Kafedrasi zoologiya


Ko‘payishi va rivojlanishi


Download 1.19 Mb.
bet4/17
Sana22.03.2023
Hajmi1.19 Mb.
#1286725
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17
Bog'liq
10.03 Tayyori Mamatqulova1

Ko‘payishi va rivojlanishi. Gidralar jinssiz vajinsiy ko‘payadi. Jinssiz ko‘payish kurtaklanishdan iborat. Gidra tanasining o‘rta qismida bo‘rtiq (kurtak) hosil bo‘ladi. Kurtak o‘sib, uning uchki qismida og‘iz teshigi va paypaslagichlar hosil bo‘ladi. Kurtak ona organizmidan ajralib, suv tubiga tushadi va mustaqil yashay boshlaydi.
Gidraning jinsiy ko‘payishi kuzda sovuq tushishi oldidan boshlanadi. Ko‘pchilik gidralar ayrim jinsli, ayrim interstitsial hujayralar bevosita tuxum hujayraga aylanadi yoki ko‘p marta bo‘linib, spermatozoidlarni hosil qiladi. Gidra tanasining jinsiy hujayralar hosil bo‘ladigan qismi bo‘rtib chiqadi. Odatda tananing tovonga yaqinroq joyida tuxum, og‘izga yaqinroq joyida urug‘ hujayralar hosil bo‘ladi.
Dengiz gidroid poliplari. Gidrozoylardan asosan gidralar yakka yashaydi. Dengiz gidropoliplari juda ko‘p individlardan iborat koloniya hosil qiladi. Koloniya kurtaklanish orqali hosil bo‘ladigan yosh poliplarni ona-polipdan ajralib ketmasdan yana kurtaklanib yangi poliplar hosil qilishi tufayli vujudga keladi. Bunday yo‘l bilan hosil bo‘lgan koloniya daraxt yoki butaga o‘xshab ketadi. Koloniya umumiy poyadan va unda joylashgan juda ko‘p shoxlardan iborat. Har bir shoxning uchida alohida individ- gidrant joylashgan. Koloniyadagi har bir individ gidraning bitta kurtagiga o‘xshab ketgan. Gidrantlarning gastral bo‘shlig‘i koloniya poyasi va shoxlari orqali o‘tadigan bo‘shliqqa tutashib ketadi. Shuning uchun har bir gidrant hazm qilgan oziq koloniya individlari o‘rtasida tekis taqsimlanadi. Koloniya poyasi sirtdan yupqa, tiniq va pishiq organik po‘st-periderma bilan qoplangan. Bir xil gidroidlarda periderma gidrant tanasigacha yetadi; boshqalarida bu po‘st gidrantni o‘rab turadigan kosacha, ya'ni teka hosil qiladi. Bu belgiga asosan gidrozoid poliplar kosachasiz (tekasiz) va kosachali (tekali) turkumlarga ajratiladi. Teka polip koloniyasini mustahkam bo‘lishini ta'minlaydi.
Gidroid meduzalarning hosil bo‘lishi. Gidroid poliplar koloniyasi kurtaklanish orqali gidrantlarni va blastostil deb ataladigan meduza hosil qiladigan individlarni hosil qiladi. Blastostil shaklan o‘zgargan gidrant bo‘lib, undan paypaslagichlari va og‘iz teshigining bo‘lmasligi bilan farq qiladi. Blastostil periderma qobiq-gonoteka bilan o‘ralgan. Uning uchki qismida qopqoqchasi bo‘ladi. Blastostil kurtaklanish orqali jinsiy nasl - meduza- larni hosil qiladi. Obeliya koloniyasida meduza ana shu usulda hosil bo‘ladi. Ko‘pchilik gidroidlarda meduzalar bevosita gidrantlardan kurtaklanish orqali hosil bo‘ladi. Obeliya koloniyasidagi blastostillarda hosil bo‘ladigan meduzalar qopqoqcha ochilishi bilan suvga chiqib suzib ketadi. Meduzalar ayrim jinsli, ularda jinsiy hujayralar shakllanadi. Meduzalar ham poli- plarga o‘xshash tuzilgan, lekin tanasi soyabon shaklida bo‘ladi.
Meduza soyabonining ustki qavariq tomoni eksumbrella, ostki botiq tomoni subumbrella deyiladi. Subumbrella tomonidagi maxsus poyacha sirtida og‘iz teshigi joylashgan. Og‘iz teshigi gastral, ya'ni hazm qiluvchi bo‘shliqqa ochiladi. Bu bo‘shliq markaziy oshqozon bo‘shlig‘idan, undan soyabon chetiga qarab ketadigan radial naylar va soyabon cheti bo‘ylab joylashadigan halqa naydan iborat. Odatda radial naylar to‘rtta yoki to‘rt karra miqdorda bo‘ladi. Oshqozon, radial va halqa naylar birgalikda gastrovaskulyar bo‘shliq ya'ni ichak - naylar sistemasini hosil qiladi. Soyabon chetida joylashgan yupqa muskulli parda meduzaning botiq tomoniga ochiladigan teshikni birmuncha toraytiradi. Yelkan deb ataladigan bu parda faqat gidropoliplar meduzasi uchun xos bo‘ladi. Yelkan meduzani harakatlanishida katta ahamiyatga ega. Meduza soyaboni chetlaridan paypaslagichlar osilib turadi. Paypaslagichlar radial naylar singari to‘rtta yoki to‘rt karra migdorda bo‘ladi. Mezogleyasin- ing kuchli rivojlanganligi bilan meduzalar poliplardan farq qiladi. Mezo- gleyaning asosiy qismi suvdan iborat bo‘lganidan meduzaning tanasi shaffof shishaga o‘xshab ketadi. Planktonda hayot kechiradigan barcha organizmlar tanasi rangsiz tiniq bo‘ladi. Bu hodisa plankton organizmlarning niqoblanish rangi hisoblanadi.
Meduzalar nerv sistemasi poliplarga nisbatan ancha murakkab tuzilgan. Tanasida tarqoq joylashgan nerv hujayralari bilan birga soyabon chetida nerv hujayralar to‘plamidan iborat nerv tugunlari, ya'ni gangliylar ham bo‘ladi. Nerv gangliylari nerv hujayralari o‘simtalari bilan birga yaxlit nerv halqasini hosil qiladi. Nerv halqasi soyabon yelkanchasi muskullari va sezgi organlari ishini boshqaradi.
Meduza soyaboni chetida muvozanat saqlash organi - statotsitlar va ko‘zga o‘xshash sezgi organlar joylashgan. Bu organlar epiteliyli chuqurchalardan iborat. Chuqurchalar tashqi epiteliyni tana ichiga botib kirib ektodermadan ajralib chiqqan yopiq pufakcha - stototsistni hosil qiladi. Pufakcha devori sezgir epiteliy bilan qoplangan. Epiteliy hujayralaridan biri to‘g‘nog‘ich boshchasiga o‘xshab pufak bo‘shlig‘iga botib kiradi. To‘g‘nog‘ich boshchasi ichiga bitta yoki bir necha ohak toshchalar ajralib chiqib, statolitlarni hosil qiladi. Bu xildagi tuzilish barcha muvozanat a'zolari uchun xos bo‘ladi. Pufakchadagi sezgir hujayralar uzun sezgir qilchalar bilan ta'minlangan. Qilchalar statolitlar ta'sirda qo‘zg‘aladi. Statotsistlar soyabon cheti muskullarini qo‘zg‘atib turadigan organ hisoblanadi. Statotsistlari kesib olingan meduza harakatlanmaydi. Barcha hayvonlarda statotsistlarning tuzilishi asosan o‘xshash bo‘ladi.
Meduzalarning sodda ko‘zchalari oddiy ko‘z dog‘chalari yoki chuqurcha shaklida bo‘ladi. Oddiy dog‘chalar shaklidagi ko‘zchalar ayrim paypaslagichlari asosida joylashgan ikki guruh hujayralardan iborat. Ulardan bir guruhi uzun sezgir hujayralar, ikkinchisi esa qo‘ng‘ir yoki qora pigment saqlovchi hujayralar hisoblanadi. Chuqurchasi tipida tuzilgan ko‘rish organlarida pigmentlashgan hujayralar chuqurcha tubida joylashgan. Ana shunday chuqurchalarda joylashgan ko‘z har qanday tashqi ta'sirdan himoyalangan bo‘ladi. Bundan tashqari ko‘zni botib kirishi bilan yorug‘lik sezuvchi qatlam yuzasi kengayadi, retinal hujayralar soni ham oshadi. Ayrim meduzalarda ko‘z kosasi chuqurchasi ektodermadan ajralib chiqadigan quyuq tiniq modda bilan to‘lgan. Bu suyuqlik yorug‘likni sindirish xususiyatiga ega. Ko‘z gavhari yorug‘lik nurini ko‘zning to‘r qavatiga to‘plab beradi. Meduzalar ayrim jinsli, jinsiy bezlar soyabonning ostida radial naylar yaqinida yoki og‘iz poyachasida ektoderma bilan mezogleya oralig‘ida joylashgan hujayralardan iborat.
Meduzalar suv oqimi yordamida va soyabon cheti va yelkanidagi muskul tolalarining qisqarishi tufayli suzib yuradi. Soyabon va yelkan muskullarining bir varakayiga qisqarishi va bo‘shashi tufayli soyabon chuqurchasidan suv chiqariladi va unga suv kiradi. Suv soyabon ostidan siqib chiqarilganida meduza qavariq tomoni bilan oldinga suzib ketadi.

Download 1.19 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling