Mavzu bo’yicha tayanch tushunchalar: ma’nodoshlik, shakldoshlik, zid ma’nolilik.
Tildagi ayrim so’zlar shakliy jihatdan, ayrimlari ma’no jihatdan, ba’zilari esa talaffuz jihatidan o’xshash bo’ladi. Ayrim so’zlarning ma’nolari bir-biriga qarama-qarshi bo’ladi. Ana shu xususiyatlariga ko’ra so’zlar quyidagi guruhlarga bo’linadi:
I. Ma’nodosh so’zlar. Bir umumiy ma’noni ifodalaydigan kamida ikkita so’zdir. Ma’nodosh so’zlar ikki yoki undan ortiq so’zlardan iborat bo’lgan sinonimik qatorni tashkil etadi. Masalan, sovg’a, hadya, tuhfa, armug’on.
Umumlashtiruvchi ma’no zamirida yuzaga kelgan ma’no noziklari ularning farqini va qo’llanishida o’ziga xoslikni ta’minlaydi.
Ma’nodosh so’zlar odatda bir so’z turkumiga mansub bo’ladi: do’st, o’rtoq, (ot); a’lo, tuzuk, yaxshi (sifat); yuksalmoq, o’smoq, rivojlanmoq (fe’l).
Ayrim ma’nodosh so’zlarda ma’no daraja turlicha bo’ladi. Masalan, pushti, gulobi, qizil, qirmizi ma’nodoshlik qatorida rang belgisining kamlikdan ko’plikka qarab o’sib borishi kuzatiladi. Ninni, chaqaloq, go’dak, bola kabi so’zlar qatorida ham yosh jihatdan o’sish (darajalanish) kuzatiladi.
31-mashq.
Quyidagi so’zlardan ma’nodoshlik qatorlari tuzib yozing.
Ko’p, ayb, bahs, sovg’a, mo’l, tanqis, osmon, uy, odim, ko’k, kulba, bahor, yashirin, ancha, hadya, o’g’rincha, talay, pinhona, munozara, tortiq, kamchil, jinoyat, tortishuv, armug’on, taqchil, xufiya, tuhfa, maxfiy, falak, qasr, qadam, ko’klam.
32-mashq.
Ma’nodosh so’zlarni topib, ma’no nozikliklarini farqlanishini tushuntiring.
1. Saharlab turaman, qutlayman tongni, Bo’ynimga osilar subh shamoli. (Mirmuhsin) 2. Erur bas chu husn-u malohat senga, Yasanmoq, bezanmoq ne hojat senga. (Navoiy) 3. Falakdan, osmondan, ko’kdan oshgay faxr etib boshim. (Habibiy) 4. Mirzakarimboy ilonning yog’ini yalagan odam edi, ayyor, mug’ambir, puxta-pishiq… Har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul ko’rar edi. (Oybek) 5. Ba’zan uni o’qiyman oshkor, Ba’zan xufiya – g’oyatda pinhon. (Mirmuhsin).
I topshiriq. Affiksal ma’nodoshlikni aniqlang. Qatorni davom ettiring.
Somsachi-somsapaz, sutli-sersut, mardona-mardlarcha, chorvachi-chorvador, serharakat-harakatchan, adabiyotchi-adabiyotshunos…
Do'stlaringiz bilan baham: |