali, oldi peshtokli (balandligi 5,65 m), gumbaz tomli. Tarzlari bezaksiz, ichkarisi ganch suvoq qilingan. Poliga g‘isht yotqizilgan. Eshik tepasidagi tuynukka panjara ishlangan. Maqbaraning g‘arbida yer sathidan 1,5 m chuqurlikda chillaxona ham bor. Maqbara keyingi asrlarda bir necha marta ta’mir qilingan. IDDA, i d d a t a l-m a r ‘ a (arab. -ma’lum vaqt, ayollar uchun belgilangan muxdat) - shariat bo‘yicha eri o‘lgan yoki eridan ajralishgan xotinlar boshqa erga chiqishi uchun o‘tishi shart bo‘lgan muxdat. Bunday ayollarga I. o‘tmaguncha erga chiqish taqiklangan: beva uchun I. 4 oy-u 10 kun, eridan ajralishgan hayz ko‘rmaydigan ayol uchun 3 oy, hayz ko‘radigan ayolning I.si uch hayz belgilangan. Muxdatning belgilanishi Qur’onga asoslangan holda shariatga kiritilgan bo‘lib, ayolning ajralgan yoki o‘lgan eridan homilasi Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 118 bor yoki yo’qdigani aniqlash bilan bog‘liq bo‘lgan. Eridan taloq ila ajragan ayol, I.ni eri ila yashagan uyda o‘tkazishi lozim. Chunki bu, yana qayta yarashish uchun berilgan imkoniyatdir. Homilador ayolning eri vafot etsa yoki taloq qilgan bo‘lsa, I.si tug‘guncha bo‘lib, tug‘sa I.dan chiqadi. IDRIS (as) - Qur’onda nomi zikr etilgan payg‘ambarlardan biri. Rivoyat qilishlaricha, I. (as) yer yuzida 365 yil yashagan. Bu olijanob, taqvodor insonni Alloh "yuksak martabaga ko‘targan" (Qur’oni karim, 19:56-57). Islomshunoslar I. (as)ni Bibliyadaga Enoh, ba’zan Ezdra kabi afsonaviy shaxslar bilan taqqoslaydilar. I. (as) islom rivoyatlaridagi Ilyos (as) va Xizr (as) hazratlari singari "abadiy barhayot" hisoblanadi. U xat va yozuvni, kiyim tikib, kiyinib yurishni boshlab bergan, yulduzlarga qarab takdirni aytib berishni, vaqt hisobini bilgan pamg‘ambardir. IDRISIYLAR, banu Idris -Mag‘ribdagi birinchi alaviylar sulolasi (789-926). Asoschisi - Idris I, Hasan ibn Alining chevarasi, Madinada Abbosiylarga qarshi alaviylar qo‘zg‘oloni (786) qatnashchisi bo‘lib, ta’qibdan qochib Shim. Marokashga eson-omon yashiringandi. Barbar - zenatlar sardorlarining qo‘llab-quvvatlashiga tayanib, markazi Ulili bo‘lgan kichik davlat barpo etgan (788), Ulili yaqinida yangi shahar - Fes qad ko‘targan. Idrisning ukasi Sulaymon, bir oz vaqtdan so‘ng markazi Tlemsen sh. (G’arbiy Jazoir) bo‘lgan yana bir davlatga asos solgan. I. davlatining ravnaqi Idris II (808-828) va uning o‘g‘li Muhammad (828-836) hukmronliklari davriga to‘g‘ri kelib, bu davrda davlat hududi Baland Atlas tog‘laridan shim.-garbdagi butun hududni qamrab olgan. Bu davrda Fes va Tlemsen juda tez taraqqiy etgan, yanga shaharlar vujudga kelgan. Idris II davlatni ko‘p sonli merosxo‘rlari o‘rtasida taqsimlagan, bu o‘zaro nizolarni keltirib chiqargan. 917 y. Fotimiylar Yahyo IV ni tor-mor keltirganlar, u tobelikni bo‘yniga olgan, lekin 919-920 y.da qamoqqa olinib, qatl qilingan. Fotimiylar va Umaviylarning Marokash uchun olib borgan uzoq kurashlaridan foydalanib I. Rifdagi mulklarini saqlab qolganlar. 974 y. Umaviylar so‘nggi I.ni asir olishgan. Ulardan biri, al-Hasan, Qohiraga qochib borib, Fotimiylarni yordam berishga ko‘ndirgan, biroq yana asirga tushib qatl etilgan. 1010 y. I.ning uzoq tarmoqdaridan biri -Hammudiylar Malaga va Alxesirasni egallab, u yerda viloyat hokimi sifatida 1057 y.gacha hokimlik qilishgan. Marokashda I.ning avlodlari (shariflar, mahalliy lahjada- shorfa) ko‘pchilik bo‘lib, hozirgacha ta’sir kuchiga ega. Download 5.13 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling