v) Umumiy xalqaro huquqning imperativ normalariga zid shartnomalar.
Avvallari xalqaro munosabatlar tizimi imperativ normalar majmuasi mavjud bo’lishi uchun ijtimoiy-siyosiy asos sifatida xizmat qiluvchi zaruriy yahlitlik va hamjihatlik darajasiga yetmagan edi. Davlatlarning alohida manfaatlari, avvalambor yirik davlatlarning, umumiy manfaatlaridan ustunroq turardi. Xalqaro huquq yuqori darajada cheklangan va asosan dispozitiv xususiyatga ega edi. Unda shartnomalarning erkinlik prinsipi hukmronlik qilardi, davlatlar o’zaro kelishuvga asosan har qanday normadan chekinishi mumkin edi.
Shunga ko’ra, doktrinada imperativ xarakterdagi normalarning mavjudligi inkor qilinar, shartnomalarni tuzishda davlatlarning to’liq erkinligi e’tirof etilib, u faqat boshqa davlatlar bilan shartnomalar tuzishda ziddiyatli holatlar bilan cheklanishi mumkinligi haqida gapirilardi19.
Natijada 13- moddaning 1- bandi loyihasi taqdim qilindi: “Agar shartnomaning ob’ekti yoki uning amalga oshirilishi jus cogens xarakteriga ega bo’lgan umumiy norma yoki xalqaro huquq prinsipining buzilishi bilan bog’liq bo’lsa, shartnoma xalqaro huquqqa zid va haqiqiy kuchga ega emas”.
Vena konferensiyasida imperativ normalarni oson farq qilish mumkin, chunki ular jamoat tartibini mustahkamlaydi va rivojlantiradi deb ta’kidlandi.
Vena konferensiyasida imperativ normalarni qabul qilish tartibi to’g’risida masalaga e’tibor qaratilgan. Konferensiya bunday normalarni paydo bo’lishiga davlatlar oddiy ko’pchiligining roziligi yetarli degan fikrga qo’shilmadi.
Fransiya delegatsiyasi bu qoidaga o’ta tanqidiy yondashdi. Uning ta’kidlashicha, agar modda oddiy ko’pchilik roziligi bilan hammaga majburiy xususiyatga ega imperativ normalar yaratiladi deb sharhlansa, unda buning oqibatida nazoratsiz va har qanday ma’suliyatdan xoli bo’lgan yangi xalqaro manbaning yaratilishiga olib keladi20.
Umuman qarama-qarshi bo’lgan fikr ham bildirildi. Unga ko’ra, imperativ normalarni qabul qilish uchun barchaning roziligi zarur. Bu fikrni Braziliya delegatsiyasi bildirdi. Konferensiya asosli ravishda bunga erishish noreal deb hisobladi.
Konferensiyada bildirilgan fikrlarning tahlili quyidagi xulosani qilishga asos bo’ladi, ya’ni imperativ normalarni barcha qit’alar va asosiy huquqiy tizimlarni o’z ichiga oluvchi aksariyat davlatlar qabul qilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |