Toshkent davlat yuridik universiteti
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
- Bu sahifa navigatsiya:
- 55-BOB. MUKOFOTNI OShKORA VA’DA QILISh
Nazorat uchun savollar:
1. Ommaviy tanlov turli sohalarda tashkil etilishi kuzatiladi. Ushbu tanlovning asosiy shartlari va tanlov tashkilotchisining huquq va majburiyatlarini tushuntiring. 409 2. Ommaviy tanlov natijasi qanday hollarda bekor qilinishi mumkin? 3. L. Eltoyeva uyiga egasiz itni olib keldi. “Qoplon” laqabini olgan it Eltoyevlarnikida bir oylar yashadi. Bir kuni L.ning otasi “Qoplon”ga o’xshash belgilari tasvir etilgan itning yo’qolganligi to’g’risidagi e’lonni o’qib qoldi. “Qoplon”ning egasi itni qaytarib bergan kishiga katta mukofot berishi va’da qilingan edi. L. “Qoplon”ga o’rganib qolgan bo’lsa-da, uni egasiga qaytarishga majbur ekanligini tushundi. Otasi L.ga va’da qilingan mukofotga qishki oyoq kiyim olib berishini aytdi. Fuqaro Qodirov “Qoplon”ni o’z iti ekanligini tan oldi, ammo va’da qilingan mukofotni berishdan bosh tortdi. Tanish yurist Qodirovga mukofotni bermaslikni, chunki O’zbekiston qonunchiligiga ko’ra ashyoni yo’qotgan mulkdor uni topib olgan shaxsga faqat ashyoni saqlab turish va olib kelib berish uchun ketgan xarajatlarnigina to’lashligini aytgan. Qodirovga yurist to’g’ri maslahat berganmi? 55-BOB. MUKOFOTNI OShKORA VA’DA QILISh Odatda ishlarni bajarish va xizmatlarni ko’rsatish turli xildagi fuqarolik- huquqiy shartnomalar orqali amalga oshiriladi. Lekin, ba’zi hollarda ko’zlangan maqsadlarga erishish uchun ishni bajarishga ko’pchilikni jalb etishga va buning uchun mukofot berishga va’da beriladi. Mukofotni oshkora va’da qilishning mohiyati O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 981-moddasida o’z ifodasini topgan. Unga ko’ra, e’londa ko’rsatilgan harakatni kim unda belgilangan muddatda bajarsa, o’shanga pul mukofoti to’lash yoki boshqa mukofotni berish to’g’risida (mukofotni to’lash) oshkora e’lon qilgan shaxs tegishli harakatni sodir etgan har qanday shaxsga va’da qilingan mukofotni to’lashi shart. O’zining huquqiy tabiatiga ko’ra, mukofotni oshkora va’da qilish shartli xarakterga ega bo’lib, bir tomonlama bitim hisoblanadi. Bunda bir tomondagina huquq va majburiyatlar bo’ladi. Mukofot va’da qilingan taqdirda va’da qilgan shaxsda uni to’lash majburiyati bo’ladi. Va’daga qiziqish bildirgan shaxsda esa na huquq, na majburiyat paydo bo’ladi. Unda huquqlar tegishli e’londa ko’rsatilgan natijaga erishgan vaqtdan boshlab vujudga keladi. Shu paytdan boshlab va’da qilgan mukofotni to’lash majburiyati vujudga keladi, bunda e’londa ko’rsatilgan harakat bajarilgani haqida va’da beruvchi xabardor qilishi kerak. Va’da aynan nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan bo’lishi lozim, aks holda munosabatlar kelishilgan hisoblanadi. Va’da turli shaklda ifodalanishi mumkin (yozma, og’zaki, matbuot, televedenie orqali va xokazolar), uy devorlari, daraxtlar va hokazolarga yopishtirilgan e’lonlar Fuqarolik kodeksining 981-moddasida ko’rsatilgan majburiyatni vujudga keltirmaydi. Har qanday shaklda ham e’lon nomuayyan shaxslar uchun qulay bo’lishi va zarurat tug’ilsa, uni bergan shaxsdan tasdiqlatib olish imkonini berishi kerak. Mukofotni to’lash majburiyati mukofot kim tomonidan va’da qilinganligi aniqlangandan keyin amalga oshirilishi mumkin. Bu majburiyatlarni yuzaga keltirish uchun mukofot to’lash quyidagi belgilarga ega bo’lishi kerak: birinchidan, mukofotni va’da qilish oshkora (ommaviy) bo’lishi, ya’ni nomuayyan shaxslar doirasiga murojaat qilingan bo’lishi kerak. Agar mukofotni to’lash aniq bir shaxs yoki shaxslarning bir doirasiga mo’ljallangan bo’lsa, bu 410 munosabatlar shartnoma xarakteriga ega bo’ladi; ikkinchidan, va’da qilingan mukofot mulkiy xarakterga, ya’ni pul yoki boshqa tarzdagi mulkiy qiymatga ega bo’lishi kerak. Masalan: qimmatbaho ashyo berish; uchinchidan, mukofot ma’lum bir huquqqa mos harakatni amalga oshirganlik uchun belgilanadi. Belgilangan mukofotni olish uchun erishilishi lozim bo’lgan natija e’londa ko’rsatilishi shart. Masalan: yo’q narsani topish; to’rtinchidan, mukofotni oshkora to’lash to’g’risidagi e’londa mukofot kim tomonidan va’da qilingani ko’rsatilishi kerak. Va’daga qiziqish bildirgan shaxs va’dani yozma ravishda tasdiqlashni talab qilishga haqli va agar, haqiqatda mukofot to’g’risidagi e’lon unda ko’rsatilgan shaxs tomonidan qilinmagan bo’lib chiqsa, bunday talab qo’yilmaganligi oqibatlari xavfi uning zimmasida bo’ladi (FKning 981-moddasi 2-qismi). Yuqoridagi belgilardan kelib chiqib, quyidagicha ta’rif keltirish mumkin: “Mukofotni oshkora va’da qilish deganda shartlashilgan natijaga erishganlik uchun mulkiy xarakterda taqdirlash bilan va’da berish nazarda tutilgan, nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan murojaat tushuniladi”. Mukofotni va’da qilgan shaxs uni to’lashi shart. Mukofotning summasi yoki mulkiy qiymatga ega ashyo e’londa ko’rsatilgan bo’lishi mumkin yoxud mukofot miqdori ko’rsatilmagan bo’lishi mumkin. Agar mukofotni oshkora va’da qilishda uning miqdori ko’rsatilmagan bo’lsa, u mukofotni va’da qilgan shaxs bilan kelishuvga ko’ra aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sud tartibida aniqlanadi (FKning 981-moddasi 3-qismi). E’londa ko’rsatilgan harakat bajarilishi yoki bajarilmasligi mumkin. Bu harakat belgilangan muddatda bajarilsa, uni bajargan shaxs mukofotni talab qila oladi. Ayrim hollarda bu ish bir-biridan mustaqil ravishda bir necha shaxs tomonidan bajarilishi mumkin. Bunday holatda Fuqarolik kodeksining 981- moddasi 5-qismiga muvofiq tegishli harakatni birinchi bo’lib sodir etgan shaxs mukofotni olish huquqiga ega bo’ladi. Agar e’londa ko’rsatilgan harakatni qaysi biri birinchi bo’lib sodir etganini aniqlashning imkoni bo’lmasa, shuningdek, harakat ikki yoki undan ortiq shaxslar tomonidan bir vaqtning o’zida sodir etilgan bo’lsa, mukofot ular o’rtasida bab-baravar yoki ularning o’zaro kelishuvida nazarda tutilgan miqdorda taqsimlanadi. Fuqarolik kodeksining 981-moddasi 4-qismi mukofotni to’lash majburiyati, tegishli harakat e’lon qilinishi munosabati bilan yoki undan mustasno tarzda bajarilganidan qati nazar, yuzaga kelishini belgilaydi. Ba’zi hollarda mukofot va’da qilinganidan xabardor bo’lmagan shaxs e’londa ko’rsatilgan harakatni bajarishi mumkin. Bu holda ham Fuqarolik kodeksining 981-moddasi 5-qismi qoidalari qo’llaniladi. E’londa ma’lum muddatning ko’rsatilgan bo’lishligi mukofotni olish uchun tegishli harakatni shu muddatda qilish lozimligini va bu muddat da’vo mukofot va’da qilgan shaxs u bilan bog’liqligini ko’rsatadi. Muddat mukofotni oshkora va’da qilishning zaruriy xarakterdagi belgisi emas. Lekin u ko’rsatilgan bo’lsa, shu muddat davomida qilingan harakat mukofot olishga asos bo’lishi mumkin. Mukofotni oshkora va’da qilgan shaxs uni bekor qilishga haqli. Mukofotni 411 oshkora va’da qilishni bekor qilish izlanuvchilarning manfaatlarini buzmasligi kerak. Shuning uchun qonunda bekor qilish ma’lum shartlarga rioya etgan holda amalga oshirilishi kerakligi ko’rsatilgan. Fuqarolik kodeksining 982-moddasida ko’rsatilishicha, mukofot to’lashni oshkora e’lon qilgan shaxs berilgan va’dadan xuddi shunday tartibda voz kechishga haqli, voz kechishga yo’l qo’ymasligi e’lonning o’zida nazarda tutilgan yoki undan kelib chiqadigan yoki mukofot va’da qilingan harakatni sodir etish uchun muayyan muddat berilgan yoxud voz kechishni e’lon qilish paytiga kelib bir yoki bir necha qiziqish bildirgan shaxslar e’londa ko’rsatilgan harakatni bajarib bo’lgan hollar bundan mustasno. Bu qoidadan shuni ko’rish mumkinki, mukofotni oshkora va’da qilgan shaxs undan voz kechishi uchun quyidagi shartlarga amal qilishi kerak: a) va’dani e’lon qilish qay tartibda amalga oshirilgan bo’lsa, uni bekor qilish ham shu tartibda amalga oshirilishi kerak; b) e’londa undan voz kechishga yo’l qo’yilmasligi ko’rsatilgan bo’lmasligi lozim; v) e’londa ko’rsatilgan harakat sodir qilinishi kerak bo’lgan muddat belgilab qo’yilmagan bo’lishi shart; g) voz kechishni e’lon qilish paytida e’londa ko’rsatilgan harakat sodir qilinmagan bo’lishi kerak. Mukofot haqidagi oshkora va’dani bekor qilish mukofot to’g’risida e’lon qilgan shaxsni qiziqish bildirgan shaxsga u e’londa ko’rsatilgan harakatni bajarishi munosabati bilan qilgan xarajatlarini qoplashdan ozod qilinmaydi. Qoplash miqdori barcha hollarda e’londa ko’rsatilgan mukofotdan ortiqcha bo’lishi mumkin emas. Agar mukofotni oshkora va’da qilishda uning miqdori ko’rsatilmagan bo’lsa, mukofot, va’da qilgan shaxs bilan o’zaro kelishuvlariga ko’ra aniqlanadi, agar mukofot bo’yicha nizo kelib chiqsa, sud tomonidan hal qilinadi. Mukofotni to’lash majburiyati, tegishli harakat e’lon qilinishi munosabati bilan yoki undan mustasno tarzda bajarilganidan qat’i nazar, vujudga keladi. Mukofotni to’lashning ikki omilini ajratib ko’rsatish mumkin: Mazkur majburiyat muvofiq harakatlarning bajarilishi lozimligi faktidan qat’i nazar paydo bo’ladi. Mazkur majburiyat bunday va’dani bergan shaxsni aniqlaganishi sharti bilan paydo bo’ladi. E’londa ko’rsatilgan harakatni bir necha shaxs tomonidan bajarilganida harakatni birinchi bo’lib bajargan shaxs mukofotni olish huquqiga ega. Agar e’londa ko’rsatilgan harakat ikki yoki undan ortiq shaxs tomonidan bajarilgan bo’lsa va ulardan qaysi biri tegishli harakatni birinchi bo’lib bajarilishini aniqlashning imkoni bo’lmasa, shuningdek, agar harakat ikki yoki bundan ortiq shaxslar tomonidan bir paytning o’zida sodir etilgan bo’lsa, mukofot ular o’rtasida bab-baravar yoki ularning o’zaro kelishuviga ko’ra taqsimlanadi. Agar mukofot to’g’risidagi e’londa boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa yoki unda ko’rsatilgan harakat xususiyatidan kelib chiqmasa, bajarilgan harakatning e’londa mavjud bo’lgan talablarga muvofiqligi mukofotni oshkora 412 va’da qilgan shaxs tomonidan aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sud tomonidan hal qilinadi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling