Microsoft Word Меҳнат лотинда о м doc
Download 1.34 Mb. Pdf ko'rish
|
pdf mehnat.docx
Quyidagilar mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblanadilar:
– 16 yoshdan katta shaxslar, agar ular shu yoshga to‘lgunga qadar nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsalar; – 60 yoshga to‘lgan erkaklar va 55 yoshga to‘lgan ayollar; – belgilangan tartibda nogiron deb topilgan shaxslar. Boquvchisining vafot etganligi munosabati bilan to‘lanadigan zarar miqdori vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga to‘lanadigan zarar miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida uning qaramog‘ida bo‘lgan hamda zararni undirishga haqli bo‘lmagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarning ulushini chegirib tashlagan holda belgilanadi. Xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki uning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jamoat shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari o‘rtasidagi kelishuviga binoan belgilanadi. Bunda xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jabrlanuvchining yillik ish haqidan, xodimning vafoti tufayli bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori esa 6 yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas. Mehnat shartnomasida belgilangan vazifalarni lozim darajada bajarmaganligi tufayli xodimning shaxsiy buyumlari yoki boshqa mol- mulkiga zarar yetkazgan ish beruvchi bu zararni natura holida qoplamog‘i lozim. Zararni natura holida qoplashning iloji bo‘lmaganda yoki xodimning roziligi bilan mol-mulkining qiymati amalda bo‘lgan baholar bo‘yicha to‘la hajmda qoplanadi. Ish beruvchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar – bu xodimning ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zararni to‘lash shartligidir. Bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar deganda ish beruvchining mavjud mol-mulki amalda kamayganligi yoki yomon holatga kelganligi, shuningdek ish beruvchining ortiqcha to‘lovlar qilish zarurati tushuniladi. Xodim ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar uchun ham, ish beruvchi boshqa shaxslarga yetkazilgan zararni to‘lashi natijasida kelib chiqqan zarar uchun ham moddiy javobgar bo‘ladi. 137 Qonunda xodimning moddiy javobgarligini istisno etuvchi holatlar ham mavjud bo‘lib, agar zarar, uni bartaraf etish mumkin bo‘lmagan kuchlar, normal xo‘jalik tavakkalchiligi oqibatida, oxirgi zarurat yoki zaruriy mudofaa natijasida kelib chiqqan bo‘lsa, xodimning moddiy javobgarligi istisno etiladi. Ish beruvchi zarar yetkazilgan chog‘dagi aniq holatlarini hisobga olib, aybdor xodimdan zararni undirishdan qisman yoki to‘liq voz kechishga haqli. Bunday hollarda yetkazilgan zarar korxona foydasi hisobidan qoplanadi. Agar mehnat qonunida boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, xodim yetkazilgan zarar uchun o‘zining o‘rtacha oylik ish haqi miqdori doirasida moddiy javobgar bo‘ladi. Mehnat shartnomasini g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilish yoki xodimni g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar ham moddiy javobgar bo‘ladi. Bunday hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash uchun to‘lanadigan haq miqdori mansabdor shaxsning uch oylik maoshidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 202-moddasiga ko‘ra, yetkazilgan zarar uchun quyidagi hollarda xodimga to‘liq moddiy javobgarlik yuklatilgan: 1) maxsus yozma shartnoma asosida unga ishonib topshirilgan qimmatliklarning saqlanishini ta’minlamaganlik uchun; 2) bir gallik hujjat asosida olingan qimmatliklarning saqlanishini ta’minlamaganlik uchun; 3) qasddan zarar yetkazilganda; 4) alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida zarar yetkazilganda; 5) xodimning sud hukmi bilan aniqlangan jinoiy harakatlari natijasida zarar yetkazilganda; 6) tijorat sirlari oshkor etilganda; 7) qonunlarda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda. 18 yoshga to‘lmagan xodimlar faqat qasddan yetkazgan zarar uchun, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida yoki jinoyat sodir etish natijasida yetkazilgan zarar uchun to‘liq moddiy javobgar bo‘ladilar. Bevosita pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilayotgan xodim maxsus yozma shartnoma asosida o‘ziga ishonib topshirilgan qimmatliklarning saqlanishini ta’minlamaganligi uchun to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi. 138 Pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish xizmat vazifasiga kirmaydigan xodim bilan to‘liq moddiy javobgarlik haqida tuzilgan shartnoma haqiqiy hisoblanmaydi. Bevosita pul yoki товар qimmatliklari bilan muomala qiluvchi 18 yoshga to‘lgan xodim bilan to‘liq moddiy javobgarlik haqida maxsus yozma shartnoma tuzilishi mumkin. To‘liq moddiy javobgarlik haqida shartnoma tuziladigan xodimlarning toifalari ro‘yxati jamoa shartnomasida belgilab qo‘yiladi. Yakka tartibdagi to‘liq yoki jamoaning (brigadaning) to‘liq moddiy javobgarligi to‘g‘risidagi shartnomada mehnat shartnomasi taraflarining ishonib topshirgan qimmatliklarning saqlanishini ta’minlash bo‘yicha vazifalari aniq ko‘rsatilib, ularning qo‘shimcha huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklari belgilab qo‘yiladi. Yakka tartibda tuziladigan to‘liq moddiy javobgarlik haqidagi shartnomaga binoan qimmatliklar, ularning saqlanishini ta’minlama- ganligi uchun shaxsan javobgar bo‘ladigan aniq bir xodimga topshiriladi. Bunday xodim javobgarlikdan ozod bo‘lish uchun o‘zining aybi yo‘qligini isbotlab berishi kerak. Jamoa (brigada) moddiy javobgarligi haqidagi shartnomaga muvofiq qimmatliklar ularning saqlanishini ta’minlamaganligi uchun to‘liq moddiy javobgarlik yuklatiladigan, oldindan belgilangan shaxslar guruhiga (brigadaga) topshiriladi. Brigadaning ayrim a’zosi javobgarlikdan ozod bo‘lishi uchun o‘zining aybi yo‘qligini isbotlab berishi lozim. Qimmatliklarga oid xizmat (saqlash, sotish, tashish, qayta ishlash) bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda ish beruvchi bilan kasaba uyushma qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi kelishuviga binoan tavakkalchilik jamg‘armasi tuzilishi mumkin, kamomadlarni shu jamg‘arma hisobidan qoplashga yo‘l qo‘yiladi. Xodim bilan to‘liq moddiy javobgarlik haqida yozma shartnoma tuzilmagan, shuningdek bunday shartnoma pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish xizmat vazifasiga kirmaydigan xodim, 18 yoshga to‘lmagan shaxs yoki korxonadagi moddiy javobgar xodimlar toifasi ro‘yxatiga kirmaydigan shaxs bilan tuzilgan hollarda ish beruvchiga yetkazilgan zarar uchun xodimga cheklangan moddiy javobgarlik yuklatilishi mumkin. Ish beruvchi yetkazilgan zararni muayyan xodimlardan undirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishdan oldin uning miqdorini belgilash va kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida tekshirish o‘tkazishi shart. Xodim esa barcha tekshirilgan materiallar bilan tanishish huquqiga ega. 139 Ish beruvchiga yetkazilgan zarar miqdori haqiqiy yo‘qotishlar bo‘yicha buxgalteriya hisobi ma’lumotlari asosida belgilanadi. Ish beruvchining asosiy vositalariga taalluqli mol-mulki talon-taroj qilingan, kamomad bo‘lgan, qasddan yo‘q qilingan yoki qasddan buzilgan taqdirda, shuningdek boshqa hollarda zarar miqdori vakolatli organ tomonidan ish ko‘rilgan kuni shu joyda amalda bo‘lgan bozor narxlari bo‘yicha hisoblanadi. Zararni undirish haqidagi arizani jabrlanuvchi xodim, xodim vafot etgan taqdirda esa, zarar to‘lovini olishga haqli bo‘lgan manfaatdor shaxslar ish beruvchiga beradi. Ish beruvchi esa arizani ko‘rib chiqishi va u tushgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddat ichida tegishli qaror qabul qilish shart. Ish beruvchining zararni to‘lash haqidagi buyrug‘ining nusxasi yoki uni rad etish haqidagi asosli yozma javobi u qabul qilingan kundan boshlab, uch kun muddat ichida xodim yoki manfaatdor shaxslarga topshiriladi. Agar ular ish beruvchining qaroridan rozi bo‘lmasa yoki belgilangan muddatda javob olmagan bo‘lsalar, mazkur nizoni hal qilib berishni so‘rab sudga ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Ish beruvchiga zarar yetkazishda aybdor bo‘lgan xodim uni ixtiyoriy ravishda qisman yoki to‘liq to‘lashga haqli. Qonunga ko‘ra, xodim va ish beruvchining kelishuviga binoan, qarordagi to‘lash muddati kechiktirilishi mumkin. Xodim bunday hollarda ish beruvchiga to‘lov muddatlarini aniq ko‘rsatib zararni qoplash haqida yozma majburiyat beradi. Agar zararni to‘lash haqida ixtiyoriy ravishda majburiyat olgan xodim mehnat shartnomasini bekor qilsa va zararlarni to‘lashdan bo‘yin tovlasa, qarzning uzilmay qolgan qismi notarial organlarning hujjatlari asosida undiriladi. Xodim ish beruvchining roziligi bilan yetkazilgan zararni qoplash uchun uning bahosiga teng mol-mulk berishi yoki buzilgan mol-mulkni tuzatib berishi mumkin. Zararni summasi o‘rtacha oylik ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda yetkazilgan zarar aybdor xodimdan ish beruvchining farmoyishiga muvofiq undiriladi. Farmoyish zarar yetkazilganligi aniqlangan kundan boshlab bir oy ichida chiqarilishi mumkin. Yetkazilgan zararni xodimdan undirilishi lozim bo‘lgan summasi uning o‘rtacha oylik ish haqidan oshib ketsa yoki zarar aniqlangan kundan keyin bir oylik muddat o‘tgan bo‘lsa, zarar sud tartibida undiriladi. Korxona rahbaridan yetkazilgan zararni undirib olish shu korxona mulkdori yoki u kafolat bergan organning arizasi asosida sud tartibida 140 amalga oshiriladi. Ish beruvchining mol-mulkiga yetkazilgan zararni undirish haqidagi qaror ustidan xodim sudga shikoyat qilishi mumkin. Sud aybning darajasi, shakli, aniq holatlari va xodimning moddiy ahvolini hisobga olib undiriladigan zarar miqdorini kamaytirishi mumkin. Agar zarar g‘arazli maqsadlar bilan sodir qilingan jinoyat natijasida yetkazilgan bo‘lsa, xodimdan undiriladigan zararning miqdorini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mehnat kodeksining 202-moddasi, 5-bandida xodim sud hukmi bilan aniqlangan jinoiy harakatlari tufayli ish beruvchining mulki yoki boshqa mulkiy huquqlarga zarar yetkazgan taqdirda ham zarar uchun to‘liq miqdorda moddiy javobgar bo‘lishi ko‘rsatilgan. Ammo xodim tomonidan ish beruvchiga jinoyat sodir etganligi tufayli zarar yetkazishi fakti sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan emas, balki prokurorning (tergovchining) jinoyat ishini oqlashga asos bo‘lmaydigan holatlariga ko‘ra harakatdan to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorga ko‘ra (masalan, amnistiya akti, kam ahamiyatli bo‘lgani, ayblanuvchi ijtimoiy xavfli bo‘lmay qolishi va hokazolar) aniqlangan taqdirda, xodimning moddiy javobgarligi qanday hal etilishi lozimligi haqida qonun hujjatlarida hech narsa deyilmaydi. Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1990-yil 14-dekabrdagi 5-PL-90-sonli «Ishchi va xizmatchilarning korxona, muassasa, tashkilotga yetkazilgan zarar yuzasidan moddiy javobgarligini belgilovchi qonunlarning respublika sudlari tomonidan qo‘llanilishi haqida» qarorining (1992-yil 13 noyabrdagi 5-PL-92 va 1994-yil 7-yanvardagi 5-sonli Oliy sud Plenumining qarorlari bilan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan) 124- bandida aytilishicha: «Tergov organining aybni soqit qilmaydigan asoslar bo‘yicha jinoyat ishini harakatdan qoldirish to‘g‘risidagi qarori jinoyat sodir qilinganligi faktini belgilashda zaruriy kuchga ega». Xodim korxonaga tegishli bo‘lgan tijorat siri sanaluvchi axborotlarni qasddan yoki ehtiyotsizlik xatti-harakatlari tufayli oshkor etishi oqibatida ish beruvchiga yetkazilgan zarar uchun to‘liq moddiy javobgarlik yuz berishi uchun bir qator holatlar mavjud bo‘lishi lozim. Jumladan, xodim tomonidan oshkor etilgan axborotlar korxona tijorat siri ekanligi va ularni muhofazalash choralari ko‘rilgan bo‘lishi, xodim tijorat siri sanaluvchi axborotlardan xabardor bo‘lishi mumkin bo‘lgan xodimlar doirasiga kirishi, tijorat sirlarini oshkor etganligi uchun javobgarlik haqida, shu jumladan to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilgan bo‘lishi talab etiladi. Ish beruvchining aybi bilan oshkor 141 bo‘lgan va hamma xabardor bo‘la olishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etganligi uchun to‘liq moddiy javobgarlik yuz berishi mumkin emas. Download 1.34 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling