Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
10 Bu gapni eshitgan Asadbek xuddi lahadda yotgandek seskanib ketdi: — Gapingning sovuqligini qara, oying muzxonada tuqqanlarmi seni? — Gapim sovuq bo‘ladimi, issiqmi — haqiqat shu! Ko‘cha eshigi ochilib, To‘lqin ko‘rinmaganida ularning bu «shirin» suhbatlari so‘kish bilan yakunlanishi aniq edi. To‘lqin ularning sinfdoshi, aynan shuning yo‘qolgan perosi tufayli bolalar Asadbekka tupurib, «xalq dushmanining bolasi»ga o‘z nafratlarini izhor etishgan edi. Jalil tanchaning cho‘g‘xonasidagi choynakni olib choy quyib uzatdi. Asadbek To‘lqinni har ko‘rganida o‘sha tupurish voqeasini eslab, bir ijirg‘anib olardi. Ayni damda, yuragi zardobga to‘lib ezilib turgan onlarda uning tashrifi dard ustiga chipqonday bo‘ldi. To‘lqin bemavrid kirganini fahmlab, qanday turib ketishni bilmay kalovlandi. — Asadbek aka, qalay, yaxshi yuribsizmi?— dedi-yu, ko‘zlarini undan olib qochib, najot umidida Jalilga qaradi. Asadbek «ha» deb qo‘ya qolsa, osmon uzilib yerga tushmas edi. Shunday bo‘lsa ham indamadi. Oradagi bir lahzalik sovuq sukutni Jalilning ovozi quvdi: — Qachondan beri Asad senga aka bo‘lib qoldi? — dedi u bir oz kinoya ohangida. — Ha, endi hurmatlari bor-da. — Hurmati zo‘r bo‘lsa boshqalarga zo‘r, sen bilan menga u bor-yo‘g‘i bir oshna. Qolgani sen bilan menga sariq chaqa. Ha, biron yoqqa shoshyapsanmi yo akaginangni ko‘rib ishtoningni ho‘l qilib qo‘ydingmi? — Jalil bu gaplari bilan «ma’nili biror gaping yo yumushing bo‘lmasa keta qolganing ma’qul», deganday ishora qildi. To‘lqin buni tushundi, qaynog‘i o‘lmagan choyni ho‘plab, og‘zi kuysa ham yutdi-da: — Janozaga o‘tib ketayotgan edim, qarasam eshik ochiq ekan, balki sizlar ham borarsizlar, bahonada ko‘rishib qo‘yay, deb kiraverganim, — dedi. — Kim o‘libdi? — Jalil shunday deb u uzatgan piyolani oldi-da, guldor patnis ustiga qo‘ydi. — Suhrob ota, bir paytlar pochtachi bo‘lgan odam-chi? Bu gapdan keyin Asadbek unga yalt etib qaradi. To‘lqin u odamning xatchi ekanini ta’kidlamasa ham Asadbek yaxshi biladi. Krasnoyardan qaytgach, otasining xatlarini kim yoqib yuborganini bilganda uni bo‘g‘ib o‘ldirgisi kelgandi. Shuni esladi-yu «Baribir o‘libdi- a» deb to‘ng‘illadi. To‘lqin uning gapini anglamay «menga gapirdimi?» degan savol nazari bilan Jalilga qaradi. Jalil Asadbekning gapini eshitib, tushungan bo‘lsa-da, e’tiborsiz ravishda fotihaga qo‘l ochdi. To‘lqin qaynotasining huzuriga ilk bor kirgan kuyov kabi dovdirab o‘rnidan turdi. Ostona hatlayotganida Asadbek uni to‘xtatdi: — To‘lqin, sendan bir iltimos, oshna, o‘sha janozaga borib yurma, u palidni yoqib kulini sovurgan odam savobga qoladi. Sen bollarni to‘plab kel. Osh qilib berishni niyat qilgan edim, bugun bi-ir o‘tirishaylik. To‘lqin «xo‘p» dediyu «gapi chinmi?» deganday Jalilga qaradi: — Ha, men buni bitta oshga tushirganman. — Asadbekni shu paytgacha hech kim tushirmagan, senga yo‘l bo‘lsin, — dedi Asadbek, keyin To‘lqinga yuzlandi. — Ko‘chada turgan bolani aytvor, kirsin. To‘lqin ko‘chaga chiqishi bilan Halimjon ildam yurib kelib uy ostonasida to‘xtadi. — Sen nima qilib turibsan?! — dedi Asadbek unga qahrli nigohini qadab. — Kim kelsa kiritaverasanmi? — Bolalikdagi o‘rtog‘ingiz ekanlar, — dedi Halimjon gunohkor odam tovushida. — Akang men bilan o‘tirganida birovni qo‘yma yoki avval so‘rab, keyin qo‘y, nima deding, ukam? Jalil vaziyatni yumshatishga urinmasa ham Asadbek xayoliga kelgan fikrdan ko‘ngli bir oz yumshagani tufayli yigitga boshqa tanbeh berish niyati yo‘q edi. — Bollarga ayt, ikkiyu ikki*ga mo‘ljallab xarajat qilib chiqishsin, — dedi Asadbek. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling