Dehqonchilik bilan qoraqalpoqlar Orol bo`ylarida, Sirdaryo va Amudaryo
oralig’idagi erlarda shug’ullanganlar; bug’doy, arpa, tariq ekib, mo`l hosil olganlar.
Yangi (Jana)daryo va Quvondaryo havzalarida qoraqalpoqlar barpo etgan kanal va
sug’orish inshootlari xo`jalikda dehqonchilik tarmog’ining etakchi o`rinda
turganligidan guvohlik beradi. XVIII asr oxirida Amudaryo quyi tarmoqlarida
Qalliko`l, Kegali; XIX asr o`rtalarida Chimboy, Qo`ng’irot dehqonchilik vohalari
vujudga keldi. Dehqonchilikda omoch, mola, ketmon, belkurak, o`roqdan
foydalanilgan.
Chorvachilik ham qoraqalpoqlar iqtisodiy hayotida muhim o`rin tutgan:
qoramol, qo`y, echki, ot, tuya boqilgan. Qoraqalpoq chorvadorlari ho`kiz va tuya
qo`shilgan aravalarda poda va otarlari bilan yaylovlarga ko`chib yurganlar; ayniqsa
qamishzorlar chorva uchun to`yimli ozuqa bo`lgan. Qoraqalpoqlar iqtisodiy
hayotida baliqchilik ham rivojlangan; ovchilik va baliqchilik qo`shimcha tirikchilik
manbai hisoblangan.
Hunarmandchilikning: temirchilik, duradgorlik, kigiz bosish, to`quvchilik,
bo`yoqchilik, kulolchilik, zargarlik tarmoqlari qoraqalpoqlar hayotida rivojlanib
boradi. Xo`jayli, Qo`ng’irot, Mang’it, Chimboy shaharlari yirik savdo
markazlariga aylangan.
Soliq va majburiyatlar. Dehqonlardan salg’ut (er) solig’i, chorvadorlardan
zakot solig’i, aholidan ruhoniylar uchun usur solig’i olingan. Soliq miqdorini xon
amaldorlari belgilardi. Er solig’i qabila yoki urug’ga bir yo`la solinardi. Soliqning
ko`p qismi kambag’allar bo`yniga tushardi. Biy va amaldorlar o`z xarajatlarini
qoplash uchun xalqdan qo`shimcha soliqlar undirgan. Harbiy xavf yuz berganda
xalqdan «qozon» (xo`jalik) solig’i undirilgan; yigitlar majburiy harbiy xizmatga
chaqirilardi. Soliqlardan tashqari kambag’allar kanal va ariqlar qazish, sug’orish
inshootlarini tozalashga majburiy safarbar etilardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |