Toshkent davlat yuridik universiteti


Download 5.5 Mb.
Pdf ko'rish
bet199/284
Sana16.11.2023
Hajmi5.5 Mb.
#1777668
1   ...   195   196   197   198   199   200   201   202   ...   284
Bog'liq
Fuqarolik huquqi II-qism

Yashirin shirkat. Sheriklar oddiy shirkat shartnomasini uning mavjudligini 
uchinchi shaxslarga ma’lum qilmasdan imzolashlari mumkin. Bunday holatda har 
bir sherik o’z nomidan va sheriklarning umumiy manfaatlari yo’lidagi barcha 
bitimlar bo’yicha o’zining butun mol-mulki bilan javobgar bo’ladi. 
Nazorat uchun savollar: 
1. 
Oddiy shirkat shartnomasining huquqiy belgilari va ahamiyatli 
belgilarini ko’rsating. 
2. 
“To’liq shirkat” va “oddiy shirkat” tushunchalarining umumiy va 
alohida belgilarini ko’rsating. 
3. 
“Savdo” MChJ va yakka tartibdagi tadbirkor L. va T.lar o’rtasila 
muddati besh yil bo’lgan oddiy shirkat shartnomasi tuzildi. O’zaro faoliyatdagi 
to’rt yildan so’ng MChJ shartnomani bekor qilish, olingan foydani taqsimlash va 
uning hissa sifatida kiritgan mol-mulkini qaytarishni talab qilyapti.
MChJ ning oddiy shirkat ishtirokchilari qatoridan chiqish tartibi qanday? 
Asosli javob tuzing. 
4. 
Ikki nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar O. va E. ochiq sheriklik 
asosida o’zaro faoliyat yuritdilar. Kalendar yili tugaganidan so’ng sheriklar 
10 000 000 so’m miqdorida olingan foydani taqsimlashni qaror qildilar. Lekin 
foydani taqsimlash jarayonida ishtirokchilarda 3 000 000 so’m miqdorida 
harajatlari ham mavjudligi ma’lum bo’ldi.
Oddiy shirkat ishtirokchilari o’rtasida foyda, harajatlar va zararlarni 
taqsimlash tartibi qanday? 
 
 


403 
54-BOB. OMMAVIY TANLOV 
Ommaviy tanlov fuqarolik huquqida o’ziga xos munosabat bo’lib, bir 
tomonning xatti-harakati natijasida vujudga kelishi bilan belgilanadi. Ommaviy 
tanlov bir shaxsning muayyan ishni bajarish va natijaga erishish uchun nomuayyan 
doiradagi shaxslarga yoki muayyan shaxslar doirasiga qilingan va eng yaxshi 
natijaga erishgan shaxs uchun muayyan mukofot yoki rag’batlantirishni ko’zda 
tutadigan munosabat hisoblanadi.
Ishni eng yaxshi bajarganlik yoki boshqa natijalarga erishganlik uchun pul 
mukofoti to’lash yoki boshqa mukofot berish to’g’risida (mukofot to’lash 
to’g’risida) oshkora (ommaviy tanlov) e’lon qilgan shaxs tanlovni o’tkazish 
shartlariga muvofiq uning g’olibi deb topilgan kimsaga shartlashilgan mukofotni 
to’lashi lozim. 
Hozirgi kunda ommaviy tanlovlar o’tkazish to’g’risidagi huquqiy 
munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi. 
Bunda ommaviy tanlovlarni huquqiy tartibga solish tegishli davlat hokimiyati va 
o’zini o’zi boshqaruv organlari tomonidan chiqarilgan normativ huquqiy hujjatlar 
asosida ham amalga oshirilishi mumkin. Shuni ta’kidlash joizki, Fuqarolik kodeksi 
ommaviy tanlovlar o’tkazish bo’yicha boshqa huquqiy manbalarga (qonunlar, 
huquqiy hujjatlar)ga ishora qilmaydi. Bunda davlat organlari va o’zini o’zi 
boshqaruv mahalliy organlari tomonidan chiqarilgan huquqiy hujjatlar ommaviy 
tanlovlar ishtirokchilariga emas, balki organlarning o’zlariga, ularning tanlovlarni 
o’tkazish borasidagi faoliyatini tartibga solishga mo’ljallanganligini ta’kidlab 
o’tish lozim. Xususan, bunday aktlarda ommaviy tanlovlarning maqsadlari, tanlov 
komissiyasining tarkibi va uning vazifalari, tanlov komissiyasining majburiyatlari, 
tanlov o’tkazish to’g’risidagi e’londa mavjud bo’lgan mazkur tanlovlarni o’tkazish 
borasidagi qo’shimcha ma’lumotlari va hokazolar aks ettirilgan bo’lishi mumkin.
Bozor iqtisodiyoti sharoitiga o’tish va bozor infrastrukturasini shakllantirish 
munosabati bilan bir tomonlama harakatlardan kelib chiqadigan majburiyatlar, 
jumladan, turli tanlovlar, auksionlar va hokazolar o’tkazish ko’payib bormoqda. 
Masalan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 7 avgustdagi PQ-436-
sonli “Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni 
takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarorida belgilangan vazifalardan 
kelib chiqqan holda O’zbekiston Respublika oliy va o’rta maxsus ta’lim 
vazirligining 2006 yil 13 dekabrdagi 284-sonli buyrug’iga binoan respublika oliy 
ta’lim muassasalarida talabalarni ilmiy-tadqiqot, ijodiyot va bunyodkorlik 
faoliyatiga keng jalb etish, ularni ilm-fanni jadal rivojlantirishga munosib 
hissalarini qo’shishlariga va ilm-fanning uslubiyotini o’zlashtirishga yetarli shart-
sharoitlar yaratish, ta’lim bilan fanning samarali integrastiyasini ta’minlash 
maqsadida aspirant, doktorant, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalarning ilmiy ishlari 
respublika tanlovini o’tkazish belgilangan. O’zining yuridik tabiati bo’yicha 
ommaviy tanlov bir tomonlama bitimlar jumlasiga kiradi.
1964 yilgi Fuqarolik kodeksida “tanlov” “konkurs” deb ko’rsatilgan. 
“Konkurs” lotincha ibora bo’lib, bir necha shaxslarning muayyan maqsadga 
erishishi uchun o’zaro musoboqada bo’lishini bildiradi. Bundan ko’rinib turibdiki, 


404 
ommaviy tanlovda ma’lum bir obyektlar o’zaro qiyoslab, sifatiga ko’ra baholanadi. 
Shuning uchun ko’pincha ommaviy tanlovdan foydalanish ko’zlangan maqsadga 
tezroq erishishda muvaffaqiyat keltiradi. 
Ishni eng yaxshi bajarganlik yoki boshqa natijalarga erishganlik uchun pul 
mukofoti to’lash yoki boshqa mukofot berish to’g’risida (mukofot to’lash 
to’g’risida) oshkora (ommaviy tanlov) e’lon qilgan shaxs tanlovni o’tkazish 
shartlariga muvofiq, uning g’olibi deb topilgan kimsaga shartlashilgan mukofotni 
to’lashi lozim. (FK 976-modda). 
Ommaviy tanlov e’lon qilishdan kelib chiqadigan majburiyatlar ijodiy 
faoliyatlarni, shuningdek, moddiy ishlab chiqarish sohasidagi muayyan vazifalarni 
to’la va yaxshiroq hal qilish masalasini o’z oldiga qo’yadi. Ommaviy tanlov e’lon 
qilish adabiyot, fan va san’at sohasida barkamol va yuksak g’oyaviy asarlar 
yaratish hamda texnika taraqqiyoti masalalarini hal qilishga qaratiladi. 
Amaldagi fuqarolik qonunchiligi ommaviy tanlovlarni o’tkazishga muayyan 
shartlar (talablar) qo’yadi. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 976-
moddasi normalarini tahlil qilgan holda quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
1. Ommaviy tanlovning oshkora o’tilishi muayyan ishni bajarganlik uchun 
mukofot to’lash oshkora va’da qilingan va muayyan yoki nomuayyan shaxslar 
(noma’lum har bir shaxsga nisbatan) doirasiga qaratilgan bo’ladi. Shu belgisiga 
ko’ra ommaviy tanlov ikkiga bo’linadi: 
a) ochiq;
b) yopiq;
Ochiq tanlovda tanlovni uyushtiruvchining tanlovda ishtirok etishga taklifi 
matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida barcha xohlovchilarga 
qaratiladi. Bunda ommaviy tanlov ishtirokchilari doirasi kengroq yoki torroq, 
miqdori noaniq bo’ladi. Yopiq ommaviy tanlovda ishtirok etishga taklif tanlovni 
uyushtiruvchi tomonidan o’zi xohlagan muayyan doiradagi shaxslarga yuboriladi. 
Bunda tanlovda qatnashuvchi shaxslar doirasi chegaralangan va uyushtiruvchiga 
ma’lum bo’ladi.
Shuni aytish lozimki, huquqiy adabiyotlarda ommaviylik turli ma’nolarga 
ega. Ayrim mualliflarning fikricha, ommaviylik sharti o’tkazilayotgan 
tanlovlarning maqsadlarining ijtimoiy foydaliligini anglatadi.
Adabiyotlarda ommaviy tanlovlar to’g’risidagi e’lon majburiy ravishda 
ommaviy axborot voitalari orqali bajarilishi lozimligi aytib o’tilgan. Bunga 
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 976 moddasining 2 qismi asos 
bo’ladi. Unga ko’ra ommaviy tanlovni uyushtiruvchining tanlovda ishtirok etishga 
taklifi matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish yo’li bilan 
barcha xohlovchilarga qaratilganda ochiq yoki tanlovda ishtirok etishga taklif 
tanlovni uyushtiruvchining xohishi bo’yicha muayyan doiradagi shaxslarga 
yuborilganda yopiq bo’lishi mumkin. Ushbu matnda qo’llanilgan “boshqa” so’zi 
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida faqatgina ommaviy axborot 
vositalari va matbuotlarni ko’zda tutishini tushunish mumkin. Chunki, birinchidan, 
agar so’z faqatgina ommaviy axborot vositalari to’g’risida ketgan bo’lsa, ularni 
sanab o’tishga ehtiyoj bo’lmas edi (matbuot so’zining o’zi kifoya qilardi), 
ikkinchidan, O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 976-moddasi 2-


405 
qismining asosiy talabi shundan iboratki, ommaviy tanlovda ishtirok etish barcha 
xohlovchilarga qaratilgan bo’lishi lozim. Bunga esa nafaqat ommaviy axborot 
vositalari, balki boshqa uslublar, ya’ni ommaviy tanlov to’g’risidagi yozma 
e’lonlar ham kiradi.
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bo’yicha ommaviy 
tanlovlarning o’tkazilishi to’g’risidagi e’lon “ommaviy axborot vositalarida” 
bo’lishi lozimligi to’g’risidagi talabi ayrim shubhalar tug’diradi. Fuqarolik 
kodeksining mazkur talabi, birinchidan, huquqni qo’llash amaliyotida matbuot 
so’zi bilan bog’liq bo’lgan nizoli vaziyatlarni keltirib chiqaradi, ikkinchidan, 
ommaviy tanlovlarni e’lon qilishda fuqarolik jamiyatida muhim ahamiyatga ega 
bo’lgan zamonaviy informatsion va elektron texnologiyalarning (masalan, internet) 
qo’llanishini cheklaydi. Undan tashqari, ommaviy tanlovlarni e’lon qilishga 
o’xshash bo’lgan boshqa huquqiy konstruktsiyalarni (savdolarning e’lon qilinishi 
va ommaviy oferta) O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi o’z ichiga qamrab 
olmaydi.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, xulosa qilish mumkinki, O’zbekiston 
Respublikasi Fuqarolik kodeksi tanlovning ommaviylik sharti, birinchidan, 
hammaga va har kimga qaratilgan bo’lishi, ikkinchidan, qonunda nazarda tutilgan 
uslublar orqali amalga oshirilishi lozim. Ikkinchidan, ommaviy tanlov ma’lum bir 
foydali maqsadlarga erishishni ko’zlab amalga oshiriladi. Uchinchidan, mukofot 
muayyan ishni yaxshiroq bajarganlik uchun va’da qilinadi. Bu bir necha shaxslar 
tomonidan erishilgan natijalarni bir-biri bilan qiyoslab, eng yaxshisini tanlab olish 
imkonini beradi. Shu sababli tanlovda faqat bir ish yoki bir necha shaxsning bir 
nechta ishi qatnashgan bo’lsa, tanlov o’tkazilmagan hisoblanadi. Shu bilan birga, 
ishning tanlovda ko’rsatilgan shartlarga mos bo’lishi ham talab qilinadi. 
Ushbu belgilarga ko’ra, ommaviy tanlovga quyidagicha ta’rif berish 
mumkin: ommaviy tanlov – uni e’lon qilish, ishlarni topshirish, baholash va va’da 
qilingan mukofotni to’lash borasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlarni 
tartibga soladigan huquqiy normalarning yig’indisidir.
Ommaviy 
tanlovning 
subyektlari sifatida bir tomondan tanlovni 
uyushtiruvchilar va ikkinchi tomondan ishtirokchilar sifatida turli yuridik va 
jismoniy shaxslar qatnashadi, uning obyekti esa ishtirokchilar tomonidan 
bajarilgan va konkursga taqdim etilgan ishlar bo’lib hisoblanadi.
Ommaviy tanlovga oid huquqiy munosabat birmuncha murakkab bo’lib, 
tanlov e’lon qilish, shartlarini aniqlash, ishlarni topshirish, konkurs mezonlarini, 
tartibini, natijalarini belgilash kabi jarayonlarni o’z ichiga oladi. 
Fuqarolik kodeksining 976-moddasi 4-qismida ko’rsatilganidek, ommaviy 
tanlov to’g’risidagi e’lon topshiriqning mohiyatini nazarda tutuvchi shartlarni, 
ishning natijalarini yoki boshqa yutuqlarni baholash mezonlari va tartibini, ularni 
taqdim etish joyi, muddati va tartibini, to’lanadigan mukofot miqdori va shaklini, 
shuningdek, natijalarni e’lon qilish tartibi va muddatlarini o’z ichiga olgan bo’lishi 
lozim. Shu bilan birga, 976-moddaning 3-qismiga binoan, tanlovni uyushtiruvchi 
tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxslarni dastlabki saralashdan o’tkazgan 
taqdirda, ochiq tanlovda ishtirokchilarning dastlabki malakasi haqida shart ham 
qo’yilishi mumkin. Bu shartlar majburiy, ya’ni ommaviy tanlov e’lon qilinishi 


406 
vaqtida ularning ko’rsatilishi kerak bo’lgan shartlar va fakultativ, ya’ni tanlov 
o’tkazuvchining xohishi bilan kiritiladigan shartlardir. Majburiy shartlardan 
birining bo’lmasligi tanlovni e’lon qilinmagan deb topilishiga olib keladi. Bu 
shartlar jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin: 
a) topshiriqning mazmuni haqidagi ma’lumotlar. Ularning qay darajada 
yoritilishi tanlovning maqsad va xususiyatidan kelib chiqadi. Shuning uchun 
tanlovni e’lon qilishda topshiriqni aniq va ravshan ko’rsatish kerak. Masalan: 
biron-bir asarni yaratishda uning janrini ko’rsatish; 
b) topshiriqni bajarish muddati. Bu muddat shunday davrni o’z ichiga olishi 
zarurki, bu vaqt ichida topshiriqning bajarishning real imkoniyati bo’lishi kerak. 
Muddat aniq bir sana (masalan: 1999 yil 1 noyabrgacha) bilan ham yoki ma’lum 
bir vaqt oralig’i (masalan: uch oy ichida) bilan ham ko’rsatilishi mumkin. 
Topshiriqni ko’rsatilgan vaqtda bajarmaslik tanlovda ishtirok etishni rad etishga 
olib keladi va uni na sud tartibida, na ma’muriy tartibda shikoyat qilishga asos 
bo’la oladi; 
v) ishlarni yoki boshqa natijalarni taqdim etish tartibi, avvalo, uning qay 
shaklda topshirilishi bilan izohlanadi. Ba’zi bir ishlarni taqdim etish tanlov 
xarakteridan kelib chiqadi va uni bevosita topshirishda ifodalanadi. (qo’lyozma, 
loyiha, model va hokazolar). Ba’zi topshiriqlar esa bevosita ijro etish (masalan: rol 
ijro etish, qo’shiq, she’r aytish va hokazo) bilan amalga oshiriladi; 
g) ishni topshirish joyi nafaqat ishtirokchilar uchun, balki jamoatchilikni jalb 
etish uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bu ayniqsa, ijrochilik qobiliyatini 
namoyish etishda yaqqol namoyon bo’ladi; 
d) ishlarni qiyosiy baholash tartibi, mezonlari va muddati berilgan 
topshiriqning o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi. Ko’p hollarda tanlov bir 
necha turlarda o’tkazilishi, ba’zi hollarda ishlar oldindan tanlab olinishi va ko’rib 
chiqilishi mumkin. Yakuniy baholashdan oldin ishlar ommaviy axborot vositalari 
orqali namoyish qilinishi va bu bilan ularning takliflarini o’rganib chiqish 
imkoniga ega bo’lishi nazarda tutilishi mumkin. Yakuniy baholash e’lon qilingan 
kun g’olibga mukofot berish to’g’risida qaror chiqqan kun ham bo’lib hisoblanadi; 
e) mukofot miqdori ma’lum summa yoki mulkiy qiymatga ega bo’lgan ashyo 
bilan belgilanadi;
j) tanlov natijalarini e’lon qilish tartibi va muddatlari haqida tanlov e’lon 
qilingan shaklda yoki boshqacha tarzda ishtirokchilar ogohlantirilishi kerak. 
Chunki ba’zi hollarda, ayniqsa, mualliflik huquqi bilan bog’liq ishlarda ishlarni 
bajarishga qabul qilingan vaqtdan boshlab shartnomaviy munosabatlar amalga 
oshiriladi. Boshqa ishtirokchilar uchun esa bu qaror huquqiy munosabat 
tugaganligini bildiradi
75

Tanlovning fakultativ belgilari tanlov o’tkazuvchi tomonidan kiritiladi va 
tomonlarning o’zaro munosabatlarini aniqlashtirishga yordam beradi. Ularga 
hakamlar xay’ati tarkibi, asarlarning qaytarilishi tartibi va hokazolar kiradi. 
Ommaviy tanlov shartlarining har qanday o’zgartirilishi to’g’risida uning 
ishtirokchisi bo’lishi mumkin bo’lgan barcha shaxslar xabardor qilinishi kerak. 
75
Fuqarolik huquqi. II-qism./H.Rahmonqulov, I.Zokirovlarning tahriri ostida.-T.:Adolat.1999.-326-327 b. 


407 
Bunday xabardor qilish tanlovning o’zi qaysi usulda e’lon qilingan bo’lsa, shunday 
usulda (masalan: tanlov matbuot, radio, televidenie orqali e’lon qilingan bo’lsa, 
unga kiritiladigan o’zgartirishlar yoki uni bekor qilish ham shu tartibda) e’lon 
qilinishi mumkin. Bu talabga rioya qilish tanlovni tashkil qiluvchini dastlabki 
shartlar bo’yicha bajarilgan ishlarni qabul qilish burchidan ozod qiladi. Biroq u 
e’londa nazarda tutilgan ishni konkurs shartlarining o’zgartirilishi yoki uni bekor 
qilinishi o’ziga ma’lum bo’lguncha yoki ma’lum bo’lishi lozim bo’lguncha 
bajargan har qanday shaxsning xarajatlarini to’lashga majburdir. (FKning 977-
moddasi 3-qismi). Tanlovni e’lon qilgan shaxs, agar ko’rsatilgan ish tanlovdan 
mustasno tarzda, xususan, tanlov to’g’risidagi e’longa qadar bajarilganligi yoxud 
avval boshdanoq tanlov shartlariga nomuvofiq bo’lganligini isbotlasa, xarajatlarni 
to’lash majburiyatidan ozod qilinadi.
Agar tanlov shartlarini o’zgartirish yoki bekor qilishda tanlov e’lon qilgan 
shaxs o’zgartirish muddatlari va usuli to’g’risidagi talablarni buzgan bo’lsa, 
e’londa ko’rsatilgan shartlarga javob beradigan ishni bajarganlarga mukofot 
to’lashi lozim. 
Tanlov topshirig’ini uning shartlariga rioya qilib ijro etgan shaxs xizmat haqi 
(mukofot) olishga haqli bo’ladi. Fuqarolik kodeksining 978-moddasida 
aytilganidek, mukofotni to’lash to’g’risidagi qaror tanlov haqidagi e’londa 
belgilangan tartib va muddatlarda chiqarilishi hamda ommaviy tanlov 
ishtirokchilariga ma’lum qilinishi lozim. 
Ish tanlovga topshirilishining o’zi uni bajarilgan shaxsga mukofot huquqini 
vujudga keltirmaydi. Bunday huquq faqat keyinchalik, ish tanlov shartlariga 
muvofiq yaxshi va mukofotga sazovor deb topilgandagina vujudga keladi. 
Tanlovga topshirilgan ishlarni ko’rish, taqqoslash, baholash va uning 
natijalarini belgilash uchun tanlovni tashkil qiluvchi, odatda, tanlov komissiyasini 
ta’sis etadi yoki ba’zi hollarda uning o’zi tomonidan baholanadi yoxud baholash 
uchun boshqa shaxsga topshiradi. Tanlov hayotining a’zolari tanlov natijalaridan 
manfaatdor shaxs bo’lmasliklari lozim. 
Tanlov natijalarini belgilovchi hay’at quyidagi mazmundagi qarorlarni, 
chunonchi, tanlov talablariga javob bergan ishga mukofotlar to’lash to’g’risida 
yoki mukofot to’lashni rad qilish, mukofotlarning sonini kamaytirish yoxud 
rag’batlantirish, mukofotlarni to’lash to’g’risida qaror qabul qilishi mumkin. 
Tanlov hay’ati o’z qarorini qanday asoslar bo’yicha qabul qilinganligini 
ko’rsatmasligi ham mumkin. 
Tanlov natijalari va mukofotlar to’lash to’g’risidagi qaror tanlov 
to’g’risidagi e’londa ko’rsatilgan muddatda chiqarilgan bo’lishi kerak. Bu burch 
buzilgan taqdirda tanlov shartlariga javob beradigan ishlarni topshirgan shaxslar 
sud tartibida o’z mehnatlari uchun haq va tanlov topshiriqlarini bajarish 
munosabati bilan qilingan xarajatlarning to’lanishini talab qilishlari mumkin. 
Mukofot to’lash to’g’risidagi qaror tanlov haqidagi e’londa belgilangan 
muddatda ishtirokchilarga bildirilishi lozim. Odatda bunday ma’lumotlar tanlov 
g’oliblariga yozma xabarlar yuborish va tanlov natijalarini matbuotda e’lon qilish 
yo’li bilan amalga oshiriladi. 
Tanlovda g’alaba qozongan shaxslarga tegishli mukofotlar, unga boshqa 


408 
turdagi mukofotlarning, chunonchi, mualliflik gonorari yoki ixtironi berganlik 
uchun to’lanadigan mukofotdan qat’i nazar, to’lanadi. 
Mukofot tanlov shartlariga javob bergan va tanlov hay’ati tomonidan ijobiy 
baholangan yagona ish uchun beriladi. Binobarin, agar bir topshiriqni bajarishda 
bir necha shaxslar birgalikda ishtirok etgan bo’lsalar, mukofot ular o’rtasida 
ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanadi. Agar bunday kelishuvga erishilmagan 
bo’lsa, mukofotni taqsimlash tartibini sud belgilaydi. 
Tanlovni tashkil etuvchi mukofotni butunlay yoki qisman to’lashdan bosh 
tortganda, shuningdek, tanlov ishtirokchisiga tegishli mukofotni to’lash 
mudddatlarini buzganida tegishli mukofot sud tartibida undirilishi mumkin. 
Fuqarolik kodeksining 979-moddasida ko’rsatilganidek, agar ommaviy 
tanlov predmeti fan, adabiyot yoki san’at asaridan iborat bo’lsa, tanlovni e’lon 
qilgan shaxs, basharti tanlov shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan 
bo’lsa, shartlashilgan mukofotga sazovor bo’lgan muallif bilan unga tegishli haqni 
to’lagan holda, asardan foydalanish to’g’risida shartnoma tuzishda imtiyozli 
huquqni qo’lga kiritadi. 
Ommaviy tanlovni e’lon qilgan shaxs, agar tanlov to’g’risidagi e’londa 
boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa yoki bajarilgan ishning xususiyatidan 
kelib chiqmasa, mukofotga sazovor bo’lmagan ishlarni tanlov ishtirokchilariga 
qaytarishi shart (FKning 980-moddasi). Bu qoidada aytilishicha, tanlovga topshiril-
gan, ammo mukofotga sazovor bo’lmagan ishlar tanlov natijalari e’lon qilinishi 
bilanoq darhol mualliflariga qaytarilishi lozim. Tanlovni tashkil etuvchi tomonidan 
bu burchning bajarilmasligi tanlov ishtirokchilariga topshirgan ishlarining 
qaytarilishni talab qilish huquqini, ishning yo’qotilgani yoki zararlantirilgani holda 
esa, zararlarning to’lanishi haqida da’vo qo’zg’atish huquqini beradi. Ammo tanlov 
shartlarida tanlovga topshirilgan ishlarning qaytarilmasligi yoki mualliflarning 
talabi bo’yichagina qaytarilishi nazarda tutilishi mumkin. Shu bilan birgalikda, 
tanlov shartlarida bunday talablarning mualliflar tomonidan qo’yilishi, shuningdek, 
ishlarning tanlovni tashkil qiluvchi tomonidan qaytarilish muddatlari ham 
ko’rsatilishi mumkin. 
Tanlov ishtirokchilariga ularning mukofotga sazovor bo’lmagan ishlarning 
qaytarilishi paytidan e’tiboran ommaviy tanlovga oid munosabat bekor bo’ladi. 
Ommaviy tanlovlarning huquqiy tartibga solinishi va o’tkazilishi to’g’risida 
quyidagilarni ta’kidlab o’tish lozim. Ommaviy tanlov qachonki tashkilotchi va 
ishtirokchi uning o’tkazilishiga doir fuqarolik qonunchiligiga rioya qilsagina, 
iqtisodiy faoliyatning turli sohalarida yuqori natija va samara (tanlov tashkilotchisi 
uchun) berishi mumkin. Aks holda, ommaviy tanlov nohaqiqiy deb topilishi, 
tashkilotchilar va ishtirokchilar o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishmasliklari 
mumkin.

Download 5.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   195   196   197   198   199   200   201   202   ...   284




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling