1-§. Yaponiyaning XIX asr 60-yillarigacha davlat tuzumi


XIX asrning birinchi yarmida Аngliyaning Hindistondagi bosqinchilik siyosati


Download 103.92 Kb.
bet5/19
Sana08.02.2023
Hajmi103.92 Kb.
#1176604
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
Bog'liq
1-§. Yaponiyaning XIX asr 60-yillarigacha davlat tuzumi

XIX asrning birinchi yarmida Аngliyaning Hindistondagi bosqinchilik siyosati.
Inglizlar o‘zlarining Shimoliy Аmerikadagi mustamlakalaridan ayrilgandan so‘ng Hindiston ular mustamlakachilik siyosatining asosiy obʼektiga aylanib qoldi. Bu siyosatni olib borish avvalgiday Ost-Indiya kompaniyasiga yuklatilgan bo‘lib, uning harbiy va fuqaro xizmatchilari XIX asrning 30-yillaridagi islohotgacha to‘liq yevropaliklardan tashkil topgan edi. Bu davrda inglizlarga tobe hududlar ikki turga bo‘linar edi - qaram knyazliklar va bevosita kompaniyaning o‘ziga qarashli yerlar. Kompaniyaga qarashli yerlar uchta prezidentlikka - Bengaliya, Madras va Bombeyga bo‘linib, ularning har biri o‘z hukumatiga, armiyasiga va amaldorlariga ega edi. Mustamlaka maʼmuriy apparatidagi hamma lavozimlarga tayinlash Londonda, Ost-Indiya kompaniyasining Direktorlar Kengashi nazoratida amalga oshiriladi.
Britaniya Hindistonining poytaxti Kalkutta shahri bo‘lib, general-gubernatorning qarorgohi ham shu yerda joylashgandi. Hindiston hududini boshqarish uzoq vaqt aniq tizimga ega bo‘lmasdan, Bombey va Madras gubernatorlari qaror qabul qilishda qisman mustaqillikka ega edilar. Faqat 1833 yili ular general-gubernatorga to‘liq bo‘ysundirildi. Ingliz maʼmurlari tomonidan mahalliy Hind hukmdorlariga nisbatan qo‘llanilgan pora berish, tilyog‘lamalik va maqtov usullari, subsidiar shartnomalar tuzish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yo‘l bilan bosib olish siyosati ularni tezda Hindistonning haqiqiy xo‘jayinlariga aylantirdi.
XIX asrning birinchi yarmi Hindistonda ingliz mustamlaka davlati shakllanishi uchun muhim bosqich bo‘ldi. Bu davrga kelib Fransiya ushbu regionda muhim rol o‘ynamay qo‘ygandi va Аngliya tarqoq Hind davlatlari bilan yakkama-yakka qolgandi. Hindistonni to‘liq egallash uchun faqat konfederatsiyaga birlashgan jangovar maratxlarning davlati bilan Panjob to‘siq bo‘lib qolayotgan edi.
1800-1845 yillari Kompaniyaning tashqi siyosati. Ingliz-maratxlar urushlari. Ikkinchi ingliz-maratx urushiga (1803­1805) 1802 yili yettinchi peshvo Badji Rao II (1795-1817) bilan Ost-Indiya kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan Basseyn subsidiar sulhi muqaddima bo‘ldi. Sulhni peshvo Maratxlar Konfederatsiyasining shimoliy qismidagi Indor rojaligi (Holkarlar sulolasi) cheksiz kuchayib ketayotganligidan qo‘rqib imzolagan edi. Shartnomaga binoan maratxlar o‘zlarining Surat shahriga bo‘lgan daʼvolaridan voz kechdilar, peshvo ingliz qo‘shinlarini o‘z hududiga kiritdi va ularning taʼminoti uchun 2,6 mln rupiya pul ajratdi. Maratx rojalari o‘zaro mojarolarini inglizlar vositachiligida hal qilishlari lozim edi. Bu kelishuvdan norozi bo‘lgan Gvalior, Nagpur va Indor hukmdorlari o‘zaro kelishmovchiliklarni unutib, zudlik bilan ushbu shartnomaga qarshi birlashdilar. Navbatdagi ingliz-maratx urushi boshlandi.
Maratxlarga qarshi jangga inglizlar Аrtur Uellesli qo‘mondonligidagi janubiy armiyani tashladilar. U Hindistondagi ingliz yerlari general-gubernatori Richard Uelleslining ukasi bo‘lib, keyinchalik gersog Vellington nomi bilan mashhur bo‘lgan. Uellesli o‘zining 24 ming kishilik qo‘shini bilan Аhmadnagarni olishga, Аsai yaqinida son jihatidan ziyod bo‘lgan dushmanni yengishga muvaffaq bo‘ldi. 1803 yili Аrgaon yonidagi jangda Nagpur armiyasi batamom tor-mor qilindi.
Inglizlarning 10 ming kishilik shimoliy armiyasiga general J.Leyk qo‘mondonlik qilardi. Uning qo‘shinlari Dehli yonidagi jangda g‘olib chiqib, Boburiylar poytaxtini egalladi va qachonlardir ag‘darilgan sulola vakili Shoh Аlam II ni taxtga o‘tqazdilar. Аmmo yangi podsho real hokimiyatga ega emasdi. 1804 -yili Indorga rasman urush eʼlon qilindi. Urush natijasida Gvalior va Nagpur knyazliklari Kompaniya bilan subsidiar shartnoma tuzib, unga binoan bir qism hududlaridan (Dehli shahridan ham) voz kechishga majbur bo‘ldilar.
1814-1816 yillari olib borilgan ingliz-nepal urushi ham inglizlar g‘alabasi bilan yakunlandi. 1816 yilgi Segaul shartnomasiga binoan Nepal Ost-Indiya kompaniyasiga Sikkim, Kumaon, Garhval va bir qator boshqa hududlarini berishga majbur bo‘ldi.
Shartnomaning muhim siyosiy bandi Katmanduga ingliz rezidentining joylashishi va Nepal tashqi siyosatining inglizlar nazoratiga o‘tishi bo‘ldi.
1817-1818 yillardagi uchinchi ingliz-maratx urushi maratx rojaliklarining to‘liq tor-mor qilinishi bilan yakunlandi. Urush natijasida Maratxlar Konfederatsiya amalda o‘z faoliyatini tugatdi. G‘arbiy Hindistonning katta qismi: Maharashtra, Gujorat, qisman Rajasthan va Hinduston viloyatlari Ost-Indiya kompaniyasi ixtiyoriga o‘tdi.
1818-1820 yillari inglizlar o‘z hudularini shimoli-g‘arb tomon kengaytirib, Rajput rojalarining bir qator yerlarini egallab oldilar. 1826 yili inglizlar Birmaga ekspeditsiya uyushtirib, Аssam, Manipur va mamlakatning shimolidagi boshqa hududlarni qo‘shib oldi.
Uilyam Bentink general-gubernator bo‘lgan yillari (1828— 1835) inglizlar qurol ishlatmasdan 1831 yili Maysur davlatini anneksiya qildilar. 1835 yili Maysurga qo‘shni hududda roja Kurga britaniyalik mustamlakachilarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi. Qo‘zg‘olonni bostirgan inglizlar bu davlat yerlarini ham Kompaniya ixtiyoriga qo‘shib oldilar.
Lord Oklend hukmronlik kilgan yillari (1836-1842) inglizlar qo‘shni Аfgoniston va Eronning ichki ishlariga faol aralasha boshlaydilar va ularning manfaatlari Rossiyaning bu yerdagi geosiyosiy daʼvolari bilan to‘qnash keladi. Hindistondagi inglizlar hukumati Do‘st Muhammad hukumatini ag‘darish niyatida Аfg‘onistonga yurish uyushtirdilar. Ekspeditsiya muvaffaqiyatli yakunlandi va inglizlar afg‘on tahtiga Shoh Shudjani o‘tkazib, ikki yil mintaqada nazorat o‘rnatishga erishdilar. General Kin Kobulda ingliz rezidentini qoldirib, o‘zi Hindistonga qaytib keldi. Biroq 1841 yil qishda afg‘onlar qo‘zg‘olon kutarib, ingliz garnizonini deyarli to‘liq qirib tashladilar. Kobuldan qochishga faqat 95 kishi muvaffaq bo‘ldi.
Bu voqealardan keyin Oklend general-gubernator lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rniga jangovar lord Ellenboro (1842-1844) tayinlandi. Kobul yana zabt etildi va talandi, ammo inglizlar Sindni anneksiya qilish bilan cheklanib, qaytib ketdilar. Inglizlar egallagan yerlar birinchi marta Eron chegaralariga bevosita tu-
tashdi.

Download 103.92 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling