Olma mevalari etilmasligi va ularning normal rangi rivojlanmasligi. Kasallik AQSH, Yevropa, JAR va Yangi Zelandiyada qayd etilgan. Lord Laburne navida iyun oyidan boshlab mevalar o’sishi va rivojlanishi sekinlashadi, natijada hosil yig’ish paytida ular kichik va yashil bo’lib qoladi; o’lchami normal bo’lgan mevalar yaltiroq qizil rang o’rniga kulrang-qo’ng’ir- qizil tus oladi. Ba’zi mevalarda diametri 5 mmcha bo'lgan, chetlari qizil, to’q-yashil, dumaloq dog’lar paydo bo’ladi. Boshqa navlarda kasallikning aniq belgilari rivojlanmasa ham, hosil kamayib ketishi mumkin. Kasallikni fitoplazmasimon organizm qo’zg’atishi xabar qilingan. Kasallik payvand bilan oson yuqadi, tabiatda sekin tarqaladi va vektori noma’lum.
Olma zaiflashishi kasalligi AQSHda Delishes va Golden Delishes navlarini zararlaydi. Oldin bitta novdada kichik, dumaloq barglar paydo bo’ladi, novda o’sishi juda sekinlashadi. Bir mavsumda kasallik belgilari butun daraxtga tarqaladi, birinchi bo’lib zararlangan novda, uchidan boshlab, qurib qoladi. Uchinchi yilga kelib novdalarning ko’pchiligi qurib qoladi, 3-4 yil ichida daraxt nobud bo’ladi. Bitta daraxtda paydo bo’lgan kasallik radial yo’nalishlarda bog’dagi barcha daraxtlarga tarqaladi. Zararlangan daraxtlar ildizlaridagi tuklar yo’qoladi, mevalari mayda va kechpishar bo’lib qoladi, bozorbopligini yo’qotadi. Kasallikni fitoplazmasimon organizm qo’zg’atadi.
Olma mozaikasi. Ushbu kasallik еr sharining bir qancha davlatlarida - Yevropa, AQSh, Avstraliya, Hindiston, Latviya, Moldaviya, Belorussiya, Gruziya va boshqalarda ro’yxatga olingan.
Kasallikni virus qo’zg’atadi. Kasallik qo’zg’atuvchi virusning bir nechta shtammlari mavjud va ularning zarari virus shtammlari va olma navlarining kasallikka chidamlilik darajasiga qarab aniqlanadi. Angliyada kasallikka moyil navlami agressiv shtamm zararlaganda mozaika kasalligi tufayli olmaning 30- 40% hosili yo’qotilgan.
Moldaviyada olmaning sariq-yashil va och yashil mozaika kasalligini qo’zg’atuvchi virusning ikkita shtammi* aniqlangan. Birinchi shtamm bilan zararlanganda kasallik belgilari erta bahorda o’sib chiqayotgan yosh novdalar barglarida, och yashil yoki sariq-yashil mozaika paydo bo’ladi. Harorat oshgan sari kasallik belgilari rivojlanishi susayadi. Virus o’simlik a’zolarida saqlanadi va zararlangan material hamda payvandlash vaqtida yuqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |