Milliy arxeologiya markazi raxmon ibragimov arxeologiya


Download 2.82 Kb.
Pdf ko'rish
bet92/106
Sana31.01.2024
Hajmi2.82 Kb.
#1829893
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   ...   106
Bog'liq
Arxeologiya

Shimoliy Tohariston. O‘rta Osiyoning ilk o‘rta asrlar davri 
yirik tarixiy-madaniy o‘lkalaridan biri hisoblangan Toharistonning 
chegarasi Baqtriyaning antik davridagi hududiga to‘g‘ri keladi. 
Tohariston shimoli-g‘arbiy, shimoli-sharqiy va janubiy qismlardan 
tashkil topgan. Tohariston to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumot 383-yilga 
oid Xitoy manbalarida uchraydi. Unda bu o‘lka Tuxola deb tilga olinadi. 
Yozma manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda Tohariston 
27 viloyatdan tashkil topgan bo‘lib, ulardan 8 tasi shimoliy qismida 
joylashgan. 


204 
Toharistonning shimoliy qismida 30 ga yaqin shahar turidagi 
manzilgohlar aniqlangan. Ularning eng yiriklari Eski Termiz, Budrach- 
Chag‘aniyon, O‘zbekontepa, Xosiyattepa, Kofirqal’a, Xolbuk va boshqa- 
lar. 
Shimoliy Tohariston hududidagi shaharlardan Termiz qadimdan 
yozma manbalarda Tarmita, Tami, Drmat, Tirmiz nomlari bilan 
tilga olingan. Ko‘hna shaharning o‘rta asrlar davri o‘rni zamonaviy 
shahardan g‘arbda antik davridagi o‘rnida, 10 ga maydondagi sun’iy 
tepalikda saqlanib qolgan. Ilk o‘rta asrning oxirida shaharning maydoni 
kengayib, 35 ga dan iborat birinchi hudud shaharning madina qismini, 
175-180 ga dan iborat ikkinchi hudud esa rabot qismlarini tashkil 
etgan. Yozma manbalarda shaharning rabot qismida bozor va turli 
hunarmandchilik mahallalari joylashganligi keltirib o‘tilgan. Rabotda 
kulollar, shishasozlar va temirchilar ustaxonalarining o‘rni aniqlangan. 
Surxon vohasining ikkinchi yirik shahri Chag‘aniyon xitoylik budda 
dini ziyoratisi Syuan Szyan (630 yillar) ma’lumotida “Chigoyenna” 
nomi bilan tilga olingan. Uning ma’lumotida shaharning aylanasi 10 li. 
(4-5 km) va unda 5 ta budda manastri mavjudligi qayd etilgan. 
Chag‘aniyon hozirgi Denov shahridan 6 km janubi-sharqda Qizilsuv 
daryosining bo‘yida Ko‘hna Budrach yodgorligi o‘rnida bo‘lgan. Bu 
yerda joylashgan Oqmozortepa yodgorligi shaharning arkini, Dunyotepa 
yodgorligi esa shahriston qismini tashkil etgan. Kushonlar davridayoq 
ark qismida 20 ga maydonda shahar shakllanadi. Ilk o‘rta asrlar davrida 
shahristonning maydoni kengayib, 50 ga joy mudofaa devori barpo etila- 
di. Yodgorlikning ark qismida aniqlangan me’moriy inshoot xarobalari 
o‘rnida Chog‘aniyon hukmdorlarining ilk o‘rta asrlar davri saroyi 
joylashgan. 
Shimoliy Tohariston kichik mulkliklaridan birining markazi 
bo‘lgan Kattatepa (Xosiyattepa (may. 20 ga) manzilgohi ikki qismdan 
iborat bo‘lib, mudofaa devori bilan o’rab olingan. Devorlar yarim 
aylana va to‘g‘ri to‘rtburchak burjlar va jangavor shinaklar bilan 
kuchaytirilgan. Ark qismida mahalliy hukmdorlar ibodatxonasi 
va dafinasi joylashgan. Manzilgoh tadqiqotchilar tomonidan o’rta 
asr arab manbalarida qayd qilingan Kuftan mulkligining markazi 
Xushvara shahri bilan qiyoslangan. 


205 
Tojikistonda Kofirnahr va Vaxsh daryo vohalari hududida shahar 
shakliga ega bo‘lgan manzilgohlaridan biri hisoblangan Kofirqal’a 
(maydoni 13 ga ga yaqin) manzilgohi antik davrida shakllangan. 
Kvadrat shaklga ega bo‘lgan manzilgoh devori, xandaq, proteyxizm, 
burj va shinaklardan tashkil topgan mudofaa tizimiga ega bo‘lib, 
markaziy ko‘cha shaharni ikkiga ajratib turgan. Shaharga ellin 
davrida asos solingan. Shahar mudofaa devorining ichkarisida aholi 
turar joy imoratlari joylashgan. Shahar atrofida aholi turar joylari va 
ishlab chiqarish inshootlari o‘rin olgan. Kofirqal’a Vaxsh vohasining 
ilk o‘rta asrlar davri markaziy shahri hisoblangan. 
Bolaliktepa. 1. Manzilgohning rejasi 2. Devoriy suratlar 
O‘lkanning boshqa bir yodgorliklari Bolaliktepa, Kuyovqo‘rg‘on, 
Yumaloqtepa manzilgohlari ilk o‘rta asrlar davri davlatmand yer 


206 
egaslarining ko‘shki va qasrining o‘rni bo‘lgan. Bu yodgorliklarda markaziy 
o‘rinni muhtasham qabulxona va mehmonxonalar egallagan. Mahobatli 
xonalar dunyoviy mazmunga ega rang-tasvirlar, haykalchalar, yog‘och va 
ganch o‘ymakorlik bezaklari kabi san’at namunalari bilan bezatilgan. 
Shimoliy Tohariston xo‘jaligi dehqonchilik va chorvachilik bo‘lgan. 
Shaharlarda hunarmandchilikning turli sohalari: temirchilik, kulolchilik, 
shishasozlik, zargarlik, to‘qimachilik, ko‘nchilik rivojlan-gan. 
Xitoy yozma manbalarida xitoyliklar shisha tayyorlashni 
toharistonliklardan o‘rganishgani keltirilgan. Bolaliktepa va 
Munchoqtepa (Tojikiston) yodgorliklaridan ko‘k va havo rangdagi 
kichik shisha buyumlari (flakonlar) va qisman xo‘jalik buyumlari 
topib o‘rganilgan. Keyinchalik shishasozlik O‘rta Osiyoning boshqa 
hududiga ham keng tarqala boshlaydi. 
O‘lkaning ilk o‘rta asrning dastlabki bosqichdagi sopollari 
antik davridagi kabi nafis shakli va yuqori sifatini saqlab, yanada 
mukammalashadi. Bu davrdagi sopol buyumlarining sirtiga o‘yib 
chizilgan va yopishtirilgan naqshlar bilan bezash odat tusiga kirgan. 
Shimoliy o‘lkalarga xos qo‘sh baldoqli sopollar tarqaladi. Keyingi 
bosqichda qo‘lda yasalgan sopol buyumlar soni nisbatan ko‘payib, 
shakli o‘zgarib boradi. VII–VIII asrlarda yanada nafis va sifatli sopollar 
yasalgan va ularning sirtiga chizilgan naqshlar murakkablashgan. 
Shimoliy Toharistonda buddaviylik dini saqlanib qoladi. Syuan 
Szyan Termiz va Chag‘anyon shaharlaridagi bir necha budda 
ibodatxonasi to‘g‘risida ma’lumot keltirgan. Eski Termizdagi antik 
davri buddaviylik ibodatxonalari faoliyatini davom ettirgan. 
Shimoliy Toharistonning ilk o‘rta asrlar davrida koroplastika, ya’ni 
kichik haykalchalar va rang-tasvir san’ati yaxshi rivojlangan. Koroplastika 
san’ati namunalari Kuyovqo‘rg‘on ko‘shkidan topib o‘rganilgan. 
Haykaltoroshlik san’atida antik davri an’ansi davom etib, o‘zida so‘nggi 
gandxara va sasoniylar madaniyatining ta’siri sezilib turadi. 
Tasviriy san’atning boshqa bir turi bo‘lgan rang-tasvir namunalari 
Bolaliktepa va Tavka yodgorliklarida o‘rganilgan. Bolaliktepa devoriy 
suratlari nufuzli oilaning bazm marosimlari, Tavka yodgorligi tasviriy 
san’at namunalari esa ov jarayoni aks ettirilgan. 


207 

Download 2.82 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   ...   106




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling