O‘rta Osiyoda mezolit davri nisbiy tarzda miloddan avvalgi XII-VI mingyilliklarni o‘z ichiga oladi


Download 339.5 Kb.
bet2/18
Sana23.12.2022
Hajmi339.5 Kb.
#1047834
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
Bog'liq
2,2 mezolit neolit (Lotincha)

Mochay g‘or-makoni. Bu yodgorlik Hisor tizmasining tarmoqlaridan biri -Ketmonchopti tog‘ining janubiy yonbag‘rida, Machay daryosining o‘ng sohilidagi Yuqori va O‘rta Machay qishloqlari oralig‘ida joylashgan. U daryo sathidan 70 metrcha balandda bo‘lib, og‘zi janubga qaragan. Uning kengligi 20 metr, chuqurligi 11 metr, balandligi esa 3,5-5 metrgachadir. Mochay g‘ori ko‘p qatlamli yodgorlik bo‘lib, qazish natijasida undan tosh va suyakdan yasalgan mehnat qurollari topilgan. Lekin ular orasida tosh qurollar asosiy ko‘pchilikni tashkil etadi. Mochay g‘oridan topilgan suyak qurollarning jami 15 nusxa bo‘lib, ular bigiz, igna, so‘zan va boshqalardan iboratdir. G‘orning madaniy qatlamidan jami 870 ta toshdan yasalgan qurol va buyumlar kovlab olingan. Ular har xil shakldagi nukleuslar, retushlangan va retushlanmagan parrak va parrakchalar, tosh pichoqlar, arrasimon qurollar, keskich, tosh sandonlar, ushatgich toshlar, yo‘ng‘ich-randalar, nayza va o‘q uchlari, trapetsiyalar, sigmentlar va boshqa xil qurollardan iboratdir. Mochay g‘oridan topilgan qurollar o‘zining ishlanish texnikasi, katta-kichikligi nuqtai nazaridan Tojikistonning Vaxsh daryosi havzasidagi mezolit qurollariga ancha o‘xshab ketadi. Ayni vaqtda qurollarning ba’zilari Markaziy Farg‘ona, Toshkent vohasidagi, Turkmaniston, Janubiy Qozog‘iston va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi qator mezolit yodgorliklaridan topilgan tosh qurollariga ham o‘xshaydi. Ular orasida o‘ziga xos ayrim belgilar ham uchraydi. Mochaydagi qazish ishlari natijasida madaniy qatlamlardan antropologik materiallar-odam bosh suyaklari, tishi, jag‘i va boshqa a’zolari qoldiqlari topilgan bo‘lib, shu vaqtgacha respublikamizdan ham, O‘rta Osiyoning boshqa joylaridagi mezolit yodgorliklaridan ham bunday buyumlar topilmagan edi. Bu jihatdan Mochaydan topilgan odam suyaklari juda katta amaliy va ilmiy ahamiyatga egadnr. Olimlar o‘tkazgan tadqiqotlar natijasida kalla suyaklarining biri voyaga yetgan erkak, ikkinchisi ayol va uchinchisi esa yosh bolaga mansub ekanligi aniqlangan. Antropologik materiallarni chuqur o‘rganish olimlarga Janubiy O‘rta Osiyo mezolit davri kishilarining qaysi irqqa mansub ekanliklarini bilish imkonini berdi.
G‘ordan topilgan kalla suyaklarining hammasi evropeoid irqiga mansub kishilarniki ekanligi aniqlandi. Bu O‘rta Osiyoning eng qadimgi axolisini, ularning tashqi qiyofasini va qo‘shni o‘lkalar bilan, ayniqsa janubdagi kabilalar bilan bo‘lgan aloqasini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Arxeologik qazish ishlari natijasida g‘orning madaniy qatlamlaridan mehnat, qurollari, antropologik buyumlar bilan bir qatorda xilma-xil hayvonlarning suyaklari-paleontologik materiallar ham topilgan. Aniqlanishicha, ular qizil bo‘ri, tulki, bars, mo‘ynali suvsar, quyon, jayra, olmaxon, Turkiston kalamushi, dalasichqon, to‘ng‘iz, Buxoro bug‘usi, Osiyo qo‘yi -muflon, ayiq, morixo‘r-burama shoxli echki, toshbaqa kabi yovvoyi hayvonlarga mansub ekan. Ammo g‘ordan mayda va yirik shoxli xonaki xayvonlarning suyaklari ham topilgan.
Paleozoolog B.H.Botirovning ma’lumotlariga qaraganda, Mochay g‘oridan 20 xildan ortiq hayvon suyaklari topilgan bo‘lib, ularning aksariyati mayda, sindirilgan, olovda kuygan. Agar madaniy qatlamdagi qalin kul qoldiqlari nazarga olinsa, g‘orda hamisha gulxan yonib turgan. Demak, machayliklar olovdan juda keng foydalanganlar, hayvon go‘shtlarini olovda pishirib yeganlar. G‘ordan yovvoyi va xonaki hayvon suyaklarining topilishi Mochay daryosi havzasida yashagan mezolit davri kishilarining ovchilik va qisman chorvachilik bilan shug‘ullanganliklarini bildiradi. Mochayliklar termachilik bilan ham shug‘ullangan bo‘lishlari kerak. Chunki Mochay atrofi yovvoyi meva va o‘simliklarga juda boy bo‘lgan. Arxeologlar makonning madaniy qatlamlaridan topilgan mehnat qurollari va paleontologik materiallarni chuqur o‘rganib, ularning miloddan avvalgi VII—VI mingyilliklarga mansub ekanligini aniqlaganlar.
Mochay g‘ori buyumlarini O‘rta Osiyodagi Dam-dam chashma, Tutqovul, Oshxona, Obishir, Chilchor chashma, shuningdek, Yaqin va O‘rta Sharqdagi Zarzi-Shanidar, Ali-Tappex, Gari-Kamarband, Zevi-Chemi-Shanidar, Qora Kamar, Oq ko‘prik va boshqa mezolit davri makonlaridan topilgan tosh va suyak qurollari bilan qiyoslash natijasida ular orasida o‘xshashlik borligi aniqlangan. Shunday qilib, Mochay g‘or-makoni respublikamiz janubidagi mezolit davri yodgorliklarining eng ajoyib namunalaridan biri hisoblanadi.
Janubiy O‘zbekistondagi mezolit davri yodgorliklaridan yana biri Ayritom makonidir. Ayritom Termiz shahridan 18 km sharqda, Amudaryoning o‘ng sohilida joylashgan bo‘lib, katta davrni o‘z ichiga olgan ko‘p qatlamli yodgorlikdir. Arxeologlar Ayritomda qidirish ishlari olib borib, mezolit davriga mansub tosh qurollar ham topishga muyassar bo‘lganlar. Ular asosan nukleuslar, pichoqsimon parrakchalar, uchrindilar, qirg‘ichlar, teshgichlar, tosh parmalagichlar, o‘q va nayza uchlari bo‘lib, ko‘p jihatlari bilan Obishir, Tutqovul, Soy Sayyod yodgorliklaridan topilgan tosh qurollarga o‘xshab ketadi. Shu jihatdan olib qaraganda, Ayritomdan topilgan tosh qurollar ham mezolit davriga mansub bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysi va uning janubidagi tog‘lik rayonlarda ham mezolit davriga oid makonlar ancha keng tarqalgan. Shular jumlasiga Farg‘ona vodiysining janubidagi Qatron tog‘ning janubiy yon bag‘ridan topilgan Obishir I va Obishir V g‘or-makonlarini kiritish mumkin.

Download 339.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling