2-modul. FOYDALI QAZILMA KONLARINI QIDIRISH VA
RAZVEDKA QILISHNING GEOLOGIK ASOSLARI
Modul boʻyicha reja:
2.1. Qidirishning geologik asoslari. Qidirish mezonlari va belgilari.
2.2. FQKlarini qidirish mezonlari klassifikatsiyasi. Iqlim va
stratigrafiya mezonlari.
2.3. Qidirishning fatsial-litologik mezoni.
2.4. Qidirishning tektonik (strukturaviy) mezoni.
2.5. Qidirishning magmatogen mezonlari.
2.6. Qidirishning geokimyoviy va mineralogik mezonlari.
Tayanch soʻz va iboralar: geologik nazariy asoslar, qidirish
mezonlari, qidirish belgilari, mezonlar tasnifi, iqlim mezoni,
stratigrafiya, stratigrafik mezon, fatsiya, litologiya, fatsial-litologik
mezon, plikativ struktura, dizyunktiv struktura, strukturaviy-tektonik
mezon, magma, intruziv, effuziv, magmatik mezon, minerallar
paragenezisi, tipomorfizm, mineralogik mezon, geokimyoviy anomaliya,
geokimyoviy oreol, birlamchi oreol, ikkilamchi oreol, geokimyoviy
assotsiatsiya, geokimyoviy mezon.
2.1. Qidirishning geologik asoslari. Qidirish mezonlari va belgilari
Foydali qazilma (ma’dan) va foydali qazilma koni oʻz mohiyatiga
koʻra geologik jismlardir. Ularning paydo boʻlishi va joylashishi
geologik qonuniyatlarga boʻysunadi. Shuning uchun ularni bilish va
ulardan qidirish va razvedka jarayonida foydalanish «FQKlarini qidirish
va razvedka qilish»ning geologik asosini tashkil etadi.
Geologik jarayonlar juda koʻp holatlar, sharoitlar, vaziyatlar va
sabablarga bogʻliq boʻlgan, koʻp faktorli jarayonlardir. Bu jarayonlarda
turli minerallar, qamrovchi jinslar, strukturalar va boshqa geologik
obyektlar ishtirok etadi. Bular haqidagi ma’lumotlarni turli geologik
fanlar oʻrgatadi. Bu fanlardan toʻplangan bilimlar va koʻnikmalarning
barchasi qidirish uchun qoʻllanilishi lozim, chunki ular qidirishning
geologik asoslarini tashkil etadi va ularni qidirish mezonlari va qidirish
belgilari sifatida ishlatamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |