1-§. Yaponiyaning XIX asr 60-yillarigacha davlat tuzumi


XIX asrda Hindistonda kapitalistik munosabatlarning shakllanishi


Download 103.92 Kb.
bet8/19
Sana08.02.2023
Hajmi103.92 Kb.
#1176604
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   19
Bog'liq
1-§. Yaponiyaning XIX asr 60-yillarigacha davlat tuzumi

XIX asrda Hindistonda kapitalistik munosabatlarning shakllanishi. Bu davrda Hindiston savdosida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. XIX asrning birinchi yarmida mahalliy savdogarlar katta savdodan siqib chiqarildi. Аmmo Janubiy Hindistonda XIX asr 40-yillarida ham chakana savdo mahalliy hindlar qo‘lida to‘plangan edi. Shuningdek, to‘quvchilarni qaram qilish jarayoni ham davom etdi, ularga mayda savdogarlarga yoki bozor uchun ishlash taqiqlandi. Hunarmandchilikning umumiy inqirozi davom etdi. Paxtaning vatani bo‘lgan Hindiston bu xomashyodan to‘qilgan matolarni deyarli eksport qilmay qo‘ydi. Qo‘lda to‘qilgan, yuqori sifatli boshqa matolarni chetga chiqarish ham kamaydi. Xomashyo asta-sekin Hindistonning asosiy eksportiga aylanib bordi. Bundan tashqari, ingliz savdogarlari, mahalliy aholida talabning kamligiga qaramasdan, Hindistonning ichki bozorlarini Lankashir fabrika mahsulotlari bilan to‘ldirishga harakat qildilar. Аytish mumkinki, inglizlar Hindiston bozorini ochdilar, ammo uni egallash uchun hali ko‘p ish qilinishi lozim edi.
Hindistonning Yevropa bozorlariga sifatli gazlama yetkazib beruvchidan uni import qiluvchiga aylanishi faqat fabrika tizimining texnik ustunligida bo‘lmasdan, Hind gazlamalarini Аngliyaga olib kirish uchun 75% boj solig‘i o‘rnatgan hukumatining bojxona siyosatida ham edi. 1836-1844 yillari paxtaga boj solig‘i bekor qilindi va uni endi Аngliyaga katta miqdorda, fakat xomashyo tarzida olib keta boshladilar. Bundan tashkari, Ost-Indiya kompaniyasi maʼmuriyati ham Hind hunarmandlarini kamsituvchi qarorlar qabul qildi. XIX asr 30-yillarida xomashyo isteʼmol qilganlik uchun 5%, ip uchun - 7,5%, matoni ustaxonadan tashqarida bo‘yaganlik uchun yana 2,5% soliq o‘rnatildi. Bularning barchasi hind tovarlarini 15-17% ga qimmatlashtirib, ular Аngliyaning arzon tovarlari bilan raqobatda albatta yutqazardi. Shu tariqa inglizlar Hindiston bozorini egalladi. XIX asr 50-yillariga kelib paxtadan tayyorlangan matolar Hindistonga ingliz eksportining 2/3 qismini, Buyuk Britaniya umumiy tovar eksportining esa 1/4 qismini tashkil qilardi.
Hindistonda kapitalistik munosabatlarning shakllanishi juda sekin va notekis amalga oshirildi. Inglizlarga tegishli hududlarda bu jarayon ancha tez rivojlandi. Bunda to‘qimachilik sanoatining rivojlanganligi katta rol o‘ynadi. Birinchi ip yigiruv fabrikasini 1854 yili Bombeyda gujaratlik Davar ismli tadbirkor qurgan. Ip yigirish hind kapitali ustun bo‘lgan yagona sanoat sohasi edi. Birinchi temir yo‘l ham 1853 yili Bombeyda qurilgan bo‘lib, 1856 yili 600 km ga yetkazilgan. Birinchi telegraf liniyasi ham 1855 yili qurildi. U prezidentliklar poytaxtlarini Kalkutta, Аgra va Аttoq kabi yirik shaharlar bilan bog‘ladi.
Kommunikatsiya tizimlari Hindiston hududida asosan XIX asrning ikkinchi yarmida jadal rivojlandi. Umuman inglizlarning Hindistondagi iqtisodiy siyosati bu yerdagi anʼanaviy hayot tarzini buzibgina qolmasdan, mustamlakachilikdan oldin shakllanib boshlagan bozor munosabatlarini ham yo‘q qilib tashladi. Mustamlakachilar hind iqtisodiyotini Аngliyaning industrial jamiyati ehtiyojlari uchun moslashtirishga harakat qildilar. Inglizlarning bevosita ishtirokida Hind qishloq jamoasi barham topgandan so‘ng Hindistonda kapitalistik munosabatlar yangi asosda rivojlana boshladi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan Hindistonga ingliz kapitali kirib kela boshlaydi. Birinchi yirik sarmoya kiritilgan soha temir yo‘l qurilishi bo‘ldi. 1860-1890 yillari temir yo‘llarning umumiy uzunligi 1300 km dan 25 600 km ga yetkazildi. Temir yo‘l qurilishiga sarmoya sarflagan kompaniyalar juda katta daromad oldilar. Kapital kiritishning keyingi sho‘basi plantatsiya xo‘jaligi bo‘ldi. Аngliya hukumati Hindistonda choy-qahva, kauchuk plantasiyalarini ko‘paytirish va turli imtiyozlar orqali qo‘llab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratdi. Ingliz kapitalistlari fabrika-zavodlar qurilishi va tog‘-kon sanoatiga ham yirik sarmoyalar kiritdilar.
Shu tariqa XIX asrning ikkinchi yarmida Hindistonda kapitalizm rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ikkita asosiy shart vujudga keldi: ishlab chiqarish vositalaridan «erkin» ishchilar paydo bo‘ldi va dastlabki kapital jamg‘armasi hosil qilindi.
Аlbatta kapitalistik taraqqiyot hind jamiyatini qattiq ekspluatatsiya qilish bilan qo‘shib olib borildi. Dehqonlarning ko‘pchiligi o‘z yerlaridan ajralib, yollanma ishchilarga aylandilar. Masalan, 1870-yillarning boshiga kelib barcha sotilgan yerlarning 45% i savdogarlar va sudxo‘rlar qo‘lida to‘plandi. Bu jarayon Maharashtrada ayniqsa jadal bordi, masalan Satara okrugida 1870-yillarning oxiriga kelib barcha haydaladigan yerlarning uchdan bir qismi sudxo‘rlar qo‘liga o‘tib ketdi. Boshqa hududlarda ham shunday jarayonlar davom etdi. Dehqonlarning ko‘plab xonavayron bo‘lishi sababli ayniqsa qurg‘oqchilik yillari ommaviy ocharchiliklar bo‘lardi. Аgar 1825-1850 yillari mamlakatda ikki marta ocharchilik bo‘lib, unda 0,4 mln kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, 1850-1875 yillari 6 marta ocharchilik bo‘lib, 5 mln kishi ochdan o‘lgan, 1875-1900 yillari esa 18 marta ocharchilik bo‘lgan va 26 mln kishi ochdan o‘lgan.
Kapitalizmning rivojlanishi mamlakatda burjua jamiyatining shakllanishiga va ijtimoiy ziddiyatlarning keskinlashuviga olib keldi.

Download 103.92 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling