Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc


Download 5.08 Kb.
Pdf ko'rish
bet139/282
Sana05.04.2023
Hajmi5.08 Kb.
#1274736
1   ...   135   136   137   138   139   140   141   142   ...   282
Bog'liq
Shaytanat 4- kitob (2)

www.ziyouz.com kutubxonasi 
139
yetishdimi? Endi bu xomsemiz Selimning og‘zidan chiqadigan gapga mahtal bo‘lib 
o‘tiradimi? 
Agar Kesakpolvonda nomus tuyg‘usi bo‘lganida bu holga tushganidan ko‘ra o‘limni afzal 
bilardi. Bunday tuyg‘udan xoli bo‘lgani sababli o‘lim o‘rniga xorlikni maqbul ko‘ra qoldi. 
Roviylar derlarkim, Hindiston podshohining to‘rt vaziri bor ekan. Vaziri a’zam, Xudoning 
marhamati bilan, tengsiz aql-zakovot egasi ekan. Yaratganning qudratini qarangki, 
birovga aqldan mo‘l bersa, shun-ga yarasha hasadgo‘ylarni ham berarkan. Uch 
hasadgo‘y vaziri a’zamni yo‘ldan olib tashlab, podshohga yanada yaqinlashmoq chorasini 
izlashibdi. Subhi sodiqda bir vazir kirib ajib tush ko‘rganini bayon qilib debdi-ki: 
«Jannatmakon otangiz u dunyoda ham podshohlik davru davronini surmoqdalar. Ammo 
aqlli vazirga muhtojliklari bor ekan. O‘g‘limga ayt, vaziri a’zamni huzurimga yo‘llasin», 
dedilar. Bir hasadgo‘yning izidan ikkinchisi, so‘ng uchinchisi kirib ayni tush ko‘rganlarini 
aytishibdi. Podshoh bundan ajablanib, vaziri a’zamdan maslahat so‘rabdi. Vaziri a’zam 
hasadgo‘ylarning maqsadlarini anglab debdiki: «Ey podshohim, otangiz amr qilgan 
ekanlar, bo‘yinsinmoq farzdir. U dunyoga rihlat qilmoq oldidan menga qirq kun muhlat 
bering. Bu davrni men ibodat bilan o‘tkazib, tavbalar qilay, ruhimni poklab olay. 
Mo‘’tabar otangiz huzurlariga bu dunyoda topganim — gunohlarni ortmoqlab bormay». 
Podshoh rozi bo‘libdi. Podshoh izn bergach, vaziri a’zam fursatni g‘animat bilib, uyidan 
to murda yoqiladigan maydonga qadar lahm kavlatibdi. O‘ttiz to‘qqizinchi kuni esa 
o‘tinlarni o‘zi taxlatibdi. Qir-qinchi kuni oppoq liboslarni kiyib podshoh huzuriga kiribdi-
da: «Men tayyorman. Ammo olovni o‘zim yoqaman. Gunohkor bandalar gulxanga yaqin 
kelishmasin», deb ogohlantiribdi. Aytganday qilib, olovni yoqqach, tutun ko‘tarilishi bilan 
o‘tinlar orasidan pastga tushib, yerosti yo‘lagi orqali uyiga boribdiyu bir yil tashqariga 
chiqmay o‘tiribdi. So‘ng yana o‘sha oppoq libosini kiyib, podshohga ro‘para bo‘lib 
debdiki: «Olampanohim, men qaytib keldim. Otangiz sizni behisob ravishda duo qildilar. 
Va amr ettilarkim, bu uch vaziringizni xizmatlariga yubormog‘ingiz joiz ekan». Podshoh 
o‘yladiki, «Men vaziri a’zamni bular ko‘rgan tushga inonib u dunyoga yuborgan edim. U 
xizmatini ado etib qaytib keldi. Nega endi uning so‘zlariga inonmayin?» Podshohning shu 
ahdi bilan uch vazir o‘tda yongan ekan... 
Kesakpolvon o‘sha vazirlar toifasidan edi. U o‘zining mayda o‘g‘rilardan ekanini unutgan, 
Asadbek panohida yurmaganida sal narsaga qamalaverib iyig‘i chiqib ketishi 
mumkinligini esa fahmlay olmasdi. U ba’zan «Asadbekni odam qilgan menman, shuning 
xizmatida yurmaganimda allaqachon toj kiyib, qonundagi o‘g‘rilarning zo‘ri bo‘lardim», 
deb o‘ylardi. Biroq uning kalta aqli «Qonundagi o‘g‘ri martabasiga yetish uchun ham 
farosat kerak», degan haqiqatni hazm qila olmas edi. 
Kesakpolvon ayni damda ranjigani bilan Xongireyga, hatto Selimga xizmat qilishga 
ko‘nikib ketaverardi. Uni tashvishga solayotgan narsa Asadbek tomonidan bo‘lajak 
nogahoniy hujum edi. Asadbek Moskvaga ketganida bu tashvish bir oz chekingan, o‘ziga 
dalda beruvchi bahonayu sabablar topgan edi. Asadbek qaytib, ko‘z ko‘zga tushdiyu 
xavotir cho‘g‘i alanga ola boshladi. 
Yaydoq daladagi ko‘ylakchan odam do‘lda qolsa — o‘lishi tayin. Kesakpolvonni 
Asadbekning do‘llaridan Xongirey asraydimi yo ko‘ylakchan holicha dala o‘rtasiga tashlab 
qo‘yaveradimi? 
Qozixonadagi eski ko‘rpacha ustiga yonboshlagan Kesakpolvon do‘ldan himoya qilish 
choralarini o‘ylardi. Xayoliga bir fikr yarq etib urildi-yu, qaddini ko‘tarib, chordona qurib 
o‘tirib oldi. Xojasidagi bu o‘zgarishdan ajablangan Qozi o‘rnidan turib «Xizmat, xo‘jayin», 
deganday qo‘l qovushtirdi. Kesakpolvon «nega turib olding?» deganday unga hayronlik 
bilan qaradi-da: 
— Nima buyurgansan, dimlamami yo qozonkabobmi?— deb so‘radi. 


Shaytanat (4-kitob). Tohir Malik 

Download 5.08 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   135   136   137   138   139   140   141   142   ...   282




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling